Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi muhofaza mintaqasidan texnika vositalari yordamida qum-shag‘al qazib olinayotganligi aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar qildi.

Holat sabab Vazirlar Mahkamasining “Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2022-yil 20-yanvardagi 666-sonli qaroriga asosan tabiatga 183 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Maxsus texnika vositalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasi tegishli bandiga asosan vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi. Holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun hujjatlar Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni prezident farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgandi.