“Gazeta.uz” O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025−2029-yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturini taqdim etadi.

“Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostida faoliyat yurituvchi partiyaning bosh maqsadi “qudratli davlatga tayangan, qonunlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, inson qadri baland jamiyat qurish”.

1. Barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish (Ta’lim va tarbiya — taraqqiyot poydevori)

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi mamlakatda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan siyosatning mazmun-mohiyatini teran anglagan holda “Tarbiya yo hayot, yo mamot” g‘oyasini hayotga tatbiq etishning asosiy maqsadi hazrati insonning o‘z salohiyatini ruyobga chiqarish uchun sharoitlar yaratishda, deb biladi. Inson o‘z salohiyatini ruyobga chiqarishi uchun, birinchi navbatda, ta’lim olishi, ma’naviy, madaniy salohiyatini oshirib borishi, jismoniy kamolotga erishishdek fundamental huquq va erkinliklaridan to‘laqonli foydalanishi talab etiladi.

Partiya bu maqsadlarga erishishda mamlakatimizda qabul qilingan huquqiy asoslarga, o‘tgan davrda to‘plangan amaliy tajribaga, xalqimizning ma’naviy va moddiy kamolotiga hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan manba sifatida qaraydi hamda o‘z faoliyatida uni muttasil rivojlantirib, boyitib borishni tabiiy zarurat, deb hisoblaydi.

1.1. Ma’naviy tarbiya va sifatli ta’lim

Tarbiya va ta’lim o‘zaro mutanosib, bir-birini to‘ldiruvchi jarayon, ularni ajratib bo‘lmaydi. Ta’lim jarayonida tarbiya, tarbiya jarayonida esa ta’lim o‘zini namoyon etib turadi. Bu ikki jarayonni o‘zaro uyg‘un, uzluksiz asosda tashkil etish odobli, yuksak ma’naviyatli, shu bilan birga, bilimdan, zukko, ruhan va jismonan sog‘lom, axloqiy fazilatlarga, keng dunyoqarash va tafakkurga, zamonaviy kasb hunarga ega bo‘lgan vatanparvarlarni tarbiyalash va voyaga yetkazishning asosi hisoblanadi.

Yangi O‘zbekiston islohotlari davrida ta’lim-tarbiya tizimida tarbiyaning o‘rni sezilarli darajada oshganini e’tirof etish barobarida, hali tizim yetarli darajada takomillashtirimagani sababli, bu jihatni millat taraqqiyoti uchun hayot-mamot masalasi, deb biladi. Ana shu talabdan kelib chiqib, “Tarbiya” darsligini jiddiy takomillashtirish lozim, deb hisoblaydi. Tarbiyani jiddiy ilmiy tadqiq qilish, oila, bog‘cha va maktabda singdirilishi zarur bo‘lgan milliy qadriyatlar va ko‘nikmalarni aniqlash hamda ularni samarali singdirish metodologiyalarini ishlab chiqish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

“Milliy tiklanish” yuqoridagi talablardan kelib chiqib, milliy tarbiya asoslari va milliy ta’lim dasturlarini rivojlantirish, uzluksiz tarbiya va ta’lim uyg‘unligining huquqiy asoslarini takomilga yetkazish choralarini ko‘rishni ustuvor vazifa, deb hisoblaydi.

Ushbu maqsadda maktabgacha va maktab, kasb-hunar, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limni rivojlantirishda quyidagi choralar ko‘riladi:

1.1.1. Maktabgacha va maktab ta’limi

  • “Yangi avlod tarbiyachi va pedagoglarini tayyorlash davlat dasturi”ni qabul qilish, shuningdek pedagogikaga layoqati bor maktab bitiruvchilarini saralash va davlat buyurtmasi asosida o‘qishini tashkil etish;
  • 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun va umumilliy qadriyatlarga tayangan milliy video mahsulotlar kontentini yaratish;
  • tarbiyachi va o‘qituvchilarni ishga qabul qilish va faoliyati jarayonida ularning oldingi ish faoliyatini o‘rganish, psixologik testlardan o‘tkazish tartibini joriy etish;
  • maktabgacha ta’lim va boshlang‘ich ta’limning 1-sinflarida ona tili bilan birgalikda davlat tilini ham o‘rgatish, 6-sinfdan tanlov asosida ikkita xorijiy tilni o‘rganishini yo‘lga qo‘yish;
  • boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilimini baholash tizimini isloh qilish;
  • umumta’lim maktablarida jismoniy tarbiya fani doirasida xalq o‘yinlari bilan shug‘ullanishni yo‘lga qo‘yish;
  • E-maktab (Kundalik.com) tizimini tubdan isloh etish;
  • maktablarda rahbarlarni saylash-tayinlash tizimini takomillashtirish, ko‘pi bilan 5 yillik 2 muddatga rahbar lavozimida ishlashga ruxsat etish;
  • maktablarga pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilishning shaffof tizimini joriy etish;
  • o‘qituvchilar faoliyatiga baho berishning videokuzatuvga tayangan reyting ballari asosida haq to‘lash tizimini joriy etish;
  • 7-sinfdan boshlab bolalarga qobiliyatiga qarab oliy ta’lim, hunarmandlik, tadbirkorlik yoki sport yo‘nalishiga alohida tayyorlash tizimini joriy qilish;
  • davlat umumta’lim maktablarida kuni uzaytirilgan guruhlar faoliyatini davlat budjeti hisobidan tashkil etish kabi g‘oyalarni ilgari suradi.

