Qirg‘iziston Jogorku Keneshining bir guruh deputatlari huquq-tartibot idoralari xodimlari ishini obro‘sizlantiradigan surat va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etishni taklif qildi. Parlament saytida Qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga (QTK) o‘zgartirishlar kiritishga doir qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasi mualliflari, xususan, QTKning huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik to‘g‘risidagi 128-moddasiga o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining ishini “obro‘sizlantirish maqsadida” surat va videoga olish hamda ularni internetda tarqatish to‘g‘risidagi bandni kiritish rejalashtirilmoqda.

“Ushbu xatti-harakatlar nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining sha’ni va qadr-qimmatini obro‘sizlantiradi, balki butun davlat imijiga jiddiy zarar yetkazadi”, — deyiladi hujjat ma’lumotnomasida.

Agar o‘zgartirishlar qabul qilinsa, ushbu huquqbuzarliklar uchun fuqarolar 50 hisoblangan ko‘rsatkich — 5000 so‘m (60 dollar) miqdorida jarimaga tortiladi yoki 5 dan 7 sutkagacha qamoqda saqlanadi.

Tuzatishlar tashabbuskori bo‘lgan deputatlar orasida Qirg‘iziston IIV vaziri sobiq o‘rinbosari Suyun Omurzokov ham bor, deya aniqlik kiritdi Kloop.kg.

  • O‘zbekistonda ham huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” faoliyati haqidagi fotosuratlar va videolavhalarni e’lon qilganlik uchun jazo joriy etish taklif etilgandi. Avgust oyida Senat qonun loyihasini rad etdi va uni qayta ko‘rib chiqish uchun qaytardi.