Senatning 57-yalpi majlisida O‘zbekiston Oliy sudi raisining o‘rinbosarlari saylandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining taqdimnomasi va Oliy Majlis Senatining tegishli qaroriga asosan Ikram Tuxtamuratovich Muslimov besh yil muddatga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari — sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylandi.
Ilgari u Oliy sud raisining o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimida ishlab kelgan. Robaxon Mahmudova lavozimidan ozod etilganidan so‘ng yanvar oyidan buyon ushbu lavozim bo‘sh turgandi. U “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi raisi bo‘lgan.
Olimjon Xamitovich Ismailov besh yil muddatga Oliy sud raisining o‘rinbosari — sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylandi.
Bungacha u Toshkent viloyati sudi raisining o‘rinbosari — Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimlarida ishlab kelgan. Mazkur lavozim iyun oyida Xalilillo To‘raxo‘jayev Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi etib saylanganidan so‘ng bo‘shab qolgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov hisoblanadi. U 2022-yil avgustda ushbu lavozimga saylangan.