2023-yilda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keldi, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar ortdi.

Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Oliy Majlis Senatining shanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi uchinchi milliy ma’ruzasida ma’lum qildi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan shaxslarning aksariyati maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari, tijorat banklari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari hamda hokimliklar xodimlari hisoblanadi.

акмал buрханов, коррупсияga qarshi кураш

Agentlik matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar soni 2022-yilga nisbatan 12 foizga (7414 nafardan 6535 nafarga), jinoyatlar soni esa 11 foizga (4607 tadan 4128 ga) kamaygan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar miqdori ham o‘tgan yilga nisbatan 608 mlrd so‘mga (2,04 trln so‘mdan 1,4 trln so‘mga) yoki 29 foizga kamaygan. Hozirda ularni to‘liq qoplash choralari ko‘rilmoqda.

Yil boshida Bosh prokuratura 2023-yilda 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgandi, bu avvalgi yilga nisbatan 14,7 foizga ko‘p degani. Katta farq bilan yetakchilik qilayotgan asosiy jinoyat turi mulkni o‘g‘irlashdir. Respublika darajasidagi amaldorlar 2022-yilga nisbatan 55 foizga kam hukm qilingan. Lavozim jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga, hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,546 trln so‘m (2022-yilda — 1,12 trln so‘m) miqdorida zarar yetkazilgan.

Akmal Burxanov korrupsiyaga oid jinoyatlar kamayishiga erishish omillari sifatida yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi, xalqaro standartlar milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi va davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash chora-tadbirlarini qayd etdi.

Hozirda 117 ta vazirlik va idorada ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, agentlik tomonidan har chorakda kamida bir marta xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda ichki nazorat tuzilmalari xodimlari uchun malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, ular tomonidan o‘tkazilgan 4349 ta nazorat tadbirlarida 342,6 mlrd so‘m mablag‘larni talon-toroj qilish va 928,9 mlrd so‘mlik moliyaviy qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. 953,4 mlrd so‘mlik mablag‘larning noqonuniy sarf etilishining oldi olinib, 372 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlar davlat idoralari hisobiga undirilgan.

Shu bilan birga, 20 ta davlat tashkilotida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan, 13 tasida ichki nazorat tizimi samarali faoliyat ko‘rsatmayapti.

Xususan, Andijon va Surxondaryo viloyati hokimliklari, Tashqi ishlar vazirligi, Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan.

Korrupsiya xavfi darajasini baholashda 92 ta vazirlik va idoralarning 7525 ta funksiyalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi baholanib, ularning 495 tasi “yuqori”, 1 541 tasi “o‘rta” va 5 489 tasi “past” toifalarga ajratilgan. Shuningdek, E-anticor platformasida davlat tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha dasturlari va korrupsiya xavf-xatari yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati shakllantirilgan.

2023-yilda agentlik tomonidan 307 normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 174 tasida 413 ta korrupsiyaviy omil aniqlandi hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiquvchilarga yuborilgan.

Senat a’zolari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni yanada takomillashtirishga qaratilgan qator takliflarni bildirdi. Xususan, jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlarida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash taklif etildi.

Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatilishini oldini olish zarur.