O‘zbekiston Mustaqilligining 33 yilligi nishonlangan 1-sentabrdan beri Surxondaryo viloyatining Boysun tumani, hududdagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz koni sabab, jamoatchilik diqqat markazida turibdi. Konning 604-qudug‘ida 1-sentabr va 17-sentabr kunlari yuz bergan avariyalardan so‘ng, aholi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda ahvol ko‘ngildagidek emas (ikki avariya oralig‘ida Boysun qanday yashagani haqida esa “Gazeta.uz” videoreportaj tayyorladi); kondan chiqayotgan zaharli gaz esa nafaqat Surxondaryoning boshqa tumanlarida, balki qo‘shni Qashqadaryo viloyatida ham sezila boshlagan.

“Gazeta.uz” muxbirlari bilan suhbatlashgan boysunliklar gazdan zaharlanishayotgani, bunga qarshi choralar ko‘rilmayotgani, himoyalanish bo‘yicha rasmiylar tomonidan hali ham biror bir ko‘rsatma berilmaganini aytgan bo‘lsa, boshqa bir qismi endi ijarada yashashi va o‘ziga yetkazilgan zararni qoplashi uchun moddiy va ma’naviy kompensatsiyaga ehtiyoji borligini ta’kidlamoqda. Ular qishda ham shunday tahlikali holat takrorlanishidan xavotirda. Shuningdek, kon yaqinidagi qishloqlarga bir martalik yordam sifatida go‘sht va guruch tarqatilgani ham aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, boysunliklardan voqea haqida internetda ma’lumot, foto va videolar tarqatmaslik so‘ralgan. Shu bois, tumandagi vaziyat haqida ma’lumot bergan va o‘z fikri bilan bo‘lishgan boysunliklarga zarar yetmasligi uchun, “Gazeta.uz” respondentlarning shaxsini yashirdi.

“Uyimga o‘g‘ri tushgani uchun xavfsizroq hududga ko‘chib o‘tmadim”

Kofrunlik erkak

Avariya yuz bergan kondan 5−6 km uzoqlikda yashayman. Ikkinchi marta gaz ochilib ketganini 17-sentabr kuni peshindan keyin, mollarga qarayotganda bildim. Havo birdan avvalgidek sasiy boshladi. Qishloqning Telegramʼdagi guruhiga kirib, gaz ochilgani haqidagi yozuvlarni ko‘rdim va sarosimaga tushdim. O‘zi gaz yopilgani xabar berilgan kunining ertasiga bola-chaqani uyga chaqirgandik.

Xayolimdan birinchi o‘tgan narsa: “Yana sarson-sargardonlik boshlanar ekan-da”, degan gap bo‘ldi. Chunki 15-sentabrgacha oila a’zolarimizni boshqa hududlarga jo‘natishga majbur bo‘lgandik. Yeb-ichish, yotoq-joy, boshqa masalalar qiynab qo‘ygandi. To‘g‘ri, bizning oilada o‘zim haminqadar harakat qildim, qarindosh-urug‘lar yordam berishdi, lekin shunda ham qiynaldim.

O‘zimdan o‘tganini o‘zim bildim, bolalarimga bildirmadim. Shunchalik ilojsiz, og‘ir ahvolda qolganimiz, hech kimga kerakmasdek tashlab qo‘yilganimizni farzandlarim bilishini xohlamadim. Imkoniyati cheklangan oilalar, beva-bechoralar, boquvchisini yo‘qotganlar ko‘p edi, aholi ham juda qiynaldi.

Gaz hidi oldingisidan ham yomon. Chunki bundan avval gazni ham yoqib turishgandi, ham suv sepib turishgandi. Hid ikki-uch soat kelardi-da, bir aylanib ketardi. Hozir esa gaz kunduzi soat 10 dan kechki soat 7 gacha tinmay keladi. Shu paytda havodan nafas olish deyarli imkonsiz. Kuchli boshog‘riq, qayt qilish bilan birga yeganing oshqozonga toshdek botadi.

O‘sha kunning o‘zida bolalarda yana lanjlik, ishtahasizlik kuzatildi. “Tez yordam” chaqirishga ham majbur bo‘ldik. Onamning yuragi qaltirab, qon bosimi juda oshib ketdi, ayolimning ko‘ngli aynib, tinimsiz bosh og‘irig‘idan shikoyat qildi. Bir kecha chidadik, ertasiga bolalarim, ayolim va onamni, qarz-havola qilib bo‘lsa ham, Termizga jo‘natdim.