1.1.2. Kasb-hunar, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim

  • kadrlar tayyorlashda xalqaro mehnat bozori talablarini inobatga olish;
  • oliy ta’lim muassasini raqobat maydoni, kirish oson, bitirish qiyin maskanga aylantirish;
  • ta’lim sifati yuzasidan talabalar fikrini o‘rganib borish;
  • milliy ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish, byurokratik talablarni bekor qilish, Oliy attestatsiya komissiyasini isloh etish;
  • o‘zbek tilidagi ma’lumotlar bazasini kengaytirish, har yili xorijiy tildagi mingta ilmiy adabiyotni davlat tiliga tarjima qilish;
  • “Innovatsion faoliyat va uni tijoratlashtirish to‘g‘risida”gi va “Venchur uyushmalar to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish.

1.2. Jismoniy tarbiya va sport

Partiya aholi, birinchi navbatda, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishda jismoniy tarbiya va sportning ahamiyatini alohida e’tirof etadi. “Sog‘lom tanda — sog‘lom aql!” tamoyiliga amal qilish, sohani rivojlantirish bilan bog‘liq huquqiy asoslarni takomillashtirib borish tarafdori.

Jismonan va ruhan sog‘lom yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, bolalar va yoshlarning keng ko‘lamda sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay shartsharoitlar yaratish, shuningdek, maktab “o‘quvchilarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishiga ko‘maklashish, milliy sport turlarini qayta tiklash partiya uchun ustuvor vazifalardir.

Partiya jismoniy va sport yo‘nalishida quyidagilarni qo‘’llab-quvvatlaydi:

  • yoshlarning “Besh tashabbus olimpiadasi” va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishiga ko‘maklashish;
  • sport bilan professional va doimiy shug‘ullanuvchi yoshlarni ko‘paytirish;
  • seleksiya ishlarida shaffoflik, xolislikni ta’minlash;
  • milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini tiklash;
  • milliy olimpiada sport o‘yinlari o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish.

2. Ma’naviy yuksalish va madaniyat sohasi (Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot)

Partiya ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning poydevori ekanligini e’tirof etadi. Ma’naviy yuksalish jarayonida “Tarix — kelajak uchun mayoq!” tamoyili dasturilamal bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi.

Ushbu jarayonda davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasidan kelib chiqib ish ko‘rish, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanish partiya siyosatining asosini tashkil etadi. Partiya ma’naviy yuksalish va madaniyat sohasida quyidagilarga e’tibor qaratadi:

2.1. Milliy madaniyat va ma’naviyatni rivojlantirish, qadriyatlarni saqlash, boyitish

Partiya inson salohiyatining ro‘yobga chiqishida uning ma’naviy dunyosi, madaniy dunyoqarashi muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan holda, kitobxonlikni ommalashtirish, teatr, kino va san’atning boshqa sohalarini targ‘ib qilish orqali jamiyat va har bir shaxs ma’naviyati va madaniy saviyasini oshirish choralarini ko‘rib boradi va quyidagilarni taklif etadi:

  • madaniy-ma’rifiy sohada hokimlar mas’uliyatini oshirish;
  • teatr san’atini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;
  • milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasini yaratish;
  • bolalar adabiyoti, musiqasi, qo‘shiqlari, san’ati, kinosi, multfilmlarini yaratish, nashrlari faoliyatini rivojlantirish;
  • jamoat joylari odob-axloq qoidalarini ishlab chiqish;
  • milliy va o‘zga ramzlar, timsol (simvol)lardan foydalanish tartiblarini
    takomillashtirish;
  • ozchilik huquqlarini hurmat qilgan holda yagona milliy o‘ziga xoslikni targ‘ib qilishni ta’minlovchi choralarni amalga oshirish;
  • ism olish va ularning yozilishini milliy an’analarga muvofiqlashtirish;
  • qadimiy asarlar va qo‘lyozmalarni tadqiq etish, nashr qilish;
  • qadriyatlarni toifalashtirish, tiklanishga muhtoj, barqaror saqlanishi zarur qadriyatlar ro‘yxatini tuzish, ommalashtirish.

2.2. Madaniy meros muhofazasi, undan foydalanish, tashkiliy-huquqiy asoslari

Partiya xalqimizning tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosi fuqarolar tomonidan avaylab asralishi shartligi, davlat tomonidan muhofaza etilishi zarurligini qo‘llab-quvvatlaydi va bu borada huquqiy asoslarni takomillashtirib borish zarurligini ta’kidlab, quyidagilarni amalga oshirish lozim, deb hisoblaydi:

  • ro‘yxatga olinmagan madaniy meros obyektlarini aniqlash, davlat muhofazasiga olish, yo‘qolib ketishi yoki buzilishining oldini oluvchi qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish;
  • arxeologiya yodgorliklarini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish;
  • madaniy meros obyektlarini ro‘yxatga olish, saqlash va foydalanish tartibini takomillashtirish;
  • xorijda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma, kitoblar va boshqa osori atiqalarimizni asli yoki nusxasini mamlakatimizga qaytarish;
  • madaniy meros obyektlari bilan tanishish va ularni ziyorat qilishdan boshqa maqsadlarda foydalanishni taqiqlashga qaratilgan qonun tashabbus qilish;
  • madaniy meros obyektlarini ijaraga berish tizimini bekor qilish;
  • madaniy, tabiiy va boshqa meros obyektlarini YUNESKO ro‘yxatlariga kiritish
    takliflari bilan chiqish.

