“Gazeta.uz” tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati -O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 2025−2029-yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturini taqdim etadi. Undan 5 ta maqsad va 500 ta vazifa o‘rin olgan.

Vazifalar:

  1. “Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali har bir inson, oila va jamiyat farovonligiga erishamiz”.
  2. “Sifatli ta’lim, tibbiyot va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlaymiz”.
  3. “Aholiga qulay atrof-muhit sharoitlarini yaratamiz”.
  4. “Xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etamiz”.
  5. “Mamlakatimiz suvereniteti va xavfsizligini kafolatlaymiz”.

I. “Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali har bir inson, oila va jamiyat farovonligiga erishamiz”

Partiya barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashning quyidagi yechimlarini taklif qilmoqda:

  • yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilga borib 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni esa 4 ming dollarga yetkazish;
  • tadbirkorlar sonini 3 million nafardan oshirish;
  • barqaror ish joylarini yaratib, kambag‘allikni qisqartirish;
  • kelgusi 5 yillik yakunida kambag‘allik ko‘lamini ikki karra kamaytirish;
  • aholini tadbirkorlikka jalb qilishning mahallabay dasturlarini ishlab chiqish;
  • tuman, shahar, mahallalarning alohida master-rejalarini ishlab chiqish, tadbirkorlik ommaviy tus olishiga erishish;
  • kasb-hunarga o‘qitish ko‘lamini har yili ikki baravar oshirib, besh yilda kamida 1 million fuqaroni bozori chaqqon kasblarga o‘rgatish;
  • nodavlat ta’lim muassasalari ishtirokini 30 foizdan oshirish va monomarkazlarni barcha tuman (shahar)larda tashkil qilish
  • maktab bitiruvchilariga davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizim joriy etish;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida imtiyozli kredit hajmlarini har yili 30 foizga oshirib borish;
  • ijtimoiy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ish bilan ta’minlab kelayotgan tadbirkorlarga mol-mulk va yer solig‘idan imtiyozlar berish, og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun kredit ta’tillari berish tizimini joriy etish;
  • ichki mehnat migratsiyasini rivojlantirishga e’tibor qaratish, bandlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash manbalarini kengaytirish;
  • xususiy bandlik agentliklari tizimini rivojlantirish;
  • yangi foydalanishga kiritiladigan yerlarni aholiga bo‘lib berish;
  • davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklash, qulay biznes, investitsiya va raqobat muhitini shakllantirish;
  • iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish.
  • davlat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan, fermerlar faoliyatiga (hosilni tasarruf etish, narx belgilash va boshqalar) aralashuvini qat’iy taqiqlash;
  • tadbirkorlar faoliyatiga har qanday noqonuniy usulda aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish;
  • qonuniy faoliyat yuritayotgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlarni tekshirmaslikni ta’minlash
  • xususiy mulk daxlsizligini buzish, qonuniy talablarga rioya etmagan holda yer uchastkalarini olib qo‘yish, mol-mulkka zarar yetkazish uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish;t
  • tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turlarini kamaytirish, mazkur sohani liberallashtirish;
  • biznes yuritishni soddalashtirish, 1000 ga yaqin byurokratik talabni bekor qilish choralarini ko‘rish
  • litsenziyalar sonini ikki baravarga kamaytiramiz, litsenziya bekor bo‘ladigan 60 ta faoliyat uchun xabardor qilish tizimini joriy etish;
  • yashirin iqtisodiyot illati bilan biznesga to‘siq yaratmaydigan vositalar orqali murosasiz kurashish;
  • xususiy sektordagi ish beruvchilarning mehnat qonunchiligidagi xodim oldidagi majburiyatlarini soddalashtirish;
  • samarasiz korxonalar davlatdan qo‘shimcha yordam olmasdan, xususiy sektor kabi “o‘z aravasini o‘zi tortishi”;
  • suv xo‘jaligi, ekologiya, energetika sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilishini kengaytirish;
  • yo‘l qurilishi, gaz va elektr yetkazib berish sohalariga xususiy biznesni keng jalb etish;
  • kelgusi 5 yilda iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish;
  • davlat ulushi mavjud korxonalar sonini 6 barobarga kamaytirish;
  • davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish va unda kichik biznes ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunni izchil takomillashtirish;
  • kelgusi yillarda 250 milliard dollarlik, jumladan, 110 milliard dollar xorijiy investitsiyalar va 30 milliard dollar davlat-xususiy sheriklik doirasidagi investitsiyalarni jalb qilish;