Maktab-bog‘chalar gaz ikkinchi marta ochilib ketgan kunda yopilgandi, ertasi kuni yana ochildi. Yuqoridagilarning topshirig‘i emish, ota-onalar ixtiyoriy ravishda bolasini maktabda jo‘natishi mumkin ekan. Qizim bog‘chaga boradi, o‘g‘lim esa maktabga. Darsidan qolsa qolar deb shaharga jo‘natdim. Bu yerda gaz xonada to‘planib qolyapti.

Bolalarda hali bizdagidek immunitet yo‘q. Ular yosh narsa bo‘lsa. Tanish-bilishlar, do‘xtirlardan surishtirdik — gaz havo orqali o‘pkaga o‘tarkan, o‘pkada suv bilan reaksiyaga kirishib, oshqozonga ta’sir ko‘rsatarkan, keyin ichakning shilliq qavatini yemirib, bolalarda ich ketish, ovqat ushlab turolmaslik, asab, boshqa kasalliklarni rivojlantirar ekan.

O‘zim uyda qolganman. Mol-holga egalik qilib o‘tiribman. Birinchi [avariyadan keyingi dastlabki] 15 kunlikning ikki kunida oilamni Termizga joylashtirgani ketgan vaqtim, uyga orqa derazani sindirib, o‘g‘ri kirgan, hammayoqni titgan, qarasa, olib ketgulik hech narsa yo‘q — pul, tilla buyumlarni o‘zimiz bilan olib chiqib ketgandik. Ikkita eski televizor bor edi, ko‘tarish qiyin bo‘lgani uchun tashlab ketgan.

Qarindoshlar, tanishlardan eshityapmiz — hamma “o‘z kuningni o‘zing ko‘r”, degandek o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Imkon qila olganlar asosan Termizga, Denovga chiqib ketyapti, chunki u yerga gaz hidi bormaydi.

[Vaziyat haqida, nima qilish kerakligi haqida] biror ma’lumot ham aytilmayapti. Hatto Telegramʼdagi guruhlarda xavotir olib bir narsa yozsang, biror narsa so‘rasang, spam qo‘yib, bloklab tashlashyapti yoki yozganingni o‘chirishyapti. Hech yo‘g‘i qilayotgan ishlari haqida, “Mana bugun shuncha ishni qildik, shunchasini qilolmadik”, deb aytib tursa, jarayonlardan xabardor bo‘lib tursak, [odam sal xotirjamlashardi].

Aholiga oldin ham, hozir ham yordam berilgani yo‘q. Toshkentga, rahbarlarga bu yerdagi ahvol haqida yolg‘on ma’lumot yetkazilyapti, shekilli — aslida ahvolimiz abgor. Mayli, holatni yaxshi deyayotganlar, oilasi, bola-chaqasi, ota-onasi, xotini, singlisi, kelinini olib kelib, shu yerda bir kun yashab ko‘rsin. Keyin ko‘ramiz. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda yashayotgan barcha fuqarolar davlat deganda otani tushunadi. Bu yerdagi mas’ullarning hozir qilayotgan xatti-harakati esa xalqning davlatga nisbatan ishonchsizligini uyg‘otadi. Chunki xalq og‘ir kunida otasi kelib farzandlarining hol-ahvolini so‘rashi, yordam berishini xohlaydi. Televizorda, ijtimoiy tarmoqlarda biror yerda, biror davlatda shunaqa falokatlar bo‘lsa, yordam jo‘natilishini ko‘ramiz, O‘zbekiston tomondan ham jo‘natiladi. Lekin nimaga o‘zbekning o‘ziga oddiy himoya vositalari, respiratorlar tarqatilmayapti? Respiratorlar Toshkentdagi do‘konlarda 45−50 ming turarkan. Jilla qursa o‘shalardan olib kelib, uyida qolgan odamlarga tarqatilsa ham bo‘lardi. Kompensatsiya haqida-ku gap bo‘lishi mumkin emas. Uni to‘lamasligini ham bilamiz.

Aholi sarosimada, ertangi kunga umid bor-u, ishonch yo‘q. Buyog‘iga kunlar soviyapti. Ahvol shu zaylda davom etsa, odamlar bola-chaqasini sudrab qayerga boradi? Ota boshim bilan men ich-etimni yeb o‘tiribman — qayerga boraman, qayerlarda yashayman, bola-chaqamni qaysi pulga boqaman? Shaharlarda kvartira narxi qimmat, kommunal xizmat haqlari bor. Qolaversa, u yerda yana maktabga joylashtirish kerak. Na ko‘zga uyqu keladi, na tomoqdan ovqat o‘tadi.

