Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qurilish sohasidagi qonunbuzarliklar haqida gapirdi.

Jumladan, o‘tgan yili 1 ming 600 ta obyekt qurilishi ro‘yxatdan o‘tmasdan boshlangan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon bunday obyektlar soni 2 ming 200 taga yetdi.

Bundan tashqari, qurilish obyektlarining toifasiga qarab, ular oyiga kamida 2−4 marta tekshirilishi kerak. Lekin 8 oy davomida1150 ta obyektga inspektor bir marta borgan.

Oqibatda joylarda pala-partish qurilish ko‘payib, aholi e’tiroziga sabab bo‘lyapti.

Prezident Qurilish vazirligi, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi va Bosh prokuraturaga qurilishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirishni topshirdi.

Shu munosabat bilan inspeksiyaning hududiy boshqarmalarida qurilish-operatorlar shtabi tashkil qilinishi belgilandi. Nazorat inspektorlari bodikamera bilan ta’minlanadi.

Davlat hisobidan qurilayotgan har bir obyektga toifasiga qarab kamida 2 tadan videokamera o‘rnatiladi. Ular operatorlar shtabiga ma’lumotlarni onlayn yuboradi.

Shuningdek, noqonuniy qurilishlar bo‘yicha mahalla raislari va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish rejalantirilmoqda.

Endilikda har bir qurilayotgan obyekt oldida QR kodli pasporti chiqarib qo‘yiladi, istalgan odam bu orqali hududda qanday obyekt qurilayotgani, qachon ruxsat olingani, kim qurishi, qachon ishga tushishi kabi ma’lumotlar olishi mumkin bo‘ladi.

Agar QR kodli pasport bo‘lmasa, qurilish noqonuniy hisoblanadi.

Iyul oyida Qurilish nazorati inspeksiyasi hukumat tasarrufiga o‘tkazilayotgani va endi Qurilish vazirligiga hisobot bermasligi xabar qilingan edi. Inspeksiyaga yangi vakolatlar berilgan. Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqqan holda qurilgan binolar uchun jazo choralarini kuchaytirish rejalashtirilgan.