  • bank bozoriga nufuzli chet el banklari kirib kelishi, nobank moliyaviy xizmatlarini kengaytirish uchun zarur imkoniyatlar yaratish;
  • fond bozori hajmini 10 milliard dollarga yetkazish; aksiyalarning birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladigan korxonalar ro‘yxatini kengaytirish;
  • “Kapital bozorini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish;
  • kriptoaktivlar bozorini rivojlantirish va sohadagi qonunchilikni liberallashtirish;
  • xususiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi tashkil etilishi uchun barcha qonuniy asoslar yaratilishi;
  • Investitsiya kodeksini ishlab chiqish;
  • xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddatini 25 yildan 49 yilgacha uzaytirish;
  • “Venchur investitsiyalar to‘g‘risida”gi va “Kraudfanding to‘g‘risida”gi yangi qonunlarni ishlab chiqish;
  • “Tadbirkorlik kodeksi” qabul qilinishini jadallashtirish;
  • Barqaror, sodda va adolatli soliq siyosati;
  • soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining o‘zgarmasligini ta’minlovchi siyosat yuritilishi yo‘nalishida ish olib borish;
  • soliq hisobotida inson omili ta’sirini keskin kamaytirish;
  • aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar uchun tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami daromad miqdori chegarasini BHMning 5 ming barobari darajasida belgilash;
  • Soliq kodeksi va boshqa me’yoriy hujjatlardagi tadbirkorlik subyektining QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi uchun ayrim talablarni bekor qilish, onlayn nazorat kassa mashinalarining dasturiy ta’minotini davlat tomonidan yuritilishini joriy etish orqali tadbirkorlar ulardan foydalangani uchun undiriladigan har oylik to‘lovni maqbullashtirish;
  • sanoat tarmoqlari va zamonaviy servisni iqtisodiyot drayveriga aylantirish;
  • ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish va shu orqali sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 barobarga, mehnat unumdorligini 2 barobarga oshirish, 115 milliard dollarlik yirik loyihalarni amalga oshirish;
  • sanoatda tannarxni kamaytirish siyosatini olib borish;
  • maxsus sanoat zonalarini xorijiy kompaniyalarga autsorsing asosida boshqaruvga berish;
  • avtomobil ishlab chiqarish hajmini yiliga 1 million donaga yetkazish;
  • O‘zbekistonni mintaqaviy “to‘qimachilik xabi”ga aylantirish uchun sohadagi tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 45 milliard dollarga yetkazish va 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish;
  • Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi moliyalashtirish imkoniyatlarini 1 milliard dollardan oshirish;
  • kichik sanoat zonalarida investitsiya majburiyatini bajargan tadbirkorlarga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berishning qonuniy asoslarini yaratish;
  • salohiyatli tadbirkorlarga kichik va yoshlar sanoat zonalaridan 10 yilgacha bo‘lib to‘lash imtiyozi bilan yer ajratish;
  • eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazish;
  • “Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” g‘oyasini tezroq amalga oshirish;
  • 50 ta nufuzli xorijiy brend bilan maxsus eksport zonalari tashkil qilinishi, eksportchi tadbirkorlar uchun kredit foiz stavkalari kamaytirilishi borasida ish olib borish;
  • har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalarini tashkil qilish, IT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga olib chiqish;
  • yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi barqaror va samarali moliyaviy xizmatlar bozorini shakllantirish (partiya bu yo‘nalishda fiskal barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiyani prognoz ko‘rsatkichlari doirasida jilovlash, asosiy turdagi tovar va xizmatlar narxlari barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi);
  • kredit resurslari tannarxini pasaytirish orqali kredit foizlarini 3−4 bandga kamaytirish;
  • yillik kreditlash hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini oshirib, omonatlar hajmini 4 barobarga ko‘paytirish;
  • tuman markazlaridan har bir qishloqqacha 5,5 ming kilometr sement-beton yo‘llar qurish, aholi punktlarini jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olish;
  • barcha aholi punktlari ichimlik suvi bilan ta’minlanishi uchun yo‘naltiriladigan 2,5 milliard dollar mablag‘ning maqsadli sarflanishini qat’iy nazorat qilish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash (partiya buni “asosiy maqsadlarimizdan” deya ta’kidlamoqda);
  • sayyohlik industriyasi kengayishi uchun rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida hududlarning turizm master-rejalarini ishlab chiqish;
  • agroturizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida “Agroturizm — 2030” strategiyasini ishlab chiqish. Qoraqalpog‘iston va Orolbo‘yida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish;
