20-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevga sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar to‘g‘risida axborot berildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda, birinchi navbatda, ommaviy sportni va olimpiya harakatini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Parijda bo‘lib o‘tgan olimpiada va paralimpiada sovrindorlari bilan uchrashuvda davlat rahbari 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan o‘yinlarga hozirdan tayyorgarlik ko‘rish, yo‘llanmalar soni va turini ko‘paytirish zarurligini ta’kidlagan edi.

Shundan kelib chiqib, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari tomonidan sport turlari bo‘yicha foydalanilmagan imkoniyatlar yana bir bor tanqidiy tahlil qilindi, deyiladi xabarda.

Prezident Olimpiya o‘yinlarida yengil atletika bo‘yicha 48 ta, suv sporti turlarida 49 ta dastur mavjudligi, lekin o‘zbekistonlik sportchilar bor-yo‘g‘i 5 va 4 ta yo‘llanma bilan qatnashganini aytdi.

Ta’kidlanishicha, tennis, o‘q otish, gimnastika, velosport bo‘yicha federatsiyalar ham, sharoit ham bor. Yunon-rum kurashi, ot sporti, qilichbozlik, eshkak eshish bo‘yicha hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlarini ham rivojlantirish zarur.jismoniy tarbiya, ommaviy sport, prezident, sport

Shavkat Mirziyoyev mazkur sport federatsiyalari ishini jonlantirish, o‘quv-mashg‘ulotlar tizimini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgiladi.

Bundan tashqari, mahallalarda seleksiya ishlarini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni professional etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Keyingi yilgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlaridan so‘ng Toshkentda qurilayotgan Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun “Aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan ma’muriy boshqaruv tashkil etiladi.

U sport majmualarini saqlash, jihozlar va texnik tizimlar holatini kuzatib borish, zarur hollarda ta’mirlash bilan shug‘ullanadi. Ustuvor sport turlari bo‘yicha yillik reja tasdiqlanib, hududlardagi sportchilarning Olimpiya shaharchasida o‘quv-mashg‘ulot o‘tkazishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, bu tuzilmaga ommaviy tadbirlarni tashkil etish, ijara va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish huquqi beriladi.

Bugungi kunda xokkey bo‘yicha 4 ta sport klubi va 3 ta sport inshooti mavjud. Yig‘ilishda ushbu sport turini rivojlantirish, keyinchalik Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasini qurish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Davlat rahbari aholini jimoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etish, xalqaro musobaqalarga tizimli tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi.