Isroil Livandagi “Hizbulloh” obyektlariga eng kuchli ommaviy zarbalaridan birini yo‘lladi, deb xabar qilmoqda CNN. Qator zarbalar payshanba kuni kechqurun, guruh yetakchisi Hasan Nasralla so‘nggi ikki kundagi hujumlar — peyjerlar va portativ ratsiyalar portlashlariga bag‘ishlangan nutqidan bir necha soat o‘tib boshlandi.

Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) aviazarbalar oqibatida Isroil hududiga 1000 ga yaqin raketa uchirishga tayyor bo‘lgan 100 dan ortiq “Hizbulloh” raketa qurilmalari yo‘q qilinganini ma’lum qildi. SAXAL “Hizbulloh”ning “infratuzilmasi va imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarish” bo‘yicha ishlarni davom ettirishini qo‘shimcha qildi.

“Hizbulloh”, o‘z navbatida, Isroil shimolidagi harbiy obyektlarga kamida 17 ta zarba berganini bildirdi. SAXAL bunga izoh bermadi.

“Hizbulloh” rahbari o‘z nutqida “barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tgan” ikki tomonlama hujumlarni qoraladi. Uning aytishicha, guruhga “jiddiy zarba berilgan”, ammo bu javobsiz qolmaydi. Isroil peyjerlar va ratsiyalarning portlashiga aloqadorligini tasdiqlamadi, ammo rad ham qilmadi.

CNN nashrining ta’kidlashicha, Isroilning “shiddatli” hujumlari Yaqin Sharqni yana “keng ko‘lamli mojaro yoqasiga” boshlagan. Isroil allaqachon “Hizbulloh”ga qarshi urushga tayyorligini bildirdi. SAXAL guruhning muntazam hujumlari tufayli evakuatsiya qilingan Isroil aholisini shimoliy chegara yaqinidagi uylariga qaytarishni maqsad qilgan.

BMT Xavfsizlik kengashi juma kuni Livandagi vaziyatni muhokama qilish uchun shoshilinch yig‘ilish o‘tkazishi kerak.