2.3. Davlat tili maqomini oshirish, mamlakatimiz va xorijda keng targ‘ib etish

Partiya davlat tilining maqomi va nufuzini oshirishga qaratilgan davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi va jamiyat hayotining barcha jabhalarida uning to‘liq qo‘llanilishi tarafdori. Shundan kelib chiqib, quyidagi takliflarni ilgari suradi:

  • davlat tilini isloh qilish davlat komissiyasini tashkil etish;
  • qonun hujjatlari hamda idoraviy yozishmalarning davlat tilida yozilishini ta’minlash;
  • tashqi reklama hamda boshqa yozuvlarning davlat tilida va yozuvida bo‘lishini ta’minlash;
  • rasmiy idoralar, mobil operatorlar xabarlarining davlat tilida bo‘lishini ta’minlash;
  • chet tillardagi kinofilmlarni mamlakat kinoteatrlarida namoyish etishda ularni o‘zbek tiliga majburiy tarjima qilishga qaratilgan huquqiy normani belgilash;
  • “Davlat tili haqida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish;
  • alifbo islohotlarini, xususan lotin alifbosiga o‘tishni yakuniga yetkazish “Davlat tili haqida”gi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek davlat tilida ish yuritmagan tashkilot rahbarlariga keskin choralar ko‘rish;
  • o‘zbek tili va adabiyoti fanidan milliy sertifikat olish uchun belgilangan imtihon
    topshirish to‘lovlarini bekor qilish.

3. Oilani mustahkamlash, ayollar, yoshlarga munosib sharoitlar yaratish (Oila — qadriyatlar beshigi)

Biz oila deganda, ota-ona, farzandlar, bobo-buvilar va bir xonadonda istiqomat qiladigan boshqa — shaxslarning o‘zaro inoq-ittifoq bo‘lib yashayotgan, bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgan, bir yoqadan bosh chiqarib, birgalashib, kelajakka umid bilan qarayotgan jamiyatning asosiy bo‘g‘inini ko‘z oldimizga keltiramiz. Partiya uchun oila qadriyatlar beshigi, vatan ichra vatandir.

Partiya oila jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lishini, nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishini, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Partiya — oilani mustahkamlash, ayollar, yoshlarga munosib sharoitlar yaratishda quydagilarni e’tirof etadi:

3.1. Oila instituti va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash

Biz uchun “Oila — muqaddas qo‘rg‘on!”. Onalik, otalik va bolalikning davlat tomonidan muhofaza qilinishi, ayollar va erkaklar teng huquqli, deb e’tirof etilishi, ularga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda hamda barcha sohalarda teng huquq va imkoniyatlar berilishi partiyaning ustuvor maqsadlariga uyg‘undir.

Shundan kelib chiqib, partiya quyidagi tashabbuslarni ilgari suradi:

  • oiladagi muayyan an’analar, axloqiy qadriyatlar va huquqiy mezonlarni takomillashtirish;
  • oila sha’ni va shavkati himoyachisi — erkaklarning oiladan, bola tarbiyasidan uzoqlashishining oldini olish, “Otalar kuni” — ijtimoiy siyosiy kun sifatida bayram qilinishini ta’minlash;
  • erta nikohning oldini olish, voyaga yetmagan qizlarni unashtirish, yoki “og‘iz solish” bilan bog‘liq salbiy udumlarning oldini olish; qadriyatlarimizga zid bo‘lgan oila tushunchasi, gender o‘lchovlariga qarshi kurashning huquqiy asoslarini kuchaytirish;
  • ota-onaning farzand tarbiyasidagi rolini hamda ularning bolalar xavfsizligini ta’minlashga mas’ulligini oshirish.

3.2. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash

“Ma’rifatli ona — “Qudratli millat” tamoyiliga asosan xotin-qizlarga oid partiya siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ayollar kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan bolalarni dunyoga keltiruvchilar va ularning tarbiyachilari bo‘lishi barobarida davlat va jamiyat boshqaruvida o‘zlarining boy bilimi, malakasi va kuchini safarbar etishga qodir ulkan salohiyatga ega jamiyatimizning faol a’zolari ekanligini e’tirof etadi.

Onalik, otalik va bolalikning davlat tomonidan muhofaza qilinishi, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli, deb e’tirof etilishi, ularga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda hamda boshqa sohalarda teng huquq va imkoniyatlar berilishi partiyaning ustuvor maqsadlariga uyg‘undir. Partiya ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, davlat boshqaruvidagi o‘rni va ta’sirini oshirish masalasi davlat dasturlarida ustuvor yo‘nalishlar sifatida e’tiborga olinishi, bu boradagi ulug‘vor maqsad va rejalar, umumbashariy qadriyat sanalgan ayollar va erkaklar tengligi g‘oyasi huquqiy mustahkamlangani bilan birga, ayolning oiladagi o‘rnini mustahkamlash tarafdori.

Partiya ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, islohotlar va o‘zgarishlar jarayonlarida bevosita ishtirokini ta’minlash, ulardagi daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish lozim, deb hisoblaymiz:

  • mehnat jamoalarida xotin-qizlar va erkaklar tengligini ta’minlashga oid ta’limni rivojlantirish;
  • xotin-qizlar.uz platformasi faoliyatini jonlantirish, uning negizida “Band bo‘lmagan ayollar va qizlar” modulini yaratish;
  • moslashuvchan ish vaqtini joriy qilish, ayollarning oilada ko‘proq bo‘lishlari uchun sharoitlar yaratish;
  • talaba onalar farzandlari uchun oliy ta’lim muassasalari huzurida maxsus bolalar xonalari yoki bog‘chalar tashkil etish;
  • farzand ko‘rgan ayollarga bola uch yoshga to‘lguniga qadar haq to‘lanadigan “Onalik ta’tili” berish tizimini joriy qilish.

3.3. Partiyaning yoshlarga oid siyosati

Partiya oila, bog‘cha va maktabni yoshlar siyosatining poydevori deb hisoblaydi. “Yosh millatparvarlar” shiori ostida yoshlarning birlashishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, vatanparvarlik ruhida tarbiya topishi, ular qalbida shu yurt farzandi ekanligidan hamda xalqimizning tarixi, boy madaniy merosidan faxrlanish tuyg‘usi shakllanishi partiyaning bosh g‘oyalaridan hisoblanadi.

