20-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga yangi tayinlangan 6 nafar xorijiy elchidan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ishonch yorliqlarini topshirganlar: Hindiston (Smita Pant), Janubiy Koreya (Von Do Yon), Mo‘g‘uliston (Daadanxuu Batbaatar), Germaniya (Manfred Xuterer), Isroil (Gideon Lustig) elchilari va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari Toyvo Klaar. Prezident xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini O‘zbekistondagi sharafli va mas’uliyatli faoliyati rasman boshlangani bilan tabrikladi.

Shavkat Mirziyoyev Hindiston elchisi Smita Pantga murojaat qilar ekan, ikki mamlakat yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.

prezident

Smita Pant.

2024-yil boshidan buyon ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar, aviaqatnovlar soni ko‘paymoqda, sayyohlik almashinuvi kengaymoqda, hududlararo aloqalar izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonda Hindiston universitetlarining to‘rtta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Davlat rahbari yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik loyihalarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi. Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va “Hindiston — Markaziy Osiyo” formatidagi muloqotni davom ettirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

O‘zbekiston yetakchisi Koreya Respublikasi Osiyo qit’asidagi vaqt sinovlaridan o‘tgan yaqin do‘st va alohida strategik sherik ekanini ta’kidladi. Prezident Yun Sok Yolning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Koreya hamkorligining yangi bosqichini boshlashga kelishib olindi.

prezident

Yun Sok Yol.

“Toshkentda barpo etilgan Bolalar klinikasi, Koreya madaniyati va san’ati uyi, Seul bog‘i va ko‘chasi mustahkam do‘stligimizning yorqin ramzlariga aylandi, ko‘p millatli xalqimizning ajralmas qismi bo‘lgan salkam 200 ming nafar fuqarolarimizdan iborat koreys diasporasi esa taraqqiyotimizga munosib hissa qo‘shmoqda”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

prezident

Daadanxuu Batbaatar.

Davlat rahbari Mo‘g‘uliston elchisiga murojaat qilar ekan, prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning yaqinda O‘zbekistonga qilgan davlat tashrifi o‘zaro manfaatli munosabatlarimizda yangi sahifa ochganini ta’kidladi. Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi ikki barobar oshdi. Turli vazirlik va idoralar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi.

prezident

Manfred Xuterer.

O‘zbekiston rahbari dunyoning yetakchi davlatlaridan biri, ulkan intellektual va iqtisodiy salohiyatga ega Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va uzoq muddatli hamkori ekanini ta’kidladi. O‘tgan yili Germaniyaga amalga oshirilgan ikkita oliy darajadagi tashrif, shuningdek, Federal Kansler Olaf Sholsning yaqinda O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari tarixida yangi davrni boshlab bergan muhim voqealar bo‘lgani ta’kidlandi.

prezident

Gideon Lustig.

Prezident Isroil O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sherigi ekanini ta’kidladi. Prezident ikki tomonlama hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Xususan, innovatsiyalar, “aqlli” qishloq va suv xo‘jaligi, resurs tejaydigan texnologiyalar, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirdi. Davlat rahbari O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat tez orada adolatli yechim topishi, umume’tirof etilgan hujjatlar asosida uzil-kesil tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishining qat’iy tarafdori ekanini tasdiqladi.

prezident

Toyvo Klaar.

O‘zbekiston prezidenti Yevropa Ittifoqi ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan hamkor ekanligini ta’kidladi.

“Yevropa tomoni bilan siyosiy muloqotlarni faollashtirish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlari masalalarida ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish, iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish, fuqarolarimiz bordi-keldilari uchun viza rejimini yengillashtirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda birgalikda ishlash niyatidamiz”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Marosim yakunida O‘zbekiston prezidenti yangi tayinlangan elchilarga sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, bunyodkorlik ishlari va islohotlar natijalari bilan, ayniqsa, eng chekka tuman va qishloqlarga borib yaqindan tanishishni tavsiya qildi.

O‘z navbatida, xorijiy diplomatlar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi faoliyatini samarali olib borishlariga yaratilgan sharoitlar uchun tashakkur izhor etdi.