  • davlat-xususiy sherikligi asosida transport, yo‘l qurilishi, suv xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarga 14 milliard dollar investitsiya jalb etish;
  • yirik aeroportlar modernizatsiya qilinishi, xususiy aviakompaniyalar soni ko‘payishiga xayrixohlik;
  • yo‘llarni rekonstruksiya qilish va saqlash uchun xususiy sektorni jalb qilish;
  • tartibsiz urbanizatsiya jarayoniga barham berish, uni yaqin va olis kelajakni jiddiy hisobga olgan holda tizimga solish, shu maqsadda barcha aholi punktlarining bosh rejalarini tayyorlash;
  • obyektlarni ijtimoiy-iqtisodiy hamda demografik o‘sishni hisobga olgan holda joylashtirish;
  • renovatsiya dasturlarini amalga oshirish (bu avariya holatidagi ko‘p qavatli turar joylarni yangilashda muhim o‘rin tutadi, biroq dasturlar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga tegishli bo‘lgan yakka tartibdagi turar joylar hamda noturar joylar daxlsizligiga raxna solmasligi shart — partiya);
  • renovatsiya to‘g‘risida ishlab chiqilayotgan qonunda uy-joy mulkdorlari, tadbirkorlarning mulk huquqi va qonuniy manfaatlari mutlaq kafolatlanishi; bu yo‘nalishda partiya ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini olib bormoqchi;
  • yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytirish uchun yo‘l infratuzilmasini tubdan yaxshilash va yo‘l belgilarini to‘g‘ri va zaruriy joylarga o‘rnatish;
  • shaharlarda tirbandlikning oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida avtoturargohlar qurish uchun yer uchastkalarini xususiy tadbirkorlarga berish;
  • qishloq va ovullarni internet bilan to‘liq qamrab olish, uning tezligini 10 karra oshirish;
  • irrigatsiya, drenaj tizimi, chiqindini qayta ishlash, ijtimoiy obyektlarda energiya va issiqlik ta’minoti tizimini boshqarishga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish;
  • aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotiga bo‘lgan talabini to‘la qondirish va ichki bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari barqarorligiga erishish (partiya buni bosh vazifa deb ko‘rmoqda);
  • qishloq xo‘jaligida 1 gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish;
  • foydalanilmayotgan maydonlarni o‘zlashtirish hisobiga 300 ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish;
  • har bir mahallada yetishtirilgan mahsulotlarni qabul qilish, saralash, saqlash, qayta ishlash va sotishga ko‘maklashuvchi shoxobchalar tashkil etish;
  • dehqon xo‘jaliklari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratish;
  • yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash uchun 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta agrologistika markazini tashkil qilish;
  • organik mahsulot yetishtirayotgan fermer xo‘jaliklari uchun soliq imtiyozlarini joriy etish;
  • sohada eksportni yiliga 10 milliard dollarga yetkazish;
  • qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga mos holda rivojlantirish, tuproq va yaylovlar degradatsiyasining oldini olish yuzasidan Milliy dastur qabul qilish;
  • sohaga 15 milliard dollar investitsiyalar jalb etishni ta’minlash;
  • fermer va dehqonlarning huquqlarini himoya qilishda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining imkoniyatlarini kengaytirishni;
  • fermer va dehqonlarga imtiyozli kreditlarni ajratish, ularning qaytarish muddatlarini mavsumiylikdan kelib chiqqan holda belgilash;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini haqiqiy bozor aktiviga aylantirish, ijara huquqini bo‘lib sotish, undan garov predmeti sifatida foydalanish uchun qonuniy bazani takomillashtirish;
  • “Agrosanoat klasterlari to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish. Qishloq xo‘jaligi ekinlari va chorva mollarini sug‘urtalash tizimining huquqiy asoslarini takomillashtirish;
  • xorijdan serhosil, kasalliklarga chidamli o‘simlik urug‘lari, ko‘chatlari olib kirilishi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash;
  • raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalarni rivojlantirish, sun’iy intellektdan unumli foydalanishni rag‘batlantiruvchi huquqiy va moliyaviy sharoitlarni yaratish, raqamli sanoatni jadal rivojlantirish dasturlari qabul qilish;
  • raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan korxonalarning eksport faoliyatini jadallashtirish;
  • “Chip sanoati”, sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar va shu kabi ilg‘or tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish;
  • sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va qo‘llash, raqamli ma’lumotlarni qayta ishlashning umumiy tamoyillari va me’yorlari, standartlari va qoidalarini o‘rnatish;
  • taksi haydovchilaridan taksi kompaniyalar (elektron taksi xizmatlari) foydasiga ushlanadigan komissiya stavkalari miqdorlarini tartibga solish;