Partiya yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishda ularning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi va rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan ta’lim olishi, sog‘lig‘ini mustahkamlashi, sport bilan shug‘ullanishi va boshqa shaxsiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishi bilan bog‘liq huquqiy asoslarni muntazam takomillashtirib borish tarafdori.

Partiya o‘z faoliyatida yoshlarga alohida e’tibor qaratadi, o‘z tashkiliy tuzilmasining yuqoridan quyigacha bo‘lgan bo‘g‘inlarida “Yoshlar qanoti” harakatini yo‘lga qo‘yadi. “Yoshlar qanoti”, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” orqali yoshlarning siyosat maydonida o‘z iqtidorlarini namoyon etishlariga shart-sharoitlar yaratadi. Yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvida siyosiy xodim sifatida quyidan yuqori pog‘onalar sari o‘sib borishida ularning partiya hayotidagi faoliyati boshlang‘ich qadamlardan ekanligini e’tirof etgan holda, ushbu g‘oyalarni ustuvor biladi:

  • yoshlarga oila va nikohning muqaddasligini anglatish;
  • xorijda yashayotgan, ishlayotgan, tahsil olayotgan yoshlarimiz bilan uzviy aloqalar o‘rnatish, ularning haq-huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
  • yoshlarni “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi media mahsulotlardan himoya qilishga oid qonunchilikni takomillashtirish;
  • ijtimoiy tarmoqlarning zararli ta’siridan himoyalash bo‘yicha ota-onalar va o‘quvchilar uchun qo‘llanmalar yaratish;
  • yoshlarni terrorizm, esktremizm, fundamentalizmning yot g‘oyalaridan himoya qilish davlat dasturlarini takomillashtirish;
  • yoshlarning ruhiy salomatligiga e’tibor qaratish, ish beruvchi va ta’lim muassasalarida yoshlar ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolarning oldini olish choralarini ko‘rish.

3.4. Sog‘lom va faol hayotni ta’minlash, millat genofondini saqlash

Partiya aholining sog‘lom va faol hayot kechirishi malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va ijtimoiy himoyalanish huquqlaridan kelib chiqadi, deb hisoblaydi. Partiya davlat tomonidan sog‘liqni saqlash tizimining rivojlantirib borilishi, tibbiy sug‘urtaning turli shakllari joriy etilishi, aholining sanitariya-epidemologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rib borilishi inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishning asoslaridan, deb hisoblaydi.

Partiya yurtimizda millat genofondini saqlash umumdavlat miqyosidagi vazifaga aylanganligini jiddiy qabul qiladi. Millat genofondi uning betakrorligi, o‘ziga xosligini anglatishi barobarida, bu betakrorlik, o‘ziga xoslik ushbu millat tarixiy rivojlanishning muayyan davrlari bilan bog‘langanligini namoyon etadi.

Partiya maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida bolalarning sifatli, xavfsiz ovqatlanishini ta’minlash — millat genofondini saqlashning asosi ekanligini ta’kidlaydi va quyidagi vazifalarning huquqiy asoslarini takomillashtirishni taklif etadi:

  • aholining tibbiy madaniyatini oshirishni jadallashtirish;
  • “Oilaviy shifokor” tizimini kuchaytirish;
  • shifobaxsh dorivor giyohlarni sanoat asosida yetishtirish;
  • nikohdan ajratishlar oqibatida uyjoysiz qolgan ayollar va ularning farzandlari manfaatlarini himoya qilish;
  • “O‘zbekistonda sog‘lom ovqatlanish milliy konsepsiyasi”ni qabul qilish, tarkibida GMO bo‘lmagan mahsulotlarni ommalashtirish;
  • maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda kompyuter savodxonligiga oid mashg‘ulotlar o‘tkazilmasligi taklifi bilan chiqish;
  • elektron sigaretalar, snyuslar, tarkibida nikotin aralashmasi bo‘lgan boshqa turdagi vositalarni taqiqlashga qarshi qaratilgan qonun qabul qilish.

4. Milliy iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish (Biz birmiz, O‘zbekistonmiz!)

Partiya milliy iqtisodiyotga aholi farovonligini ta’minlashga yo‘naltirilgan, turli shakllardagi mulk negizida tashkil topgan, barqaror rivojlanib borishi lozim bo‘lgan soha sifatida qaraydi va yaqin kelajakda O‘zbekistonni “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoridan o‘rin olishiga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirishda mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, aholini energiya resurslari bilan ta’minlash, milliy transport tizimi salohiyatini oshirish, turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish masalalari partiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Partiya mamlakatda o‘rta qatlamning ko‘payishi tarafdori bo‘lib, aholining o‘rta qatlamida qanoat va shukronalik, ilg‘or tadbirkor va homiylarda mas’uliyat, ma’naviy qadriyatlarni e’tirof etish, oliyjanoblik, kabi xislatlarni oshirishni targ‘ib etadi.

Aholining real daromadlari va xarid qobiliyatini oshirishni, daromadlari bo‘yicha tabaqalanish darajasini pasaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Daromad keltiradigan yoki boshqa naf beradigan xo‘jalik faoliyati biznesning har qanday turini rivojlantirish, kredit ajratish tizimini soddalashtirib borish, to‘lov muddatlarini uzaytirish, sharoitlar yaratishga ko‘maklashish, kapital sarflab tovar va xizmatlar yaratish bilan foyda topishga qaratilgan iqtisodiy faoliyat tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvga qat’iy chek qo‘yishni ta’minlash borasida amaliy takliflarni ilgari suradi.

Milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirishni, milliy mahsulotlarimiz va brendlarimizning xorijga, salohiyatli xarid bozorlariga barqaror kirib borishini hayotiy zarurat, deb biladi. Tovarlar va xizmatlar eksporti va importi borasida bog‘lanib qolmaslik, balki turli yo‘nalishlarda hamkorlik munosabatlarini kuchaytirish siyosatini ilgari suradi, milliy iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishda quyidagilarga e’tibor qaratadi:

4.1. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish

Milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashga qaratilgan partiyaning ustuvor vazifalari mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har jihatdan qo‘’llabquvvatlash, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi ostidagi mahsulotlarni keng targ‘ib qilish, xalqimizda milliy mahsulotlardan faxrlanish va foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.

Shu maqsadda quyidagilar taklif etiladi:

  • ishlab chiqarishga yo‘naltirimagan xarajatlarning asossiz o‘sishini oldini olish;
  • oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali eng muhim iste’mol tovarlarining bozor narxlari barqarorligini ta’minlash;
  • bozorlarda eng muhim iste’mol mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida, fermerlar, jumladan mahalliy oziq ovqat ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini joriy qilish;
  • kitob ishlab chiqarish va uning setilishda qo‘llaniladigan qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz joriy etish;
  • mahalliy ishlab chiqaruvchilarga mahsulotlarini tashqi bozorga tez, o‘z vaqtida va arzon narxlarda olib chiqishi uchun bojxona tartibtaomillarida qulayliklar yaratish, masofaviy (onlayn) bojxona xizmatlari turlarini ko‘paytirish;
  • soliqqa tortish tizimini soddalashtirish;
  • qazib olinadigan yoqilg‘ilarga bosqichma-bosqich bog‘liqlikni kamaytirish, yashil energiyaga o‘tishni rag‘batlantirish;
  • milliy valyutaning qadrini oshirish, milliy sug‘urta tizimini keng jalb qilish.

4.2. Milliy turizmni rivojlantirish

Turizm jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot drayverlaridan hisoblanadi. Shuningdek, turizmga bugun jahon xalqlari o‘rtasida madaniy almashuvlarni kuchaytiradigan, bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlaydigan qudratli vosita sifatida qaralmoqda. Biz uchun turizm xalqimizning uzoq asrlar davomida yaratilgan va avaylab asrab kelinayotgan tarixiy-madaniy merosi bilan chet elliklarni tanishtirish orqali mamlakatimiz, xalqimizning tarixiy taraqqiyoti, madaniyati, san’ati, qadriyatlari haqida ma’lumotlar berish vositasidir.

Partiya xavfsiz turizmni rivojlantirish, startap loyihalarni amalga oshirishda quyidagilarni bugunning dolzarb vazifalaridan, deb hisoblaydi:

  • sohani umummilliy harakatga aylantirish, “ochiq eshiklar” siyosatini yuritish, vizasiz kirish tizimini kengaytirish;
  • “Turizm assambleyasi” kollegial-konsultativ kengashi faoliyatini tashkil etish;
  • turizmni kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyani ishlab chiqish;
  • milliy turistik mahsulotlar reklamasi — targeting strategiyasidan, targ‘ibotda ijtimoiymedia imkoniyatlaridan foydalanish.

5. Milliy va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan jamiyat barpo etish (Inson o‘zgarsa — jamiyat o‘zgaradi)

Partiya O‘zbekistonni boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, “dunyoviy davlat sifatida boy ma’naviy-ma’rifiy meros zamirida qurilgan, iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan, fuqarolik jamiyati taraqqiy etayotgan, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlangan, dunyo hamjamiyatida yuksak nufuzga ega bo‘lgan adolatli va zamonaviy mamlakat sifatida ko‘radi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz tarixiy taraqqiyoti davlat boshqaruvidan ko‘proq jamoatchilik boshqaruviga bosqichma-bosqich o‘tib borishini tadrijiy voqelik sifatida qabul qiladi. Xalq vakillarining islohotlarda faol ishtirok etishi, parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishi, aholi bilan hamnafas faoliyat yuritishi dolzarb bo‘lib qolayotganini ta’kidlaydi va davlat, jamoatchilik boshqaruvi hamda qonun ustuvorligini ta’minlashda quyidagilarni taklif etadi:

5.1. Davlat va jamoat boshqaruvini takomillashtirish

Partiya davlat boshqaruvi organlari faoliyatini inson manfaatlarini ta’minlashga qaratish, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda byurokratik to‘siqlarga barham berish maqsadida davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali aholiga xizmat tizimini takomillashtirish, xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish borasidagi islohotlarni ustuvor vazifalar sifatida qo‘llab quvvatlaydi.

Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini yanada oshirib borish, norma ijodkorligi faoliyatining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga uyg‘unligiga erishish, davlat huquqiy siyosatining institutsional asoslarini rivojlantirish Yangi O‘zbekiston uchun zarurat ekanligini anglaydi va bu borada faol ish olib boradi. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari vakolatlarini kengaytirish, bunda mahalliy ijra hokimiyati organlarining aholi manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlash, mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasida “ko‘prikka” aylantirish masalalari dolzarb ekanligini ta’kidlaydi.

Davlat boshqaruvida meritokratiya, halollik va professionallik tamoyillariga asoslangan davlat fuqarolik xizmati tashkil etilishini partiya islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ko‘radi. Shuningdek, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hayotiy zarurat ekanligini e’tirof etadi.

Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatida sog‘lom ma’naviy muhit va mafkuraviy immunitetni barqarorlashtirish, qonuniylikni ta’minlash,xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish partiyaning kun tartibidagi asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Partiyaning bu boradagi ustuvor qarashlari quyidagilardan iborat:

5.1.1. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari samaradorligini oshirish

Partiya davlat hokimiyati va ijro etuvchi organlar samaradorligini oshirishga qaratilgan quyidagi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlaydi:

  • xodimlarning idoralararo va ichki rotatsiyasini keng joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish;
  • rahbarlarning jamiyat va xalq oldidagi hisobdorligini oshirish;
  • xorijdagi fuqarolarimizga Vatanga qaytish guvohnomasi va xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirishni yengillashtirish;
  • “Davlat xizmatchisining halollik tekshiruvi” institutini joriy etish, davlat xizmatchilari sonini muntazam kamaytirib boramiz.