Gaz koni o‘ylab, rejalashtirib qilinmagan ekan-da. Kon borligi 1960−1970-yillarda ayon bo‘lgan. Avval zavodni qurib bo‘lib, keyin konni ochib zavodga, ulab yuborganda, ishlab chiqarish boshlanib, birdan uzataverardi. Hozir gaz kamida 700−750 atmosfera bosimda chiqyapti. Kechalari uning alangasi, huvillagan ovozidan qo‘rqib ham chiqasiz — ovozi yaqqol eshitilib turadi.

Aholiga ijtimoiy ko‘mak, ya’ni oziq-ovqat mahsulotlari berilishi kerak. Ko‘pchilik qiynalyapti, chunki u shahardan bu shaharga ko‘chib yurishning o‘zi bo‘lmayapti. Qarindosh-urug‘inikiga ham ikki-uch kun sig‘adi. Undan keyin 5−6 jonni kim mehmon qiladi, kim yaxshi ko‘radi? “O‘z uying — o‘lan to‘shaging”, deyishgan.

Umid va qo‘rqinch orasidaman. Nima qilishni, qayoqqa qarab ketishni bilmayman. Mas’ullardan javob yo‘q, javob yo‘q, javob yo‘q (biroz to‘xtab, ovozi bo‘g‘ilib, yig‘i aralash gapida davom etadi — tahr.).

Televidiniyadami, hech bo‘lmasa, qishloqma-qishloq yuribmid, gazdan qanday himoyalanish kerak, nimalar iste’mol qilish kerak, qanday dorilar ichish kerakligi haqida ma’lumot berishsa, yaxshi bo‘lardi.

Aholi “tez yordam” chaqiradi, “tez yordam” keladi, ikkita “aktirovanniy ugol”ni beradi, bitta tinchlantiruvchi bilan dimedrol berib ketadi. Agar ahvoli og‘ir bo‘lsa, uni tumandagi shifoxonaga ko‘chiradi. Lekin bundan zaharlanish qanday oqibatlarga olib keladi? Yoshlarga, emizikli onalarga, homiladorlarga, keksalarga qanday zarari bor — batafsil, ochiq-oshkora yoritish kerak. Buni yashirib nima qiladi, yashirib nima topadi? Vaqti kelib, bu o‘zining ta’sirini ko‘rsatmaydimi?

Bora-bora hid sezmay qolyapmiz, asablarimiz falajlanyapti. 10 sekund oldin qo‘ygan narsangizni esdan chiqarasiz, biror yerga ketayotganda o‘zingizga: “Qayerga ketayotgandim?”, deb savol berasiz. Ta’siri juda kuchli.

Mana shunday qiyin vaziyatdamiz. Gaz nafaqat Boysun tumani, qo‘shni Sherobod, Bandixon tumanlarigacha boryapti. Shamol yo‘nalishini o‘zgartirganda o‘sha yoqni borib, yakson qilib tashlayapti. Aholi kechqurun boshqa yoqqa qochib chiqib ketishga majbur bo‘lyapti. Sovuqdan himoyalanishingiz, issiqdan boshpana topishingiz mumkin, lekin bundan himoyalanishning umuman imkoni yo‘q.

Oddiygina haydovchi piyodaga yo‘l bermasa, YPX xodimi uni ushlab, “Piyodaning hayotini xavf ostiga qoldiring” deb, jarimaga tortdi. Lekin bu yerda minglab insonlar, minglab bolalar, keksalar, ayollarning hayoti xavf ostida. Buni yashirishyapti. “Vaziyat nazorat ostida, hammasi yaxshi, vahimaga o‘rin yo‘q”, deyishadi. Lekin ahvol mana shunaqa. Avariyadan 15 kun oldin ham “vaziyat nazorat ostida”, deyishgandi. Yopgan gazlari qayta ochilib ketgach, nazoratlari qanday bo‘lganini bildik.


“Daromadidan ayrilgan odamlar, tadbirkorlar va chorvadorlarning zararini qachon, kim qoplab beradi?”

Kofrunlik erkak

17-sentabr kuni soat 16:40 lar atrofida mahallamizning Telegramʼdagi guruhida konga yaqin bo‘lgan odamlardan biri gaz yana ochilib ketgani haqida videoxabar qoldirdi. Biz ehtiyotimizni qilishimiz kerakligi haqida yoza boshladik. Mahalla raisimiz: “Menga tepadan xabar kelmadi”, deb yozdi. Biz esa tepadan nimadir gap kelishini kutishimiz kerak emasligi, hammayoqni gaz hidi yana qoplaganining o‘zi ketishimiz uchun asos bo‘lishi haqida yozdik.

