O‘zbekistonda yil yakunigacha 16 qavatdan yuqori binolar qurish bo‘yicha Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshida alohida Konstruktorlik byurosi tashkil qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda Shaharsozlik normalari va qoidalarining 38 tasi ro‘yxatdan o‘tmagan, yana 13 tasi yangilanmagani ta’kidlandi.

“Shu bois quruvchilar zamonaviy obyekt qurishda loyihaga maxsus texnik shart olish uchun qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflamoqda, bu esa tannarxga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qurilishdagi o‘zgarishlardan orqada qolib ketmaslik uchun SHNQlarni muntazam yangilab borish kerakligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Qurilish va Adliya vazirliklariga bir oyda 38 ta SHNQni ro‘yxatdan o‘tkazib, amaliyotga joriy qilish, 1-martga qadar 16 qavatdan yuqori binolar, savdo kompleksi va parkinglar bo‘yicha milliy normalarni hamda yana 13 ta SHNQni ishlab chiqish topshirildi.