Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot bilan tanishdi.

2025-yilda Toshkent shahrida yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun poytaxtda 104 gektar maydonda Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev yaqinda shaharchaga tashrifi chog‘ida bu majmua mamlakat sportining ilmiy, amaliy va o‘quv-mashg‘ulot markaziga aylanishi lozimligini ta’kidladi.

Osiyo o‘yinlaridan so‘ng, Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun “Aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan ma’muriy boshqaruv tashkil etiladi. U sport majmualarini saqlash, jihozlar va texnik tizimlar holatini kuzatib borish, zarur hollarda ta’mirlash bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, ustuvor sport turlari bo‘yicha yillik reja tasdiqlanib, hududlardagi sportchilarning Olimpiya shaharchasida o‘quv-mashg‘ulot o‘tkazishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, bu tuzilmaga ommaviy tadbirlarni tashkil etish, ijara va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish huquqi beriladi.

Sport vaziri Adham Ikromov shaharchani samarali ekspluatatsiya qilish uchun “Prezidentning alohida farmoni asosida” Xitoy va boshqa davlatlar tajribasi asosida boshqaruv kompaniyasi jalb etilishini ma’lum qildi.