Oliy Majlisi Senati 20-sentabrdagi yig‘ilishida ma’rifiy faoliyatni tartibga solish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi, deb xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, yoshlar o‘rtasida “nosog‘lom ma’naviy-ma'rifiy xatti-harakatlar ko‘payib, uning natijasida aholi vakillari, jumladan, yoshlar va bolalar ongi, madaniyati va qarashlariga begona bo‘lgan turli yot g‘oyalar” ortmoqda.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminovning ta’kidlashicha, gap zarur bilim va tajribaga ega bo‘lmagan soxta trener va o‘qituvchilar haqida ketmoqda.

Unga ko‘ra, amaldagi qonunchilikda hisobot, taqdimot, seminar, mahorat darsi, kurs, ma’ruza, marafon va davra suhbati tarzida o‘tkaziladigan faoliyat turlari aks ettirilmagan. “Bu, o‘z navbatida, farzandlarimizning ma’rifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — dedi u.

“Ta'lim to‘g‘risida"gi qonunga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilmoqda.

Ma’rifiy faoliyatning bunday harakat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirilishi yoxud qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun fuqarolarga BHMning 5 dan 10 baravarigacha (1,7 milliondan 3,4 million so‘mgacha), mansabdorlarga esa — 10 dan 15 baravarigacha (3,4 milliondan 5,1 million so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilishi fuqarolarga — BHMning 10 dan 15 baravarigacha, mansabdorlarga esa — 15 dan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonun ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, uni amalga oshirish talablari va shartlarini, ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishi taqiqlangan shaxslar doirasini belgilaydi hamda jamiyatda ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishda mavjud muammo va to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qonunchilik palatasi tomonidan ilgari qabul qilingan qonunga ko‘ra, ma’rifiy faoliyat insonni shaxsiy, intellektual va ma’naviy rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatni namoyon etish, individual salohiyat va imkoniyatlari, muloqot qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan hamda davlat ta’lim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi hisoblanadi.

Ma’rifiy faoliyatning respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Qonun loyihasida ma’rifiy faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxati ham belgilab berilgan.

Ma’rifiy faoliyatini o‘tkazish tartibi, uning shakllari, talablari va shartlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Qonun kuchga kirishi uchun uni prezident imzolashi kerak.