Bir necha daqiqa o‘tib rais “Hamma tayyorgarligini ko‘rib ko‘chalarga chiqsin, avtobuslar kelib olib ketadi, kollejlarga joylashasizlar”, deb yozdi. Rais aytganidek avtobuslar keldi, mahallani aylanib, aholini olib chiqib ketdi…

Meni qiziqtirayotgan savol shuki, nega mas’ullar haqiqiy ahvol haqida hali ham xabar bermayapti? Nega Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki hokimlik aholining ichida zaharlanganlar bor-yo‘qligi bilan qiziqmayapti? Yoki davlatimizga faqat boylik qizig‘u, ammo aholining sog‘lig‘i va tinchligi qiziq emasmikan?

Mahallamizdan ko‘pchilik zaharlangan. Ulardan hol so‘raydigan odam, mutasaddi yo‘q. Mahalla raisimizning o‘z necha kundan beri shifoxonada davolanyapti. Obodonlashtirishning bir necha xodimi is gazidan zaharlanib, shifoxonaga tushgani, keyin hokimning topshirig‘i bilan ko‘chaga haydab solingani haqida eshitdik. Ko‘p joylarda ahvol shunday: odamlar davolanishga imkoni yo‘qligidan uyida qon bosimi ko‘tarilib, qusib yotibdi.

Davlatimiz nega shularni o‘ylamayapti? Nega shunday vaziyatda aholi bepul dori-darmonlar bilan ta’minlanmayapti? Ijtimoiy tarmoqlar yoki telekanallardan bu gazdan zaharlanganda uy sharoitida qanday usullar bilan davolanish mumkinligi ko‘rsatilmayapti? Yoki bizda inson qadri shunchalik pastmikan?

Shu gaz tufayli aholining uy hayvonlari va parrandalari o‘lib ketyapti. Nonimiz ham, pulimiz ham shular edi, shular hisobiga kun kechirardik. Daromadidan ayrilgan odamlar, tadbirkorlar va chorvadorlarning zararini kim qoplab beradi? Ijarada yashayotgan odamlarning ijara haqini-chi?

Xavfsiz joy deb, aholi ko‘chirilgan mahallalarni ham vaqti-vaqti bilan gaz hidi qoplab olyapti. Bunday holatlarda evakuatsiya aslida FVV xodimlari tomonidan tibbiyot xodimlari nazorati ostida amalga oshirilishi kerak emasmi? Ikkala evakuatsiyada ham FVV va tibbiyot xodimlari mahallaga kelmagan. Avtobuslar Enter Engineering va hokimlik tomonidan jo‘natilgan. Boysunda FVV va tez tibbiy yordam xodimlari yo‘qmi yo ularni gazlangan aholining ahvoli qiziqtirmasmikan?


“Lola uzgan cho‘ponga 2 mln so‘m jarima solishni bilgan Ekologiya vazirligimiz nimagadir hozir jim”

Boysun shahrida istiqomat qiluvchi erkak

20-sentabr kuni vaziyat yanayam jiddiylashdi. Avvalgi kunlardagidan ham kuchliroq qandaydir hid tarqaldi. Tunda Rabot qishlog‘idagi aholining aksari gazdan zaharlangan. Ularni tez tibbiy yordamga olib keltirish uchun avtobuslar, tez yordam mashinalari jalb qilingan.

Ish yuzasidan o‘sha konning yonidan o‘tib qaytaman. Evakuatsiya qilingani aytilganiga qaramay, qishloqning aksar aholisi o‘z uyida yashayapti. Puli bor, yashash uchun joy topa olganlarigina boshqa yoqqa chiqib ketgan. Rahbariyatning esa ko‘zi ko‘r, qolog‘i kar, “jinnini yoqib olgan”.

Gazni yopisholmasligi aniq. Nima yo‘lini qilib bo‘lsa ham, zavodni ishga tushirib, o‘sha gazni zavodga qayta ishlash uchun yo‘naltirish kerak — eng to‘g‘ri yechim shu. Bitta tog‘ lolasini qiziqib uzgan cho‘ponga 2 mln so‘mga yaqin jarima solgan Ekologiya vazirligimiz shuncha odam, tabiat qiynalib turganda nimagadir jim o‘tiribdi.

22-sentabr holatiga ko‘ra, gaz hali ham kuchli chiqyapti. Yaqin o‘rtadagi qishloqlarga mol so‘yib, bir martalik yordam sifatida go‘sht va guruch tarqatishgani haqida eshitdim, ammo bu yordam kim tomonidan berilgani noma’lum.

Odamlar gazning zararli ta’siridan himoyasiz qolishda davom etyapti. 23-sentabr kuni vaziyat yanada jiddiylashdi — gaz quduqning boshqa joylaridan ham qaynab chiqa boshladi.