II. “Sifatli ta’lim, tibbiyot va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlaymiz”

Partiya ta’lim va intellektual rivojlanish bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishi zarur deb hisoblaydi. Sohadagi boshqa maqsadlar:

  • maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirish (bunda davlat-xususiy sheriklik va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari birinchi navbatda qo‘llab-quvvatlanadi);
  • ota-onalar fikri inobatga olinib, barcha bog‘chalarni kompyuter sinfi bilan ta’minlash;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2 barobar oshirish;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 153 mingdan ortiq sinf rahbarlari uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdorini ko‘paytirish;
  • Maktablarni rivojlantirish davlat dasturini joriy etish. 2030-yilga qadar qo‘shimcha 2,5 mln o‘quvchi o‘rnini yaratish, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash;
  • nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 barobarga oshirilib, ular faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 1 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish;
  • davlat tashkilotlaridan mustaqil bo‘lgan va xolisona baholaydigan nodavlat “ta’lim auditi” tizimini joriy qilish;
  • maktablar o‘rtasida o‘tkaziladigan barcha tanlovlar va tadbirlarda nodavlat maktablarining ham ishtirokini ta’minlash;
  • respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarning o‘qituvchilari uchun beriladigan mukofotlar hajmini oshirish;
  • kutubxonalar fondini boyitish va to‘liq raqamlashtirish;
  • bog‘chalar va maktablarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda kanalizatsiya tarmog‘iga ulash yoki lokal kanalizatsiya tizimlarini o‘rnatish masalalari nazorati;
  • 2030-yilgacha bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘lamini 50 foizga yetkazish;
  • jahondagi Top-500 dagi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim”ni joriy etish;
  • yoshlarni Top-100 global ro‘yxatga kirgan universitetlarda ta’lim olishi uchun valyutada uzoq muddatli va imtiyozli kreditlar berish amaliyotini joriy etish;
  • oliygohlar uchun qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari va 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish;
  • oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish;
  • ilm-fanga yo‘naltirilgan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2030-yilgacha 10 barobar oshirish;
  • 40 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilarning ulushini kamida 60 foizga yetkazish, ilmiy xodimlarning ish haqini o‘rtacha 2 barobarga oshirish borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash;
  • har bir million aholiga to‘g‘ri keladigan ilmiy tadqiqotchilar sonini 2 ming nafarga yetkazish uchun zarur sharoitlarni yaratish. Biotexnologiya, sun’iy intellekt va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlarda iste’dodli yoshlarni eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan o‘qishga yuborish bo‘yicha 200 million dollarlik dasturlarni amalga oshirish;
  • O‘zbekiston Global innovatsion indeksda Top-50 talik mamlakat qatoriga kirishini ta’minlash. Yangi innovatsion ishlanmalar sonini 2 baravar oshirish, bu ishlanmalarni tijoratlashtirish choralarini ko‘rish;
  • “Yangi O‘zbekiston — ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturini ishlab chiqish;
  • madaniyat va sport muassasalari, kutubxonalar, teatr va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash;
  • aholi o‘rtasida kasalliklarni keskin kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini faol joriy etish, o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish;
  • kelgusi 5 yilda budjetdan tibbiyotga ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini kamida 2 karra oshirish, ya’ni 6 milliard dollarga yetkazish;
  • asosiy e’tiborni kasalliklar profilaktikasiga qaratish. Kelgusi yillarda onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, onkologik, yurak-qon tomir, qandli diabet bo‘yicha erta o‘limni esa 2,5 barobarga kamaytirish;
  • xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarni kamaytirish maqsadida 40 yoshdan oshgan ayollar uchun tegishli davriylikda tibbiy ko‘rikdan o‘tishni joriy qilish. Kafolatlangan bepul tibbiy yordam, uning aniq hajmining huquqiy asoslarini ishlab chiqish;
  • “Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish;
  • sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, fuqarolarga tibbiy xizmatlar uchun kreditlar ajratish;
  • salomatlikni tiklash uchun bankdan imtiyozli 3 yil muddatidagi kredit olish imkoniyatini yaratish. Yurak nuqsoni bor 5 ming bolani va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘lgan 10 ming chaqaloqni har yili bepul davolash choralarini ko‘rish;
  • onkologik bemorlar davolanishi, sog‘ayib ketishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning odatiy hayotga qaytishiga ko‘maklashish;
  • ehtiyojmand oilalarning onkologik kasalligi bor farzandlariga o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish xarajatlari to‘liq davlat hisobidan qoplash;
  • nodavlat tibbiyot muassasalariga aholining hayoti, sog‘lig‘i va sanitariya-epidemiologik xotirjamligi uchun yuqori darajadagi xavf-xatar bilan bog‘liq tibbiy faoliyat turlaridan boshqa barcha tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga, murakkab operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berish va litsenziyalash tartibini soddalashtirish;
  • chekka hududlarda ta’lim va sog‘liqni saqlash tashkilotlaridagi yuqori malakali mutaxassislar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha ta’til kunlari, sayohat uchun to‘lovlar, uy-joy ijarasini o‘z ichiga olgan “Ijtimoiy paket” tizimini joriy etish;
