Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1-sinf o‘quvchisi onasi va qarindoshlari tomonidan kuch ishlatilib sinfdan olib ketildi. Bu holat aks etgan video tarmoqlarda tarqaldi.

Bolalar ombudsmani ma’lum qilishicha, 2024-yilning 5-sentabr kuni Ellikqal’a tumanidagi 28-maktabning 1-sinf o‘quvchisi X.Yo. (o‘g‘il bola)ning onasi S.Sh. dars jarayonini buzgan holda sinfga kirib borib, o‘qituvchi uni to‘xtatishga urinishiga qaramasdan, kuch ishlatib majburan o‘g‘lini sinfdan olib ketgan.

Holat yuzasidan S.Sh va boshqa shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid tegishli hujjatlar to‘planib, sudga yuborilgan. 20-sentabr kuni mazkur ish sudda ko‘rib chiqilishi qayd etildi.

“Ushbu vaziyat bolaning kim bilan yashashiga oid qarindoshlar o‘rtasidagi nizo oqibatida yuzaga kelgan bo‘lib, mazkur masala yuzasidan hujjatlar sud tartibida hal qilinishi uchun taqdim etilgan. X.Yo.ning hozirda ta’lim olish huquqi tiklanib, bola maktabda o‘qishini davom ettirmoqda”, — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot berilish ta’kidlandi.