Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonunida tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiyaning xulosasiga asosan xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega ekani belgilangan. Bunda sog‘liqni saqlash amaliyotida tashxis qo‘yish va davolashning faqat qo‘llashga ruxsat etilgan usullaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

Shu bilan birga qonunchilikda xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatganlik, shuningdek, xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan.

Senatda ta’kidlanishicha, buning oqibatida fuqarolar soxta tabiblarning qurboniga aylanmoqda, bunday xizmatlarning oqibatlari esa fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qonun bilan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatganlik, shuningdek xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 59−5-moddasiga muvofiq, Xalq tabobati sohasida faoliyat olib borish uchun tegishli huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatish hamda mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilish, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 20 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, qonun bilan mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilmoqda.

Xususan, xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatish, shuningdek, mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilish, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi haqidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilishni taqiqlovchi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.