  • shifokorlarni xorijiy mamlakatlarga tajriba almashish uchun davlat hisobidan yuborishda nodavlat tibbiyot tashkilotlari shifokorlari uchun ham kvotalar ajratish;
  • davlat tibbiy sug‘urtasi bilan birga nodavlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, shu tariqa tibbiyotda xususiy sektorning ulushini 25 foizga yetkazish;
  • mamlakatga sifatsiz va inson hayoti uchun xavfli dori vositalari olib kirilishiga chek qo‘yish;
  • zamonaviy farmatsevtika klasterlari hamda zonalarini tashkil etish, mavjudlari faoliyatining samaradorligi oshirish;
  • “Har bir oila o‘z uyiga ega bo‘lsin” shiorini amalda tatbiq etish. Kelgusi yillarda qo‘shimcha uy-joy qurilishi sohasiga 15 milliard dollar mablag‘larni yo‘naltirish orqali 1 million xonadonli uy-joylar qurish;
  • qurilish-pudrat tashkilotlari hamda aholiga imtiyozli va uzoq muddatli kreditlar berilishi bo‘yicha tizimli ish olib borish;
  • uch va undan ortiq farzandi bor 35 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga uy-joy sotib olish uchun imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish. Yangi uy-joy sotib olgan fuqarolarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi qaytarib beriladigan tizim joriy etish;
  • qurilishda yashirin iqtisodiyotga barham berish. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini tizimli davom ettirish;
  • “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyiliga asoslanib, ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligining vakolatlari va faoliyat ko‘lami yanada kengaytiriladi;
  • maosh oluvchi fuqarolarni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 barobarigacha daromad solig‘idan ozod etish;
  • elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha belgilangan ijtimoiy normalar miqdorlarini mavsumiylik, xonadon a’zolarining ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgani va oilalar sonidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish;
  • energiya ta’minoti sohasidagi moliyaviy hisobotlarda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash;
  • ortopediya, reabilitatsiya, tibbiyot va dori vositalarini nogironligi bor shaxslarning o‘zi tanlaydigan, davlat esa pulini to‘lab to‘lab beradigan tizim joriy etish. Protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larni 250 milliard so‘mga oshirish;
  • nogironlikni belgilash jarayonlarini soddalashtirish, sarsongarchilikka yo‘l qo‘yilmaslik, Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari bemor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tizimdan olishi va elektron rasmiylashtirishi;
  • nogironlikni belgilashda ijtimoiy modelga o‘tish yo‘nalishida tizimli ish olib borish;
  • ishlash istagidagi nogironligi bor shaxslarga zarur sharoitlar yaratish;
  • oilasidagi nogironligi bor shaxsga qarovchi ehtiyojmand insonlarga ish haqi to‘lash tizimini joriy qilish. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni biznesga jalb qilib, daromad topishga o‘rgatgan tadbirkorlarga yengilliklar berish;
  • yoshlarni hunar va zamonaviy kasblarga, xorijiy tillarga o‘qitish, ma’naviyatini, ma’rifatini yuksaltirish, kitobxonligini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda IT sohasi va sportga keng jalb etish borasida rejalarni amalga oshirish;
  • ishsiz yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish tizimini qayta ko‘rib chiqish;
  • korxonalar buyurtmasi asosida kasbga tayyorlash amaliyotini joriy qilish;
  • har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni tashkil qilish;
  • yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish va zamonaviy moliyaviy instrumentlardan keng foydalanish;
  • o‘z biznesini ijaraga olingan binoda boshlayotgan yoshlarga bir yillik ijara xarajatining 50 foizini qoplab berish;
  • talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan stajirovka tizimini rivojlantirish;
  • oliy ta’lim muassasalari huzurida tashkil qilingan “Karera va stajirovka markazlari” faoliyatini takomillantirish;
  • har bir mahallada “Mustaqil rivojlanish” markazlarini tashkil qilish;
  • yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirish uchun “maktab — oliygoh — IT kompaniyasi”dan iborat yaxlit “IT ta’lim” va xizmatlar zanjirini yaratish;
  • yoshlar uchun maxsus uy-joylar qurish va har yili mingta yosh oilaga imtiyozli ipoteka kreditlarini berish;
  • ayollarning masofaviy mehnat va raqamli tadbirkorlik bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirish, shu orqali ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 martaga kamaytirish;
  • boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini kamida 30 foizga ko‘paytirish. Qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmatini kengaytirish. Tug‘uruq ta’tilidagi ayollar uchun onlayn ishlash tizimini joriy etish yuzasidan huquqiy asoslar yaratish;
  • tadbirkorlik subyektlarining yopilishi oqibatida ishsiz qolgan yosh bolali ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularni ishsizlikdan sug‘urtalash tizimini joriy qilish;
  • keksalar sog‘lig‘ini tiklash va dam olishi uchun alohida dastur qabul qilish;
  • uch milliondan ortiq nuroniyni har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, shifoxona va sihatgohlarda davolash, ular uchun sayohatlar tashkil etish;
  • “Keksalar salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish orqali 70 yoshdan oshgan keksalarga bepul tibbiy va zarur ijtimoiy xizmatni kuchaytirish;
  • pensiya tizimini takomillashtirish orqali jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarining bir qismini fuqarolar ehtiyojlari uchun ular pensiya yoshiga yetmasidan to‘lab berish amaliyotini joriy qilish.