“Bu gazning zahariga chidab bo‘lmaydi”

Boysun shahrida yashovchi onaxon

17-sentabr kechga yaqin xo‘jayinimni shifoxonaga olib borgan edim, osma ukol olayotgan edilar. 1-sentabrda gaz ochilganidan beri boshim, oshqozonim, ichim og‘riyapti, deb yurardi. O‘tib ketar, deb o‘zlariga olmay, qatiq, suyuq narsalar ichib yurdilar. Oxiri yotqizib qo‘ydi. Ahvollari og‘ir edi. Hamshira kirib: “Yana gaz ochilibdi, yomon bo‘libdi”, deb qoldi. Yuragim shuv etib, kayfiyatim tushib ketdi. Xo‘jayinim ham qusib, mazalari bo‘lmay, shunday yomon ahvolda osmani oldilar.

Shifoxonadan chiqayotganimizda ko‘plab “tez yordam” mashinalari kelib-ketayotgandi. Taksiga o‘tirib uyga qaytayotsak, aholi ko‘chada g‘ala-g‘ovur va vahimada yurganini ko‘rdik. Uyga kirdik. Yarim soatlar o‘tib, shunchalik hid keldiki, endi chidab bo‘lmaydi-da, dahshat. Eshiklarini yopsak ham ichkarini gaz bosib ketdi. Juda sarosimaga tushib qoldik.

Xo‘jayinim: “Shifoxonaga yotmayman, uyga boraman, bu yerda qon bosimim ko‘tariladi”, deb uyga kelgandilar. Nevaralarimni uyoqdan buyoqqa yashiraman. Xudojon, shuginalarning umri uzoq bo‘lsin, eson-omon yursin, biz-ku ko‘radiganlarimizni ko‘rdik, deb duo qilaman…

Boysun shahrining o‘zida bo‘lib, tomog‘imiz qichiydi, ko‘zdan yosh oqadi, tinmay aksa uramiz. Kon atrofidagilar qanday chidayapti ekan, bilmayman. Xudoyim, shu insonlarga sabr, sog‘lik bersin. Gazni yopish uchun ishlayotganlarga ham kuch-sabr, madad bersin.

Qo‘shnimning ikkita kelini homilador. Bechora, shunday qiyin ahvolda. Katta kelinining bir necha homilasi bo‘lmagan edi. “Ichkariga olib kiraman, yashiraman, havo toza bo‘lsa, yana olib chiqaman, ahvol juda og‘ir”, deydi bechora qaynonasi. Ikkinchi kelini kechalari qusib chiqarkan.

Bu gazning zahariga chidab bo‘lmaydi. Shu kungacha hidi to‘xtagani yo‘q. Hozirgacha tomog‘im achishyapti. Mening ahvolim-ku shunday, go‘daklar aytolmaydi, ular qanday chidaydi? Homiladorlar qanday farzand dunyoga keltiradi? Bu gaz o‘pka, jigarni tamom qilarkan, deyishyapti. Yopib tashlashning iloji yo‘qmi? Baraka topgurlar, shu gaz konini tag-tugi bilan yopib tashlasin! Bechora xalqni, oddiy xalqning aybi nima?

18-sentabr kuni tush payti bog‘cha opalar telefon qilib “Bolalaringizni olib ketinglar, uxlashsa, gazlab qolishadi” deb aytishdi. Maktabda ikkinchi smenaga boradigan o‘quvchilarni ham xonaga kirgizmay, qaytarib yuboribdi — bechora o‘qituvchilar ham xonalar gazning hidiga to‘lib ketganiga qo‘rqqan-da. Keyingi kundan darslar yana davom etaverdi. O‘quvchilar xonalar gazning hididan dimiqib ketgani aytsa, bog‘cha bolalari yostiqlaridan yomon hid kelishini aytib shikoyat qilyapti.

Birinchi avariyadan keyin faqat oltingugurtning hidi kelardi, hozir esa — gaz plitangiz ochilib qolsa, qanaqa hid keladi — oltingugurt hidi shunaqa hid bilan qo‘shilib kelyapti. 22-sentabrda gaz hidi kelishda davom etyapti — peshindan boshlab shu darajada kuchli keladiki, bunga chidash imkonsiz, nafas ham ololmay qolyapmiz.

aholi мuрожаатlarи, бойсuн, бойсuнdagi kon, gaz koni, gaz konida portlash, кофрuн, м-25, oltingugurt gazи

“Enter Engineering xalqqa kompensatsiya to‘lashi kerak”

Kofrunlik erkak

Kofrunda, kondan 500−600 metr uzoqlikda yashayman, shuning uchun gaz yana ochilib ketganini ham yaqqol bildik. Gaplashib turgandik, gurs etgan ovoz va chang-to‘zon ko‘tarildi, keyin gaz chiqa boshladi.

