Botir Erkinovich Zohidov kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda 23-sentabr kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishda Bandlik vazirligining hozirgi ish yuritishi bilan tegishli marralarga erishib bo‘lmasligi qayd etildi. Bu vazirlik faoliyati ham mutlaqo boshqacha bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Botir Zohidov (1982-yilda tug‘ilgan) 2022-yil sentabr oyidan buyon Shayxontohur tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. U, shuningdek, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2003-yilda Toshkent moliya institutini, 2008-yilda Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. Bank sohasida 20 yillik ish tajribasiga ega.

2022-yil oxiridagi ma’muriy islohotlar paytida vazirlik rahbari etib tayinlangan Behzod Musayev hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga rahbar bo‘ldi.