O‘zbekiston Budapeshtda bo‘lib o‘tgan shaxmat Olimpiadasida 189 ta davlat orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Prezident shu munosabat bilan shaxmatchilarga tabrik yo‘lladi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqada, shuningdek, Shamsiddin Vohidov oltin, Nodirbek Abdusattorov kumush medal bilan taqdirlandi. Ayollar jamoasi 12-o‘rinni egalladi, Nodira Nodirjonova esa o‘z doskasida ikkinchi eng yaxshi natijani qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev sportchilarni ushbu natija bilan tabriklab, ular “o‘zbek shaxmati tarixida yana bir yorqin sahifa ochgani"ni ta’kidladi.

“G‘oyat keskin va murosasiz musobaqalarda sizlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda va matonat fazilatlarini namoyon etib, Xitoy, Serbiya, Armaniston, Germaniya, Ozarbayjon, Sloveniya, Ispaniya kabi manaman degan davlatlarning jamoalarini ortda qoldirganingiz ulkan tahsin va tasannolarga sazovordir”, — deb yozdi u.

“Albatta, O‘zbekiston shaxmat ustalari qo‘lga kiritgan ulkan yutuq Yangi O‘zbekistonda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, sport va uning eng intellektual turi bo‘lgan shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarimizning amaliy natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, — ta’kidladi prezident.

Uning ta’kidlashicha, bunday muvaffaqiyatlar xalqni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtiradi, minglab yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Davlat rahbari sportchilarga, ularning murabbiylari, ota-onasiga minnatorlik bildirdi. 2026-yilda O‘zbekiston mezbonlik qiladigan navbatdagi jahon shaxmat olimpiadasida yuqori natijalarga erishishni tiladi.