21-sentabr kuni Andijon va Toshkentda futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionati guruh bosqichi 3-turidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi va ularning barida yirik hisoblar qayd etildi. Eslatib o‘tamiz, bir kun avval O‘zbekiston terma jamoasi Kosta-Rikaga mag‘lub bo‘lib, musobaqadagi yurishini to‘xtatgan edi.

Jumladan, dastlabki ikki tur uchrashuvlarini Andijonda o‘tkazgan Qozog‘iston terma jamoasi guruhdagi so‘nggi o‘yinda Toshkentda Yangi Zelandiyaga qarshi maydonga chiqdi. O‘yin qozoqlarning 10:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.

Gollarning yarmi Arnold Knaub hisobiga yozildi. FIFAning qayd etishicha, futzal bo‘yicha jahon chempionatlaridagi oxirgi fleshlar 2016-yili Kolumbiyada bo‘lgan mundialda bo‘lgan. Qizig‘i, 8 yil hech kim takrorlay olmagan ko‘rsatkich, Knaubning beshgolidan bir yarim soat o‘tar-o‘tmas, Andijonda qayd etildi.

21-sentabr, shanba
“D” guruhi, 3-tur uchrashuvlari
Qozog‘iston — Yangi Zelandiya 10:0
Gollar:
Rinat Turegazin (9), Akjo‘l Daribay (12), Arnold Knaub (15, 16, 21, 23, 37), Leo (21, 30), Logan Visnevski (31, avtogol).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Arnold Knaub (Qozog‘iston).


Migel Melyado xet-trik qayd etib, uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisiga aylangan bahsda Ispaniya Liviya darvozasiga 8 ta javobsiz gol urdi. FIFAning yozishicha, bu ispanlarning so‘nggi 20 yilda jahon chempionatlarida erishgan eng yirik g‘alabasidir.

Foto: FIFAFoto: FIFA

Liviya — Ispaniya 0:8
Gollar:
Migel Melyado (9, 16, 28), Adolfo Fernandes (10), Fransisko Kortes (15, 29), Katela (19), Xesus Gordilo (32).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Migel Melyado (Ispaniya).

futzal bo‘yicha jahon chempionati 2024


Ukraina mundialni Argentinaga qarshi og‘ir o‘yin (1:7 hisobidagi mag‘lubiyat) bilan boshlagan bo‘lsa-da, oxir-oqibat nimchorak finalchilar qatoridan o‘rin ola bildi va endi 24-sentabr kuni Niderlandiyaga qarshi, FIFAning qayd etishicha, favorit maqomida maydonga chiqadi.

Foto: FIFAFoto: FIFA

Afg‘onistonliklar biroz ehtiyotkorroq o‘yin ko‘rsatganida, ehtimol, 3-o‘rin bilan bo‘lsa-da, bugunoq pley-off yo‘llanmasini hal qilib ulgurgan bo‘lardi, ammo ularning gol urishga bo‘lgan ishtiyoq Ukrainaning qarshi hujumlarini o‘tkazib yuborish bilan tugadi. Afg‘onlarning bu yurishidan yutgan faqat Xorvatiya bo‘ldi — kechadan beri taqdiri nima bo‘lishini kutib yotgan “B” guruhi vakili, mana, 3-o‘rin bilan nimchorak finalga chiqdi.

“S” guruhi, 3-tur uchrashuvlari
Ukraina — Afg‘oniston 4:1
Gollar:
Yevheniy Juk (15), Danil Abakshin (16), Mixaylo Zvarich (37), Ihor Korsun (38) — Mehran G‘ulomiy (26).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Danil Abakshin (Ukraina).


Yuqorida tilga olingan Arnold Knaubning bir o‘yinda besh gol urish borasidagi tarixiy ko‘rsatkichi aynan Angola — Argentina o‘yinida takrorlandi. Argentinalik Alan Brandi o‘yin davomida Afrika vakili darvozasiga beshta gol urdi. U yana ikki gol ursa, umuman jahon chempiontlari tarixidagi eng sermahsul 10 futzalchi qatoriga kiradi.

Bu o‘yinda boshqa bir qiziq holat ham kuzatildi: argentinalik Anxel Klaudino ikki daqiqa ichida ham Angola darvozasiga, ham o‘z darvozasiga gol urdi.

Angola — Argentina 5:9
Gollar:
Jo (1, 2, 10), Anxel Klaudino (32, avtogol), Aderito (33) — Alan Brandi (7, 17, 34, 34, 35), Kristian Borruto (13), Kevin Areta (18), Lukas Tripodi (31), Anxel Klaudino (33).
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi: Alan Brandi (Argentina).

futzal bo‘yicha jahon chempionati 2024

Navbatdagi uchrashuvlar

22-sentabr, yakshanba
“Ye” guruhi, 3-tur uchrashuvlari
17:30. Toshkent.
Marokash — Portugaliya
17:30. Buxoro
Panama — Tojikiston

“F” guruhi, 3-tur uchrashuvlari
20:00. Buxoro
Fransiya — Eron
20:00. Toshkent
Venesuela — Gvatemala