5.1.2. Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar

Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar faoliyatini takomillashtirishda quyidagi vazifalar muhim ahamiyatga ega:

  • Oliy Majlisning hukumat faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishga oid vakolatlarini bosqichma-bosqich kengaytirish;
  • davlat va hududiy dasturlar loyihalarini barcha darajadagi deputatlarga ko‘rib chiqish uchun majburiy taqdim etish;
  • qonunlarning havolaki normalari amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatish;
  • xalq vakillari tomonidan ochiq shaklda davlat hokimiyati va ijroiya organlari faoliyati shaffofligini baholovchi reyting tizimini joriy qilish.

5.1.3. Mahalliy davlat hokimiyati, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish

Partiya mahalliy davlat hokimiyati, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha quyidagi takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi:

  • mahalliy kengash deputatlari partiya guruhlari to‘g‘risida nizom qabul qilish;
  • mahalla raisi va a’zolariga haq to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish, ularning mustaqilligini ta’minlash;
  • to‘y va oilaviy, “Haj” va “Umra” ziyoratlari bilan bog‘liq marosimlarni tartibga solish;
  • mahalla oqsoqoli, uning yordamchilari vakolat muddatlarini besh yilga uzaytirish, ko‘pi bilan ikki marta saylanishi tartibini joriy etish;
  • fuqarolik jamiyati institutlarining fuqarolar, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik talablarini kuchaytirish.

5.2. Qonun ustuvorligini ta’minlash

Bugun mamlakatimizda jamiyatimiz, birinchi navbatda, mehnat qilayotgan insonlar, ayniqsa, rahbar xodimlar Konstitutsiya va qonunlarda belgilab qo‘yilgan huquq va majburiyatlarini puxta bilishi, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etishi, bu qoidalarga amal qilishi dolzarb vazifaga aylanganligi partiya tomonidan hayotimiz, kelajagimiz istiqboli uchun zaruriyat sifatida qabul qilinadi.

Partiya qonuniylikni mustahkamlashda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi. Bu har bir shaxsda, jumladan, davlat xizmatchilarida qonunlarga, inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish hamda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishdagi o‘rnini e’tirof etadi.

Partiya renovatsiyaning mustahkam qonuniy asosi bo‘lishi va bu boradagi dasturlar uy-joy mulkdorlari hamda keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda amalga oshirilishi zarurligi tarafdori. Jamiyatni demokratlashtirish, mamlakatni isloh qilish jarayonida qonunlarning xalqchil, hayotiy bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladigan qonun ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Partiya qonun ustuvorligini ta’minlashda quyidagi holatlarning oldini olish masalasini dolzarb, deb hisoblaydi:

  • yuridik xizmatlarni individuallashtirish, shaxsiy va oilaviy yuridik xizmat turlarini joriy qilish;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarini korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga jalb etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish; “Kibermadaniyatni yuksaltirish” dasturini ishlab chiqish;
  • “Tashqi yozuvlar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;
  • “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;
  • ta’lim muhiti xavfsizligini ta’minlash, javobgarlik choralarini kuchaytirish;
  • “Xalq tabobati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;
  • oilaviy ajrimlar uchun davlat bojini oshirish;
  • tibbiy yordam ko‘rsatmaslik, noto‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotnoma berganlik uchun javobgarlik belgilash;
  • dori vositalari reklamasini cheklash, retseptsiz beriladigan dorilarni qisqartirish, antibiotiklarni qat’iy retsept asosida berilishini ta’minlash;
  • “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlari samaradorligini oshirish;
  • masofaviy ishlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish.

5.3. Sud-huquq tizimini isloh qilish

Davlat va jamiyat hayotining barcha bo‘g‘inlarida Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish sud-huquq sohasidagi dolzarb vazifalardan bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, sud hokimiyatining mustaqilligiga erishish, uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash orqali odil sudlovni ta’minlashga bo‘lgan huquqiy asoslarni kuchaytirib borish talab etiladi. Bu esa o‘z navbatida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaati, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida takomillashtirib borishni, shu maqsadda malakali huquqiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan advokatura faoliyatini yanada kuchaytirishni talab etadi va partiya bu borada quyidagilarni amalga oshirish lozim, deb hisoblaydi:

  • shaxslar va tadbirkorlarning xususiy mulkka oid huquqlarini amalga oshirish kafolatlarini kuchaytirish;
  • advokat va prokurorning amalda teng huquqliligini ta’minlash;
  • oilaviy nizolarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sudyalarni ixtisoslashtirish ishlarini davom ettirish;
  • yarashtiruv institutining qo‘llanish doirasini tomonlar roziligi bilan kengaytirib borish;
  • oila, meros, uyjoy da’vosi va turmushdagi boshqa nizolarni hal etishda qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda murosa yo‘lini izlash, ishlarni sudgacha olib bormaslik.

