Oliy Majlis Senati juma kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Hujjat psixologik yordam ko‘rsatishga qo‘yiladigan talablarni buzganlik uchun javobgarlikni belgilaydi va bir qator boshqa talablarni nazarda tutadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha normalar bilan to‘ldirilmoqda. Jarima fuqarolar uchun BHMning 5 baravaridan 10 gacha, mansabdor shaxslar uchun esa 10 dan 15 baravargacha bo‘ladi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekistondagi 10 ta oliy ta’lim muassasasida “Psixologiya”, 19 ta OTMda “Pedagogika va psixologiya” ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari, oliy tibbiy ta’lim muassasalarida “Tibbiy psixologiya” va “Tibbiy psixoterapiya” mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Maktabgacha ta’lim tizimida 2,5 mingdan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 13 mingdan ziyod pedagog-psixologlar faoliyat olib bormoqda.

Shu bilan birga, psixologiya yo‘nalishida maslahat berish, onlayn va oflayn formatda o‘quv, trening, seminarlar o‘tkazish orqali xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati ham keng tarqalgan.

Qonun bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari hamda standartlari belgilanmoqda.

Psixologik yordam ko‘rsatish standartlarida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi hamda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbari psixologiya sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilash, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalarini aniqlashtirish, aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish ko‘zda tutilyapti.

Shuningdek, qonunda psixologiya yo‘nalishidan boshqa oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanishdan avval psixologiya mutaxassisligi uchun qayta tayyorlovdan o‘tishi kerakligi belgilanmoqda.

“Bu tizim alohida qonun bilan tartibga solinayotgani — mazkur masala ijtimoiy siyosatimizning muhim yo‘nalishiga aylanayotganidan dalolat beradi. Eng asosiysi, Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi belgilab qo‘yilgan. Mana shu ijtimoiy davlat tamoyillariga to‘liq javob beradi. Ayniqsa, qonunda davlat tomonidan bepul psixologik yordam kafolatlanadigan shaxslar toifalari aniq ko‘rsatib o‘tilgani qonunning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi”, — dedi Senat raisi.

Eslatib o‘tamiz, Qonunchilik palatasi mazkur qonunni 23-iyul kuni qabul qilgan edi.