Veolia Energy Tashkent xalq deputatlari Toshkent shahi kengashining aholi va yuridik shaxslar (budjet tashkilotlari bundan mustasno) uchun issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarini 15 foizga oshirish to‘g‘risidagi qaroriga izoh berdi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, tariflarning oshishiga issiqlik va issiq suv ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan gaz va elektr energiyasi narxlarining oshishi ta’sir ko‘rsatgan.

“2023-yilda korxonalar uchun elektr energiyasi tariflari bir necha barobarga oshdi. Ushbu qo‘shimcha harajatlarni qoplash uchun 2023-yil 2-dekabrdan boshlab budjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun tariflar oshirildi”, — deyiladi xabarda.

“Ammo shunga qaramay, 2023/2024-yilgi isitish mavsumi tugagunga qadar aholi uchun tarif o‘zgarishsiz qoldi. 2024-yil 2-apreldan boshlab tarif 15 foizga oshdi, shunda ham bu energiya resurslari narxining o‘sish sur’atidan sezilarli darajada past. Bu 2019-yildan buyon aholini tarifini ilk oshishi edi. Ko‘rib turganingizdek, biz narxlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tariflar o‘sishini asta-sekin va bir maromda amalga oshirishga intilmoqdamiz”, — deya qayd etdi Veolia.

Ta’kidlanishicha, amaldagi aholi tarifi, bazaviy tarifning 16 foizini qoplaydi. Kutilayotgan 15 foiz o‘sishdan keyin esa 18 foizini qoplay boshlaydi. Qolgan qismi doimgidek davlat subsidiyalari bilan qoplanadi.

Yangi tariflar qachon kuchga kiradi?

Kengashning qarori — yangi tarifni tasdiqlash va qo‘llash bo‘yicha oraliq bosqich hisoblanadi. So‘ngra u ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar hokimiga yuboriladi. Hokim qarorining loyihasi tanishish va jamoatchilik muhokamasi uchun www.regulation.gov.uz portalida e’lon qilinadi. Muhokama muddati — 15 kun.

Yakuniy qarorni Toshkent shahar hokimi imzolaydi. Tariflar mazkur qaror e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun o‘tgach kuchga kiradi.

“Biz tariflarning oshirilishi katta yuklama ekanligini tushunamiz. Ammo Veolia Energy Tashkent kompaniyasi hamma kabi tannarximizni tashkil etuvchi energiya narxiga bog‘liqligini inobatga olishingizni so‘raydi. Tariflarni oshirish majburiy qadamlardan biri. Biz iqtisodiy voqelik va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash o‘rtasidagi muvozanatni saqlab qolish uchun imkonimiz doirasidagi barcha choralarni amalga oshirmoqdamiz”, — dedi kompaniya.

Fevral oyida Veolia Energy Tashkent kompaniyasi kengashga Toshkent shahri aholisini issiq suv va issiqlik bilan ta’minlash tarifini 15 foizga oshirishni taklif qilgan edi. Korxona rahbarining aytishicha, shahar aholisi bazaviy tarifning atigi 14 foizini to‘laydi, qolgani esa shahar budjetidan subsidiya shaklida qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxt budjeti barcha xarajatlarining to‘rtdan bir qismi issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchilarga aholiga ko‘rsatilgan issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash xarajatlariga yo‘naltiriladi. 2024-yilda buning uchun 1,97 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan, bu 2023-yil prognozidan (1,6 trln so‘m) 22,8 foizga ko‘pdir.