6. Xavfsizlik va aholi muhofazasini kuchaytirish (O‘zligimizni asrash uchun birlashaylik!)

Partiya O‘zbekiston “Respublikasining aholi xavfsizligi va muhofazasiga qaratilgan siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Jumladan, axborot xavfsizligini ta’minlash, milliy armiyani kuchaytirish, aholi hayotiga xavf soluvchi vaziyatlar, iqlim o‘zgarishlari ta’sirining oldini olish hamda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlashni ustuvor vazifa, deb biladi:

6.1. Xavfsiz milliy axborot makonini rivojlantirish

Partiya xavfsiz milliy axborot makonini rivojlantirish masalasiga “XXI asr — axborot asri” ekanligidan kelib chiqib yondashadi. Bu borada shaxs, jamiyat va davlat taraqqiyotida axborot resurslari va texnologiyalari rolining ortishi, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini axborotlashtirilgan jamiyat sifatida qurish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Axborot xavfsizligini ta’minlash mamlakat istiqboli, xalqimizning tinch-totuv hayot kechirishi asosi ekanligini ta’kidlagan holda, partiya globallashuv sharoitlarida axborotga bo‘lgan ehtiyojni qondirish masalasida aholining axborot izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini yanada takomillashtirish, axborotni tahlil etib, qabul qilish madaniyatini o‘stirish — davr talabi ekanligini e’tirof etadi va quyidagilarni e’tiborga olishni taklif etadi:

  • davlat ommaviy axborot vositalarini “milliy kontent”ga asoslangan ko‘rsatuvlar ulushini oshirish nuqtai nazaridan isloh qilish;
  • “Yangi O‘zbekistonning axborot siyosati” konsepsiyasi va uning asosida “Axborot xavfsizligi” doktrinasini ishlab chiqish;
  • axborot tarqatishda bozor munosabatlari milliy qadriyat va ma’naviy mezonlardan ustun bo‘lmasligiga erishish.

6.2. Milliy armiyamiz salohiyatini oshirish

Partiya mamlakatimiz mudofaa doktrinasi mudofaa xarakteriga ega ekanligini qo‘llab-quvvatlaydi, unda mustahkamlab qo‘yilgan asosiy tezislar: hech bir davlatni o‘zining dushmani deb hisoblamaslik, boshqalar bilan munosabatlarda milliy manfaatlarning ustvorligi va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga amal qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, nizoli masalalarni tinch vositalar va muzokaralar yo‘li bilan hal etish, chegaralarning buzilmasligi va o‘zgarmasligini tan olish tamoyillari xalqimizning tinchligi, osoyishtaligini ta’minlashning asosi, deb biladi.

Partiya dunyoda kechayotgan jarayonlarga befarq emasligini ta’kidlagan holda o‘z yurtimizni o‘zimiz himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz kerakligiga alohida urg‘u bergan holda, quyidagi g‘oyalarni ilgari suradi:

  • davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda harbiy xizmat o‘taganlik holatini e’tiborga olish;
  • harbiy psixologlar institutini yanada takomillashtirish;
  • armiya va jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik tizimini yaratish, “Xalq va armiya — bir tanu bir jon!” tamoyili mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;
  • harbiy rutbalarni milliy davlatchiligimiz tarixiga xos bo‘lgan tartiblarga muvofiqlashtirish bo‘yicha qonun loyihasini tashabbus qilish;
  • harbiy xizmatchilar ongiga xalqimizning ezgulik, rahmdillik, insonparvarlik, mehr-oqibat kabi an’analarni singdirish.

6.3. Aholi hayotiga xavf soluvchi vaziyatlar, iqlim o‘zgarishlariga qarshi choralar

Partiya aholi hayotiga xavf solayotgan ofatlarning oldini olish, global iqlim o‘zgarishlariga qarshi turish, favqulodda vaziyatlarda aholi muhofazasi masalalariga e’tiborni kuchaytirib borish tarafdori bunday vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan huquqiy jarayonni takomillashtirishda faol ishtirok etadi.

Ekologik vaziyatni barqarorlashtirishda “Yashil maydon” umummilliy loyihasi, “yashil bog‘lar”, “yashil jamoat parklari”, “yashil qalqon” va “yashil qoplama” himoya o‘rmonzorlarini tashkil etish, o‘rman maydonlarini ko‘paytirish tashabbuslarini hamda Milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxatini kengaytirib borishni ma’qullaydi.

Boshqa tabiiy resurslar qatorida suv resursining davlat muhofazasiga olinganligini qo‘llab-quvvatlash barobarida sohaning huquqiy asoslari muntazam takomillashtirib borilishiga hayot zarurati sifatida qaraydi. Bu borada aholining suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, partiya quyidagilarni ro‘yobga chiqarishni muhim deb hisoblaydi:

  • “Aholini va hududlarni tabiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston respublikasi qonunining yangi tahririni ishlab chiqish;
  • moddiy madaniy meros obyektlarining tabiy va texnogen — ta’sirlardan shikastlanishini oldini olish;
  • mavsumiy anomal iqlim holatlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularning xavfini kamaytirish bo‘yicha dasturlar joriy etish;
  • “Suv iste’moli madaniyatini yuksaltirish” dasturini qabul qilish;
  • ota-bobolarimiz udumlari: yoshlar turmush qurganda, farzand tug‘ilganda yaxshi niyatlar bilan daraxt ekish odatini ommalashtirish.

6.4. Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash

Partiya “Barcha milliy qadriyatlar qadrlidir” tamoyili asosida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, millatlarning har tomonlama ravnaq topishi, ularning milliy qadriyatlarini saqlab qolish, urf odatlari va an’analarining rivojlanishiga imkoniyat hamda shart-sharoitlar yaratib berishga qaratilgan davlat siyosatini qo‘llab quvvatlaydi.

