O‘zbekiston milliy terma jamoasi futzal bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichi so‘nggi — 3-tur o‘yinida Kosta-Rikaga imkoniyatni boy berdi. 20-sentabr kuni Toshkentdagi “Humo Arena”da bo‘lib o‘tgan uchrashuv 5:3 hisobida Lotin Amerikasi vakillari g‘alabasi bilan tugadi.

Kosta-Rika birinchi bo‘limni 2:1 hisobida o‘z foydasiga yakunladi. Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston 30-daqiqaga kelib oldinga chiqib oldi (3:2), ammo 32-daqiqada Ixtiyor Ropiyev ikki daqiqa ichida bir necha qoidabuzarlik qilib, ikkinchi sariq kartochkani oldi va maydondan chetlatildi. Shundan so‘ng Kosta-Rika uch gol urib, g‘alabani ilib ketdi.

Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichi 1-turida O‘zbekiston Niderlandiya bilan 3:3 hisobida durang o‘ynagan, 2-turda esa Paragvayga 1:4 hisobida imkoniyat boy bergandi. Shu tariqa milliy terma uch o‘yindan so‘ng 1 ochko jamg‘arib, “A” guruhida oxirgi o‘rinni egalladi.

Ayni vaqtda ushbu guruhdan uchta jamoa — guruh g‘olibiga aylangan Paragvay, so‘nggi turda Paragvayni mag‘lub etgan Niderlandiya, shuningdek, eng yaxshi natija ko‘rsatgan 3-o‘rin egalaridan biri sifatida, Kosta-Rika pley-offga chiqdi.

O‘zbekiston — Kosta-Rika 3:5

Gollar: Edvin Kubilo (4), Yosel Leon (20), Diyego Chavarriya (32), Minor Kabalseta (33), Jan Salas (38) — Mashrab Odilov (14), Ilhomjon Hamroyev (27), Samariddin Berkinov (30).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Minor Kabalseta (Kosta-Rika).

Boshqa uchrashuvlar

20-sentabr kuni jahon chempionatining “A” va “B” guruhlarida quyidagi uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi:

“A” guruhi, 3-tur uchrashuvi
Niderlandiya — Paragvay 5:2
Gollar:
Yordani Martinus (7), Xordi Krete (8, 35), Muhammad Shih (28, 37) — Pedro Paskottini (17), Lukas Suares (23).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Manuel Kuiyk (Niderlandiya).

“B” guruhi, 3-tur uchrashuvlari
Tailand — Braziliya 1:9
Gollar:
Muhammad Osamanmusa (20) — Marsel (6, 20, 36), Felipe Valeriu (11), Pito (23, 31), Marlon (24), Kritsada Vongkayeo (27, avtogol), Ferrao (37).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Pito (Braziliya).

Kuba — Xorvatiya 0:7
Gollar:
Kristian Sekol (2, 27), Niko Vukmir (13), Luka Perich (23, 31), Dario Marinovich (25), David Mataya (31).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Kristian Sekol (Xorvatiya).

Turnir haqida

14-sentabr kuni boshlangan futzal bo‘yicha jahon chempionati O‘zbekistonning Andijon, Buxoro va Toshkent shaharlarida 6-oktabrga qadar davom etadi. Turnirda 24 jamoa ishtirok etmoqda.

Olti guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan 12 jamoa, shuningdek, 3-o‘rinni egallagan to‘rtta eng yaxshi jamoa turnirning pley-off bosqichiga yo‘l oladi.

2021-yili Litvada bo‘lgan va Portugaliyaning chempionligi bilan tugagan jahon chempionatida O‘zbekiston o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etgan — terma jamoa guruhdan keyingi bosqichga chiqqan, ammo chorak final uchun o‘yinda Eronga mag‘lub bo‘lgan.