III. “Aholiga qulay atrof-muhit sharoitlarini yaratamiz”

  • Suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asoslarini joriy etish;
  • besh yil ichida barcha ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;
  • suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan fermer va dehqonlar xarajatining 50 foizini qoplab berish;
  • fuqarolar xonadoniga suv filtrlarini o‘rnatish uchun imtiyozli asosda iste’mol kreditlari ajratish, mamlakatda toza suvning tarkibiga nisbatan yagona standart joriy qilish maqsadida “Toza suv” loyihasini amalga oshirish;
  • Suv kodeksi loyihasini ishlab chiqish. Xonadonlarda, korxona va tashkilotlarda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish;
  • fuqarolar ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhit zararlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati hamda issiqlik energiyasi iste’moli sohalarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
  • barcha qishloq va shaharlarni qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash xizmatlari bilan to‘liq qamrab olib, ularni qayta ishlashni kamida 65 foizga yetkazish;
  • barcha hududlarda, avvalo, Toshkent shahrida atmosfera havosini yaxshilash bo‘yicha “Musaffo havo — 2030 milliy dasturi”ni qabul qilish;
  • hududlarda ekologik audit o‘tkazish va uning natijalarini jamoatchilikka e’lon qilish;
  • ekologik toza transportlar uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish, elektr transport vositalarini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish;
  • atrof-muhitga zararli tashlanmalarni qisqartirish hamda inson faoliyatining tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirish;
  • ko‘mir, mazut kabi energiya manbalari o‘rniga bosqichma-bosqich ekologik toza geotermal va boshqa qayta tiklanuvchi energiya turlarini yo‘lga qo‘yish;
  • eski avtotransport vositalari uchun Trade in tizimini joriy etib, ularni yuqori ekologik standartlardagi avtotransport vositalariga ayrboshlash istagidagi fuqarolarga kerakli mablag‘ni uzoq muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish. Bu imkoniyatlarni, eng avvalo, o‘qituvchi va shifokorlarga berish;
  • ishlab chiqarish korxonalari tomonidan atrof-muhit va havoga zararli chiqindilarni tashlash ko‘rsatkichlarini hisoblab, ularni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqish;
  • Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 500 ming gektar yashil maydonlarni barpo etib, ularning umumiy hajmini 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazish;
  • Orolbo‘yida xalqaro “Yashil iqlim” va Global ekologik jamg‘armalarining bioxilma-xillik, iqlim o‘zgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan dasturlari asosida 300 million AQSh dollari qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish;
  • Yashil maydonlarni ko‘paytirish uchun yiliga 400 milliard so‘m ajratib borish. Davlat idoralari, korxonalar, oliygohlar ham o‘z bog‘larini tashkil qilishi, yangi uy-joy qurishda pudratchilarga “yashil hudud” va avtoturargoh barpo etish majburiy etib belgilanishi;
  • mamlakatda yashil maydonlar, daraxtzorlar, gulzorlarni 30 foizga yetkazish. Shaharlar hamda ularning atroflarida “yashil belbog‘”lar barpo etish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 2,5 barobarga oshirib, ishlab chiqarilgan energiyada ularning ulushini 40 foizga yetkazish;
  • “yashil” texnologiyalarni keng qo‘llash, ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarishda yopiq siklli texnologiyalardan foydalanish;
  • energetik xavfsizlikni hamda iqtisodiyotni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun atom texnologiyalari va energiyasidan xavfsiz foydalanish infratuzilmasini rivojlantirish, AES qurish va undan xavfsiz foydalanishni qo‘llab-quvvatlash;
  • sanoatda “yashil sertifikat”lar bozorini yaratish. Avtobuslarni ekologik toza elektr yoki gaz yonilg‘isiga o‘tkazishni izchil davom ettirish. Qurilishda energiyani tejash bo‘yicha talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minsh;
  • energiya samaradorligini 2 karra oshirish. Qishloq xo‘jaligida agrovoltaika amaliyotini keng joriy qilish;
  • ekologik toza energiya ishlab chiqarish jarayonlariga xususiy sektorni keng jalb qilish.

