O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-sentabr kuni ayrim soliq va bojxona imtiyozlarini bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlari uchun imtiyozlar bekor qilinadi. Bugungi kunda ular shahar jamoat transportida (taksidan tashqari, shu jumladan, yo‘nalishli) va shahar atrofi poyezdlarida tashishga tatbiq etilmoqda.

Bundan tashqari, shu sanadan boshlab yagona muassislari nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan o‘zlari ishlab chiqargan tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma uchun QQS bo‘yicha imtiyoz bekor qilinadi. Bunda ularning soni va mehnatga haq to‘lash fondi kamida 50 foizni tashkil etishi kerak.

Shuningdek, yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozni bekor qilgan holda, mazkur yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan boshlab isitish va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun to‘lovlarga imtiyozlar bekor qilingandan so‘ng, belgilangan tarifga QQS 12 foizga qo‘shildi. Ilgari ushbu xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha aylanmaga nol darajali stavkada QQS soliq solinishi belgilangan edi.

Iyul oyida prezident tadbirkorlar uchun imtiyoz va subsidiyalar endi maqsadli ko‘rsatkich bilan bir yilga ajratilishini ma’lum qilgan edi.