“Yopildi” degan xabarni eshitib, ota qishlog‘imizga qaytamiz, deb juda quvongandik. Lekin xursandchiligimiz ko‘p o‘tmay qayg‘uga aylandi va yana ota qishlog‘imizni tashlab chiqishga majbur bo‘ldik. 15 kun sarson bo‘lganimiz yetmaganidek, bu g‘avg‘o yana davom etadigan ham bo‘ldi.

Avvalgi holat ham yomon edi, lekin bu safar hid juda kuchli, shaxsan mening sog‘lig‘imga ham jiddiy shikast yetkazyapti. Hozir Boysun tumani markazida yashayotgan bo‘lsak, hid shu yergacha kelyapti.

Gaz koni sabab ikki qishloqdoshimizdan ayrildik. Bolalari yetim, ota-onasi bo‘zlab qoldi. Biri og‘aynim edi, yana biri qo‘shnimning o‘g‘li. Qo‘shnimning turmush o‘rtog‘i ham o‘tib qolgandi, endi o‘g‘lidan ham ayrildi.

Maktab, bog‘chalar yopilgan. Oldingi talafotda mahalla raisi sog‘lig‘ida juda katta o‘zgarish bo‘lgandi, hozir kasalxonada. Shunga qaramay, odamlarning holidan telefonda bo‘lsa ham xabar olib turibdi.

Hozir gaz konini yopish va xalqqa hech qanday talafot yetkazilmasligi, oldingidek tinch yashashga qo‘yib berishlarini so‘rab qolaman. Qo‘shimcha sifatida aytishim kerakki, Enter Engineering kompaniyasi xalqqa yetkazgan moddiy va ma’naviy zarari uchun kompensatsiya to‘lashi kerak.


“Og‘aynim: „Biz o‘lyapmiz, olib ketadigan hech kimimiz yo‘q“, deb telefon qildi”

Musofir erkak

Men uch oydan beri O‘zbekistonning boshqa hududida musofirchilikdaman. Oilam, keksa ota-onam Kofrun qishlog‘ida. 1-sentabrdan buyon halovat yo‘q.

Gaz chiqqan tunda oilam shahardagi bir qarindoshimning ancha yillardan beri hech kim yashamaydigan eski xonadoniga borgan. U yerda yashash uchun umuman sharoit yo‘q ekan, o‘sha tunda uxlashmagan ham. Ertasi kuni tongda otam gaz qoplagan qishlog‘imizga qaytib borib, ko‘rpa-to‘shak, oziq-ovqatlar olib kelgan. Borib kelgunicha gaz ta’sir qilib qolib, ancha muddat ko‘ngli aynib, boshi og‘rigan.

Uch xonali uyga yana boshqa, borarga joyi yo‘q qarindoshlarimiz — olti oilani chaqirib, hozirgacha o‘sha yerda yashab kelishyapti. Taxminan 15−20 nafar kishi. Otamning maoshdan boshqa daromadi bo‘lmagani uchun 15 kun ichida anchagina qiynalib qolishdi. Ukam, singillarim maktabga chiqa olmaganiga: “Endi umuman o‘qimaymizmi, uyimizga qaytib bora olmaymizmi?”, deya xarxasha qila boshlagan. Amakimning qizi hozir gazlanib, kasalxonada yotgan ekan.

O‘sha tunda hamma o‘z jonini saqlash uchun imkon qadar mahalladan chiqib ketishga harakat qilgan. Og‘aynimning aytishicha, ular tonggi soat 3−4 gacha qolib ketgan. “Otam Rossiyada ekani bizning chiqib ketishimizga xalal berdi. Biror transport topa olmadik. 70 dan oshgan momom, onam, men, ikkita kichkina singlim va bog‘chaga boradigan ukam bilan qolib ketdik”, dedi u.

O‘sha kuni u: “Biz o‘lyapmiz, bizni olib ketadigan hech kimimiz yo‘q”, deb yig‘lab telefon qildi. Soat tungi 2:30 atrofi edi, men boshqa mahalladagi o‘rtoqlarimga telefon qilib, ular haqida aytdim. Mashinalari bilan kelib, o‘sha oilani olib ketishdi. Bugungi kunda ular ham mening oilam kabi sarson-sargardonlikda yuribdi.