IV. “Xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etamiz”

  • Davlat xizmatchilari tomonidan davlat budjeti hisobidan ortiqcha qimmat narsalardan foydalanishni cheklash, qimmatbaho avtomobillar va telefonlarni davlat hisobidan sotib olishni tartibga solish;
  • budjet xarajatlarini qisqartirishga erishish, ijro hokimiyati tizimida xizmat mashinalari sonini qayta ko‘rib chiqish;
  • raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish;
  • davlat xizmatlarining kamida 300 tasini (40 foizini) xususiy sektorga o‘tkazish va fuqarolarning shaxsiy ishtirokini 2 barobarga qisqartirish;
  • fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanish uchun murojaat qilishida arizani yozish, turli shakllarni to‘ldirish kabi ortiqcha formal tartiblarni bekor qilib, davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron bazadan o‘zi oladigan tizimni yaratish;
  • budjet tashkilotlari xarajatlarining shaffofligini ta’minlashda parlament va mahalliy kengashlar oldidagi hisobdorligini kuchaytirish. Mulk shaklidan qat’i nazar, barcha mehnat jamoalarida ish vaqti me’yorlariga qat’iy amal qilish;
  • hokimlarning kengash oldida hisobdor bo‘lishi, mas’uliyati va javobgarligi oshishini ta’minlaydigan tizimni mustahkamlash. Hokim va mahalliy kengashning javobgarlik doirasi va aniq vazifalarini belgilash;
    mahalliy kengashlar faoliyatiga oid 500 dan ortiq qonunchilik hujjatini tizimlashtirish;
  • qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida qonunchilikni takomillashtirish;
  • aholi farovonligini ta’minlashda mahallani jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasidagi “ko‘prik”ka aylantirish;
  • mahallalarni “bir qadam” tamoyili asosida fuqarolarning aksariyat masalalarini hal etadigan maskanga aylantirish;
  • aholi turmushini yanada yaxshilash maqsadida “Tashabbusli budjet”ga beriladigan mablag‘lar 3 karra oshirilishini kun tartibiga chiqarish;
  • “Tashabbusli budjet” loyihasidan maktabgacha ta’lim, maktab, tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish masalalarini chiqarib, ularni alohida sohaviy dasturlar orqali moliyalashtirish tartibiga o‘tish;
  • mustaqil sud tizimi va odil sudlov tizimiga erishish. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatib, odil sudlovga erishish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish;
  • qonunchilikni qo‘llashda muayyan sud ishi bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatini boshqa shu turdagi ishlarga qo‘llash imkonini beruvchi “sud pretsedenti huquqi”ni amaliyotga joriy etish;
  • jabrlanuvchining iltimosiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atmasdan ham yarashish imkoniyatini yaratish;
  • jinoyat sodir qilgan shaxslar kelgusida tuzalish yo‘liga o‘tishi uchun muqobil jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarini kengaytirish. Tergovda shaxs huquqini cheklashga sanksiya berish masalasi alohida sudyalar tomonidan ko‘rib chiqilishi;
  • iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha “qamoqqa olib tergov qilish” amaliyotiga chek qo‘yish, buning o‘rniga garov ehtiyot chorasidan keng foydalanish. Bu masalada ayblanuvchi yoki himoyachi tomonidan sudlarga ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqida murojaat qilish imkoniyatlari kengaytirish;
  • ichki ishlar va milliy gvardiya organlari xodimlarining fuqarolar bilan muloqot qilish standartlarini joriy etish orqali ularni xalq ko‘z o‘ngida tom ma’noda himoyachiga aylantirish;
  • barcha sohalarda shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlash talablarini kuchaytirish;
  • fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash, mulki va mablag‘larini firibgarlar va kiberjinoyatchilardan himoya qilish;
  • yo‘l-transport xodisalarini keskin kamaytirish choralarini ko‘rish, jinoiy javobgarlikni kuchaytirish, yuqori tezlikda harakatlanadigan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish;
  • yo‘l harakati va boshqa sohalardagi jinoyatlar natijasida boquvchisidan mahrum bo‘lganlarga aybdorlardan 18 yoshga to‘lgunga qadar aliment olish huquqini berish;
  • Advokatlar palatasining advokatlarni himoya qilish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi faoliyati takomillashtirish;
  • advokatlar reytingini joriy qilish orqali advokatlik tizimida raqobat muhitini rivojlantirish;
  • biznes yuritishga xalaqit berayotgan qator normalarni qayta ko‘rib chiqish: (1) tadbirkorning manzili, bank rekvizitlari o‘zgargani yoki qayta ro‘yxatdan o‘tgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmaganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlikni bekor qilish; (2) tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlaridagi amaliyotlarni to‘xtatib turishga faqat sud tartibida ruxsat berishni qonun darajasida belgilash; (3) nazorat qiluvchi organlar zimmasiga tekshiruv o‘tkazilishi haqida Savdo-sanoat palatasini kamida 10 ish kuni oldin xabardor qilish majburiyati yuklanishini qonunda belgilash; (4) soliq intizomining buzilishi bilan bog‘liq ma’muriy jarima miqdorini huquqbuzarlik keltirib chiqargan iqtisodiy oqibatning ta’sirini inobatga olib tabaqalashtirish; (5) tadbirkorlik subyektlarining o‘zlariga ko‘rsatilgan xizmatlar, shu jumladan, berilgan kreditlar yuzasidan banklar va boshqa moliya tashkilotlari oldidagi shartnoma majburiyatlarini asosli biznes tavakkalchiliklari tufayli bajarmagani ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmasligini qonunchilikda belgilash;
  • erkinlik va ochiqlik siyosatini davom ettirib, ommaviy axborot vositalari (OAV) faoliyatining erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarini qat’iy kafolatlash;
  • so‘z erkinligiga qarshi har qanday urinishlarga qarshi turish va mustaqil nodavlat matbuot tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
  • korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya qabul qilish.