Partiyaning millatlararo munosabatlar borasidagi siyosati bag‘rikenglik va insonparvarlikni keng targ‘ib etishni, millatlararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlashni, barcha fuqarolarga millati, e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratishni nazarda tutadi. Bu borada quyidagilarni amalga oshirish muhim hisoblanadi:

  • “Biz — birmiz, O‘zbekistonlikmiz!” g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash;
  • fuqarolarning tinch va farovon hayoti hamda birdamligini mustahkamlash, ularni do‘stlik, ahillik, vatanparvarlik, mamlakat taqdiri uchun mas’ullik va daxldorlik tuyg‘usi atrofida jipslashtirish;
  • inklyuziv siyosatga asoslangan holda milliy birlikni mustahkamlash bo‘yicha kompleks integratsiya dasturlarini ishlab chiqish;
  • hududlarni muvozanatli rivojlantirib borish orqali Mintaqaviy rivojlanish tafovutlarini kamaytirish va aholining milliy birdamlik va hamjihatlik tuyg‘usini kuchaytirish;
  • turli millat va elatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantiradigan, ijtimoiy birlik va yagona — milliy o‘ziga xoslikni ta’minlaydigan. jamoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;
  • “Milliy tiklanish” kitob javoni" loyihasi doirasida ta’lim xorijiy tillarda olib boriladigan maktablardagi kutubxonalar fondini davlat tilidagi badiiy adabiyotlar. hamda millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop risolalar bilan boyitish;
  • bu maktablar o‘quvchilari o‘rtasida davlat tilida “Kim ko‘p kitob o‘qiydi? “tanlovini o‘tkazish.

7. Xalqaro maydonda milliy manfaatlar ustuvorligi (An’analar bilan yorqin kelajak sari)

Partiya O‘zbekiston Respublikasi dunyo hamjamiyati — bilan munosabatlarda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga tayanib ish ko‘rishi asnosida do‘stona munosabatlarga 4 e’tibor qaratishi, o‘zaro hamkorlik, qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlikni ta’minlash yo‘nalishida bu jihatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga — intilishini, bunda, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan bo‘ladigan munosabatlarga ustuvorlik berilishini olqishlaydi.

Partiya bosh qomusimizda O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tamonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishini e’tirof etuvchi normaning mustahkamlanishi xalqaro maydonda mamlakatimizning imidjiga ijobiy ta’sir etishini e’tirof etadi va shu siyosatni davom ettirishni ma’qullaydi hamda quyidagi tashabbuslarni ilgari suradi:

7.1. Milliy tashqi siyosat

Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqishi hamda ochiq, pragmatik va faol bo‘lishi zarurligini zamonning o‘zi talab etmoqda. Bu siyosat ko‘p qirrali bo‘lib, unda strategik sheriklik munosabatlari darajasidagi milliy manfaatlar, jumladan, madaniy va gumanitar yo‘nalishlar ham qamrab olinishi partiya tomonidan e’tirof etiladi.

Partiya Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikning muntazam yaxshilanib borishi tarafdori, turkiy dunyo bilan aloqalarni yanada kuchaytirishni yoqlaydi, an’anaviy sheriklar bilan manfaatli aloqalarni davom ettirish, ularning safini muttasil oshirib borishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda quyidagilarni taklif etadi:

  • tashqisiyosatda milliy manfaatlarni qat’iy himoya qilish, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish;
  • tashqi savdo diversifikatsiyasini amalga oshirish, jumladan, savdo hamkorlarini kengaytirish, yangi bozorlarni izlash orqali O‘zbekistonning ayrim davlat yoki davlatlar guruhiga bog‘liqligini kamaytirish, tashqi siyosatda mamlakatimizning yanada mustahkam va barqaror pozitsiyasini ta’minlash;
  • turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirish;
  • Toshkent Turkiy xalqlar tarixini o‘rganish Xalqaro tadqiqot markazini tashkil qilish;
  • Turkiy dunyo va Markaziy Osiyo telekanallarini yaratish orqali qardosh xalqlar orasida birdamlik madaniyatini targ‘ib etish.

7.2. Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar

Partiya xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasidagi davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uzviy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokiga zarurat mavjudligini ta’kidlaydi. Bu ularga ham o‘zlarining tarixiy Vatani — O‘zbekistonning obro‘sini oshirishda ishtirok etishga, vatandoshlik burchini bajarish uchun beriladigan imkoniyatdir.

Partiya qadriyatlarimizni, tarixiy-madaniy merosimizni mamlakatimizdan tashqarida keng yoyishda vatandoshlarimizning amaliy xizmati beqiyosligini e’tirof etadi. Shu bilan birga, tashqi mehnat migratsiyasiga davlat e’tiborini yanada kuchaytirish, xorijda ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish, mehnat qilayotganlarni huquqiy himoya qilish va ularga ko‘maklashish zarurati dolzarb bo‘lib qolayotganligini ta’kidlaydi. Bu borada, xususan, quyidagilarga e’tibor qaratishni urg‘ulaydi:

  • “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston respublikasi qonunini qabul qilish;
  • vatandoshlik guvohnomalarini yurtimizning iqtisodiy-ijtimoiy hayotida ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarga berish amaliyotini joriy etish;
  • xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun maxsus teleko‘rsatuvlarni yo‘lga qo‘yish, radioeshittirishlar faoliyatini jonlantirish;
  • boshqa davlat fuqaroligini qabul qilgan O‘zbekiston fuqarosining avtomatik tarzda O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishi to‘g‘risida qonun qabul qilinishiga oid tashabbus bilan chiqish.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputatlari tomonidan 2025−2029-yillarda ishlab chiqish yoki tashabbus qilish rejalashtirilgan qonun loyihalari

  • “Strategik rejalashtirish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Jinoyatdan jabr ko‘rganlarni reabilitatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Jinoiy ishlar bo‘yicha xalqaro xamkorlik to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • Ta’lim kodeksi loyihasi.
  • “Tarbiya asoslari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi to‘g‘risida”gi (yangi tahrirdagi) qonuni loyihasi.
  • “Tashqi yozuvlar to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Teatr va teatr faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Kino san’ati va sanoati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Muzeylar to‘g‘risida”gi (yangi tahrirdagi) qonuni loyihasi.
  • “Xalq tabobati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Internetda ijod mahsulotlarini tarqatish va himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Milliy sport turlari va xalq o‘yinlari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • “Tashqi migratsiya to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.
  • Axborot kodeksi loyihasi.
  • “Onlayn platformalar to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi.