“Mahalla yettiligi” yo‘l harakati qoidalarini besh va undan ortiq marta buzgan haydovchilar bilan alohida ish olib boradi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining juma kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov ma’lum qildi.

Yig‘ilishda joriy yilning birinchi yarmida mamlakatda yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim holatlari 1,1 foizga, tan jarohati olish holatlari 9,2 foizga kamaygani ma’lum qilindi. Biroq aniq raqamlar keltirilmadi.

“Bu bizga taskinlik bermaydi. Har bitta o‘lim bilan bog‘liq YTH biz jiddiy ishlashimizni taqazo etadi. Bugungi kunda sodir etilayotgan har bir YTH chuqur ilmiy tahlillar asosida o‘rganilyapti… Bunda bir qator vazifalarni belgilab olganmiz. YTHga sabab bo‘luvchi omillarning har birini chuqur tahlil qilish va ularni bartaraf etish bilan bog‘liqdir. Bu omillardan biri yo‘l infratuzilmasining talabga javob bermasligidir. Bularni bartaraf etish uchun alohida ishchi guruhlar tuzilgan. Mutasaddi idoralar bilan avariya o‘choqlari bo‘lgan yoki noto‘g‘ri infratuzilma oqibatida yuzaga keladigan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha qator ishlar olib borilyapti”, — dedi Sherzod Ibragimov.

Tezlikni oshirish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Avtomaktablar va imtihon markazlarida haydovchilarning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha ham alohida chora-tadbirlar belgilangan.

“Besh va undan ortiq qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarni alohida guruh qatlamiga kiritdik. Ular bilan „mahalla yettiligi“ birgalikda maqsadli ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Yo‘llarda bolalar o‘limini kamaytirish maqsadida Milliy gvardiya inspektor-pedagoglari va inspektor-psixologlari bolalarga bog‘cha va maktabdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatmoqda. Piyodalar o‘tish joylariga svetoforlar, maktablarda tezlikni o‘lchash moslamalarini o‘rnatish ishlari izchillik bilan amalga oshirilyapti”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi “yettilik”ga mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori kiradi. Bundan tashqari, mahallalarga YPX inspektorlari biriktirilgan.

2023-yilda O‘zbekistonda haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lgan haydovchilar 707 ta YTH sodir etib, bunda 212 kishi halok bo‘lgan va 546 kishi jarohat olgan. Avgust oyida YHXB yangi rahbarining Senatda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi aytilgandi.

Balli tizim

O‘zbekistonda 2018-yil may oyida qabul qilingan 2018−2022-yillarda O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasida ko‘p marotaba qoidabuzarlik uchun haydovchilik huquqidan mahrum qilishni nazarda tutuvchi jarima ballari tizimini joriy etish nazarda tutilgandi. Bu haqdagi hujjat loyihasini 2019-yilda ishlab chiqish rejalashtirilgan. Tizimni 2022-yil 1-dekabrdan ishga tushirish reja qilingan edi, biroq hali tegishli qonun qabul qilinmagan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qonunni 2023-yil 28-noyabrda qabul qilgan, biroq hujjatni ishlab chiquvchilar unga obro‘sizlantirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olganlik uchun jazo joriy etish haqidagi normani kiritgan, bu esa keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan. Natijada Senat qonunni muddatlarni buzgan holda ko‘rib chiqib, joriy yilning 16-avgust kuni qayta ko‘rib chiqishlari uchun qaytargan.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev manbalarga tayanib, komissiya obro‘sizlantirish to‘g‘risidagi normani qoldirish niyatida ekanini, biroq maksimal qamoq jazosini 15 sutkadan 10 sutkagacha biroz yumshatishi haqida yozgandi.