V. “Mamlakatimiz suvereniteti va xavfsizligini kafolatlaymiz”

  • diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash, fuqarolarni turli mafkuraviy tahdidlar, zararli oqim va g‘oyalardan himoya qilish;
  • diniy va ma’naviy merosni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi xalqaro markazi va boshqa ilmiy-ma’rifiy markazlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solish;
  • Partiya O‘zbekiston tashqi siyosati faqat xalqning milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda olib borilishi zarur, degan qat’iy pozitsiyada;
  • uzoq va yaqin davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar va hamkorlikni ana shu tamoyil asosida rivojlantirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosatni davom ettirish;
  • tashqi siyosatda qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantirish;
  • O‘zbekistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi tashabbuslarini xalqaro maydonda faol ilgari surish, Markaziy Osiyoda turli yo‘nalishlar, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi amaliy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqilishini qo‘llab-quvvatlash;
  • dunyoning qudratli davlatlari va boshqa strategik hamkorlar bilan yangi formatdagi amaliy aloqalarni mustahkamlash;
  • Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika va transport, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish;
  • Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasidagi ishlarni uzluksiz davom ettirish. Transport sohasida tashqi savdo uchun “yashil koridorlar” hamda tranzit imkoniyatlari kengaytirish;
  • iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish. Bunda investitsiya va innovatsiyalarni keng jalb qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va O‘zbekiston imijini faol targ‘ib etish barcha diplomatik vakolatxonalarning asosiy vazifasiga aylanishi kerak;
  • xalq diplomatiyasining, ayniqsa, uning muhim shakllaridan biri bo‘lgan partiyaviy diplomatiyaning rolini oshirish. O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslarini keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi ishlarni jadallashtirish;
  • xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning O‘zbekiston taraqqiyotida faol ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish;
  • xorijdagi vatandoshlar orasida ona tili, milliy madaniyat va an’analarni targ‘ib etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish;
  • tashqi mehnat migratsiyasi tizimini isloh qilib, xorijga ishlash uchun borayotgan fuqarolarni kasbga va chet tillariga o‘qitish ko‘lamini kengaytirish;
  • xorijda ishlab yurgan yurtdoshlar uchun, avvalo, O‘zbekistonda ishlab, munosib ish xaqi olishlari uchun imkoniyat yaratish;
  • murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarga huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatishni oshirish;
  • mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga doimiy g‘amxo‘rlik qilish va ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish;
  • xorijda daromadli mehnat bilan band bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlarga asosiy migratsiya oqimi bo‘lgan mamlakatlar tillarini bepul o‘rganish uchun sharoit yaratish;
  • xorijga mehnat qilish uchun chiqishda hujjatlarni rasmiylashtirish, sug‘urta, yo‘l haqi va boshqa xarajatlar uchun kredit, subsidiya va grantlar hajmlarini kengaytirish;
  • har bir hududda fuqarolarni xorijiy tillarga va talab yuqori bo‘lgan kasblarga bepul o‘rgatadigan markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • jahonda sodir bo‘layotgan murakkab jarayonlar sharoitida O‘zbekistonning davlat mustaqilligi, sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini yanada mustahkamlash. Bunda milliy xavfsizlik sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mamlakat mudofaa salohiyatini yuksaltirish;
  • Qurolli kuchlarning qudrati, mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatni oshirish maqsadida milliy armiyani 2030-yilga qadar eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlash;
  • qo‘shinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, ularni va oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash.

“O‘zbekiston — inson qadri ulug‘lanadigan, har bir fuqaro o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan mamlakat bo‘lmoqda va bo‘lmog‘i kerak! Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida buni ko‘rishni istaydi… Birgalikda biz kuchmiz! Birgalikda qudratlimiz! O‘zbekiston taraqqiyoti uchun birlashaylik!Va’da emas natija, ertaga emas bugun!” — deyiladi partiya dasturida.