Oliy Majlisi Senati 20-sentabrdagi yig‘ilishida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima to‘lash tartibini o‘zgartirishga doir qo‘shimchalarni ma’qulladi, deb xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Kutbidin Burxanovning aytishicha, amaldagi qonunchilikda foto va videoyozuvlar orqali aniqlangan qonunbuzarliklarni jarima to‘lash bo‘yicha qaror qabul qiluvchi organlarga yuborishning aniq muddatlari belgilanmagan. Shu sababli YHXX xabarnomani bir necha kun ichida, ba’zi hollarda esa YHQ buzilgan paytdan bir necha oy o‘tib olmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ayrim fuqarolarning to‘plangan jarimalarni to‘lashda qiynalishiga olib kelmoqda, chunki amalda ular qonunbuzarlik haqida o‘z vaqtida ma’lumot olgan taqdirdagina jarimaning 50 foizini to‘lashi mumkin.

Shu munosabat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17−1-moddasi foto va videofiksatsiyalar orqali aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha o‘z vaqtida fuqarolarni xabardor qilish hamda chora ko‘rish to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirildi, dedi senator.

YHQni buzganlik haqidagi ma’lumot 48 soat ichida YHXXga yuborilishi shartligi, aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi ko‘rib chiqilmoqda.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev Qonunchilik palatasining aprel oyida bo‘lib o‘tgan majlisida radar qayd etgan qoidabuzarlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar 48 soat muddat ichida vakolatli organga yetkazilishi shartligiga, YHXX esa 15 kundan kechiktirmay jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerakligiga oydinlik kiritgandi. Aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyidan boshlab yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq qaror va xabarnomalar bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali shikoyat yo‘llash mumkin bo‘ldi.