Surxondaryo viloyatida maishiy chiqindilarni olib ketish bilan shug‘ullanuvchi “Toza hudud” korxonasi aholiga yetarlicha xizmat ko‘rsatmay, 3,2 mlrd so‘m ortiqcha pul olgani uchun moliyaviy jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

O‘rganish va tahlillarda mazkur viloyat “Toza hudud” DUK tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilmasdan (tasdiqlamasdan) yoki kelishib olmasdan qo‘llanilishi natijasida 522,6 mln so‘m, ko‘rsatilmagan xizmat uchun 2,7 mlrd so‘m — jami 3,2 mlrd so‘m ortiqcha daromad olgani aniqlandi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasi, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 722-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomi talablari buzilgani alomatlari bilan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga (“Toza hudud”) nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llandi.

Shuningdek, 3,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.

Raqobat qo‘mitasi avvalroq Sirdaryo viloyatidagi “Toza hudud” korxonasi salkam 150 ming iste’molchiga nisbatan 528,6 mln so‘m miqdorida ortiqcha to‘lovlar hisoblaganini aniqlagandi.