“Boshqa shaharga o‘tayotganda avtohalokatga uchradim”

Gaz koniga yaqin qishloqlardan birida yashovchi erkak

Ota-onam, yaqinlarim Boysunda. Ayolim va ikki yashar qizimni zaharlanishmasin, deb boshqa shaharga ko‘chirib yubordim. O‘zim ishlash uchun boshqa shaharga keldim. Yo‘lda avtohalokatga uchrab, bir o‘limdan qoldim. Xotinim 8 oylik homilador. Telefon qilib, yig‘laydi, tug‘ib qo‘yaman, keling, deydi, men esa sabr qil, hammasi yaxshi bo‘ladi, deyman. Boshim qotgan, nima qilishga ham hayronman…


“Qishloq aholisi shu loyiha boshlangandan beri gazdan aziyat chekib keladi. Avval ham quduqlardan gaz sizib chiqib, hidi kelardi”

Kofrunlik erkak

Oddiy xalq, Kofrun xalqi gazdan aziyat chekyapti. Vazirlar ishtirokida bo‘lgan brifingda vodorod sulfid konsentratsiyasi 7 dan oshmagani aytilib. Viloyat hokimi o‘rinbosari Alisher Amirov xalqni ko‘chirish kerak bo‘lganda ko‘chirishga tayyormiz dedi, ammo qishloq aholisi shu loyiha boshlangandan beri gazdan aziyat chekib keladi. Avval ham quduqlardan gaz sizib chiqib, qishloqqa hidi kelib yurardi. Xalq shunday yashashga majburmi? Yoki miqdordan oshib ketganda evakuatsiya qilinarkan-da, qolgan payt zaharlanib yuraveradimi?

Evakuatsiya qilingan joylarda joy yetishmovchiligi muammosi bor. Bu borada nega aniq ma’lumot berishmayapti? Uy hayvonlarini qarovsiz qoldirib bo‘lmaydi, yemishidan xabar olish kerak. Aholi ularga qarash uchun borib-kelganda ham ma’lum miqdorda gazlanyapti. Nega bu bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmaydi?

Aholiga kompensatsiya puli berilishi borasida ham gapirildi. Lekin aniq ma’lumotlar aytilmadi. Yoki aholi orasida gazdan zaharlanishlar, o‘limlar soni ko‘payganidan keyin harakat boshlashadimi?


“Har bir kun davomida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berib borilishi kerak”

Boysun shahrida yashovchi erkak

Gaz konidan 25−30 kilometr uzoqlikda turaman. 23:00 da ko‘chada oshnalarim bilan yurganimda, gaz koni qayta ochilib ketganini eshitdik. Kon atrofidagi qishloqlar evakuatsiya qilinishi kerakligi, lekin aksar odamlar ko‘chada qolib ketganini bilib, xavotirga tushdim. O‘zi yaqinda kon yopilganini eshitib xursand bo‘lgandim. Chunki juda ko‘p tanishlarim 15 kunlab ko‘chada qolgandi.

Boshqa hududlarda qarindoshi borlar qarindoshlarinikiga, yo‘qlar esa tuman maktablari, kollejlarga joylashtirilibdi. Uyida qolganlar ham, ko‘chada qolib ketganlar ham, toqqa chiqib ketganlar ham bor.

Gaz ayollar, keksalar va bolalarga zarar yetkazishda davom etyapti. Bolalarni iloji boricha uyda olib o‘tiribmiz va ko‘proq suyuqlik, tabiiy sharbatlar berishga harakat qilyapmiz.

Aholiga hech qanaqa yordam ko‘rsatilmayapti, vaziyat yuzasidan hech qanaqa ma’lumot ochiqlanmayapti. Har kun qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berib borilishini so‘raymiz. Bunaqa paytda yuqoridagi rahbarlar qochib yurmay, odamlarga hisobot berishi kerak.


“Qishda yana shu holat takrorlansa, odamlar qayerga boradi?”

“Ko‘lqamish” mahallasida istiqomat qiluvchi yigit

Avariya bo‘lgan gaz konidan 1,5 km uzoqlikdagi “Ko‘lqamish” mahallasida yashayman. Gaz koni yopilganini aytishganda hech narsani his qilmadik. U bosimning kuchliligi va osonlik bilan yopilmasligini bilardik. Endi gaz xavfidan holi bo‘ldik, deb xotirjam ham, xursand ham bo‘lganimiz yo‘q.

Mahallamda ahvol juda og‘ir. 20 kundan oshibdiki, birov aholining holida xabar olgani yo‘q. Nafaqat “Ko‘lqamish”, balki butun Boysun aholisi bu gazdan jabr chekishda davom etyapti.

