“Temiryo‘linfratuzilma” AJning Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Dashtobod stansiyasi boshlig‘i MCHJ vakilidan 10 ming dollar talab qildi, deya xabar berdi DXX axborot xizmati.

U, jumladan:

  • Tojikistondan O‘zbekistonga olib kelinadigan ko‘mir ortilgan 100 ta yuk vagonini o‘zining tanishlari orqali bojxona ko‘rigidan navbatsiz o‘tkazib berish;
  • stansiyada yukni tushirish jarayonida vagonlar belgilangan vaqtdan ortiq turib qolgan taqdirda, temiryo‘l jarimasini qo‘llamaslik;
  • yuk belgilangan vaqtda tushirib olingani bo‘yicha hujjatni rasmiylashtirib berish evaziga har bir vagon uchun 100 dollardan jami 10 ming dollar so‘ragan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda stansiya boshlig‘i 40 ta vagon uchun 4 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, bu mansabdor muqaddam Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan sudlangan.