Senatning 57-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun ko‘rib chiqildi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 16-iyul kuni qabul qilingan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda hamon saqlanib qolayotgan tizimli muammolarni hal etish va aholiga qulaylik yaratish hamda qonunlarga hurmat hissini shakllantirish maqsadida o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17−1-moddasi oltinchi qism bilan to‘ldirilib, unda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora ko‘rish bilan bog‘liq yangi norma kiritilmoqda. Bunda yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi, aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda tez tibbiy yordamga va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xizmatlariga muhtoj fuqarolarga ushbu yordam va xizmatlar zudlik bilan ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida tez tibbiy yordam hamda yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari katta tezlikda yoki yo‘l belgilariga rioya etmay harakatlanishi bilan bog‘liq holatlar mavjud. Bunday holatlar, o‘z navbatida, avtomatlashtirilgan foto- va video texnik vositalar orqali qayd etilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17−1-moddasiga asosan yuqorida ko‘rsatilgan holat yuzaga kelgan hollarda, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xizmatlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, ma’muriy ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi asosida tugatilishi belgilangan.

Muhokama qilingan qonun orqali amaliyotga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinmoqda.

ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, skuterlar, velosiped, yuk mashinalari

Qayd etilishicha, Toshkent shahrida 2023-yil iyun oyidan boshlab o‘tkazilgan reyd tadbirlarida individual harakatlanish vositalari boshqaruvchilari tomonidan 200 dan ortiq yo‘l harakati qoidalari buzilganligi aniqlangan.

Shu sababli skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek individual harakatlanish vositalarining va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Individual harakatlanish vositalariga dvigatel (dvigatellar) (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirakva boshqa shunga o‘xshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishiuchun mo‘ljallangan bir yoki bir nechta g‘ildiraklari (roliklari) bo‘lgan transportvositasi kiradi.

Qonun bilan yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.

ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, skuterlar, velosiped, yuk mashinalari

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yo‘lning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan.

Majlisda ta’kidlanishicha, ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmagani sababli aksariyat hollarda haydovchilar yo‘llarning chap qatorlarida bemalol harakatlanishmoqda va bu holat avtomobil yo‘llarida tirbandliklarga va avariya holatlari sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Aynan shu jihatlarni e’tiborga olgan holda qonunda yuk avtomobillari yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganligi (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

“Yangidan yangi transport vositalari, elektrosamokat, skuterlar ommalashyapti. Yoshlarimizning ularga ishtiyoqi baland. Afsuski, individual harakatlanish vositalari bilan bog‘liq qoidabuzarliklarning soni hozir kam emas. Yuqorida bu bo‘yicha aniq raqamlar keltirildi. Shu jihatdan qaraganda, kiritilayotgan normalar yo‘llarda, kim bo‘lishidan qat’i nazar u xoh haydovchi bo‘lsin, xoh yo‘lovchi yoki piyoda inson hayoti va sog‘lig‘ini asrashga qaratilgan. Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu normalarning ma’no-mohiyatini tushuntirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratish kerak”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.