Gazning ta’siri sog‘lom odamga shunchalik bilinayotgan ekan, bemor, yoshi katta, homiladorlar, bolalarga ta’siri undan ham yuqori bo‘lishi aniq. Og‘ir ahvolga tushganlar, bemorlar, undan aziyat chekib vafot etganlarning guvohi bo‘lyapmiz. Qishlog‘imizdan ikkita vafot etgan akamizga ham Alloh o‘zining jannatlaridan joy bersin. Bola-chaqam, ro‘zg‘orim, xalqim deb jonini fido qildi ular.

Lekin bu narsaning oldini olish, o‘limlar soni ko‘paymasligi uchun hech qanaqa harakat bo‘lmayapti. Bu nimadan dalolat beradi? Aholi, “Ko‘lqamish” mahallasi, Kofrun shaharchasi hech kimga kerak emasmi?

Yangi avariya haqida kechqurun soat 11−12 larda xabar kelgan bo‘lsa, mahalliy hokimlik, mahalla raislari tomonidan ko‘chish uchun avtobus qo‘yib berildi. Avtobusga siqqanlar avtobusda, mashinasi borlar mashinasi bilan kollejga evakuatsiya qilindi, ba’zilar qarindosh-urug‘inikiga ketdi. Shunisiga ham rahmat.

Lekin qachongacha bunaqa yuramiz? Qish yaqinlashyapti, yog‘ingarchilik, qor, sovuq tushyapti. Gaz yopildi ham deylik — kelayotgan qishda, sovuq kunlarda yana shu holat takrorlansa, odamlar qayerga qarab qochadi? Buni kimdir o‘ylayaptimi? Tepadagi odamlar umuman aholini eshitayotgani yo‘q. O‘zlaricha brifing o‘tkazdi, lekin aholi tinglangani yo‘q. Brifingda ishtirok etish uchun borgan mahalliy aholi vazirlar oldiga kiritilmadi.

“Ko‘lqamish” mahallasining o‘zida maktabga, bog‘chaga boradigan qanchadan-qancha bola bor. Ularning taqdiri nima bo‘ladi? Hech bo‘lmasa, evakuatsiya qilingan joyda ko‘chma maktab tashkil qilish mumkin-ku. Odamlarni olib borib, kollejga tiqdi — bo‘ldimi, shu bilan mas’uliyat va majburiyatlar tugadimi?


“Kofrunliklar karnay-surnay qilib uyiga qaytgandi”

Boysun shahrida yashovchi qiz

Gaz koni qayta ochilib ketganini 17-sentabr kuni soat 19:00 lar atrofida bildik. Uyimiz katta yo‘lga yaqinroq. Tinmay tez yordam mashinalari o‘ta boshladi. Soat 20:00 larda kuchli hid keldi. Eshik-derazalarni yopib, ichkari kirdik.

Gaz yopilganda o‘zimni ancha yengil his qilgandim. “Chet davlatlardan mutaxassislar keldi, bo‘ldi endi, yopildi”, deyishganga nafaqat men, balki butun Boysun xursand bo‘ldi. Gazga yaqin turadigan Kofrundagilar to‘y qilib, karnay-surnaylar bilan uyiga qaytgandi. Xursandchilik bir kungina ekan…

Lekin shu bir kunda ham havo toza bo‘ldi, deya olmayman, havoda baribir gaz, chang bor edi. Bir kundan keyin qattiq portlagach, men uzoqda bo‘lsam ham, o‘zimning ham, ota-onamning ham tomoqlarida tinimsiz achishish kuzatilyapti.

Xolamning nevaralarini kasalxonaga olib borib ko‘rsatsak, gazlanish holati kuzatilgan ekan. Balki biz katta bo‘lganimiz uchun o‘zimizga olmay yurgandirmiz, lekin gaz bolalarni zararlashda davom etyapti. Hidi juda yomon. Hamma niqob taqqan, dorixonalarda odamlar tibbiy niqobga navbatda turibdi. Lekin u ham himoya qilolmayapti.

Aytishlaricha, gaz hidi Termizgacha ham yetib borayotgan ekan. Mahalladoshlar, tanishlar kasalxonalarda allaqachon joylar to‘lgan, ko‘p kishi kislorodda yotganini aytishyapti. Ahvol chatoq, buyog‘i nima bo‘ladi, bilmaymiz.

Evakuatsiya haqida eshitmadim. Chunki Kofrunga odamlar hali to‘liq ko‘chib borib ulgurmasidan konda yana portlash bo‘ldi. Aholi juda qiynalgan, ko‘cha-ko‘yda qolib ketganlar ham bor. Oilamizda hamma o‘qiydi, ishlaydi. Har kuni ko‘chaga chiqishga to‘g‘ri keladi, hid esa eshiklarni yopsa ham kelyapti. Imkoni bo‘lsa, aholining ko‘chaga chiqmasligi sharoitlarini qilish kerak.