Isroil harbiy-havo kuchlari Isroil tomoni “Hizbulloh” bilan aloqadorligini da’vo qilayotgan Livandagi yuzlab nishonlarga havo hujumlari amalga oshirdi. Hujumlar 23-sentabr kuni ertalab boshlandi.

“Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) Livan janubida va Livan hududidagi Bekaa mintaqasida “Hizbulloh"ning 800 ga yaqin terror nishonlariga aniq razvedka ma’lumotlari asosida zarbalar berdi. Urilgan nishonlar orasida “Hizbulloh” raketalar, snaryadlar, raketa ishga tushirgichlar va uchuvchisiz uchish apparatlarini yashirgan binolar ham bor”, — deyiladi SAXAL xabarida.

SAXALning aytishicha, zarbalardan maqsad “Isroil fuqarolariga tahdidlarni bartaraf etish va “Hizbulloh"ning terrorchilik infratuzilmasi va imkoniyatlarini buzish” hisoblanadi.

Hujumlar natijasida, Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 274 kishi halok bo‘lgan, yana 1024 kishi yaralangan. Bu Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida 2006-yildagi mojaro tugaganidan keyingi eng ko‘p qurbonlar soni, deya aniqlik kiritdi CNN.

Qurbonlarning qanchasi tinch aholi, qanchasi “Hizbulloh” jangarilari ekani noma’lum, deb yozdi telekanal, biroq Isroil “Hizbulloh” nishonga olingan joylarning aksariyati turar-joy mahallalari va qishloqlar ekanini ta’kidlamoqda.

Livan davlat telekommunikatsiya kompaniyasi Ogero’ning ma’lum qilishicha, Isroil xizmatlari mahalliy aholini evakuatsiya qilishga chaqiruvchi 80 mingdan ortiq qo‘ng‘iroqni amalga oshirgan.

Livan hukumati butun mamlakat bo‘ylab maktab va universitetlarda darslarni to‘xtatib turishni buyurdi.

Livan bosh vaziri Najib Mikati BMT va “nufuzli davlatlar"ni Isroilga uning mamlakatiga qarshi “tajovuz"ini to‘xtatish uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, o‘z navbatida, Tel-Aviv shimoliy jabhada “kuchlar muvozanatini” o‘zgartirayotganini aytdi.

“Tushunmaganlar uchun men Isroil siyosatiga oydinlik kiritmoqchiman: biz tahdidni kutmaymiz, biz uning oldidan chiqamiz”, — dedi Netanyahu va SAXAL “Isroil shaharlari va fuqarolariga qaratilgan minglab raketa va snaryadlarni demontaj qilayotganini” qo‘shimcha qildi.

  • O‘tgan haftada ham Isroil Livandagi “Hizbulloh” marralariga katta zarba bergandi. O‘shanda, SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, guruhning 100 dan ortiq raketa uchirish moslamalari yo‘q qilingan. Hujum “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlar va ratsiyalardagi bir qator portlashlar ortidan sodir bo‘ldi.