Senatning 21-sentabr kuni o‘tgan 57-yalpi majlisida “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 16-iyul kuni qabul qilingandi.

Qonun Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgani ta’kidlandi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda.

Ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat ishni sudda ko‘rish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilanmoqda.

“Bizning milliy, diniy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli, tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Huquqiy asoslar mustahkamlanyapti. Lekin bu normalar ularning amaliyoti bilan qadrli. Amaliy jihatdan qonunlarni ishlatish masalasini kuchaytirish lozim. Chunki, ko‘z yumib bo‘lmaydigan tashvishli faktlar, raqamlar mavjud. Ularni inobatga olgan holda, Senat oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralarini kuchaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

“Aytish joizki, himoya orderi berilishi — bu ishimiz bitdi degani emas. Bu zo‘ravonlikka qarshi kurashish ishining boshlanishi. Tuzatish dasturini ishlab chiqib, individual tarzda bizga yot bo‘lgan illatlarga qarshi ishlashimiz kerak. Bu masalalar yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi amaliy ishlarni boshladi. Agentlik atrofida barcha mutasaddi vazirlik va idoralar birlashib ishlashi talab etiladi”, — deya qo‘shimcha qildi rais.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.