Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kungi yig‘ilishda tuman va shaharlarning master rejalarini ishlab chiqishni tezlashtirishni buyurdi, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi.

O‘tgan yili hokimlarga xususiy sektorni jalb qilib, “master reja” ishlab chiqishga ruxsat berildi. Bundan maqsad kichik hududlarni belgilab, uy-joy qurish, turizm, savdo va servisni rivojlantirsa bo‘ladigan joylarga tadbirkorlarni jalb qilish edi, dedi prezident.

Bu borada Buxoro, Navoiy viloyatlaridagi 85 ta hududning master rejasini ishlab chiqish boshlangan. Lekin qolgan viloyatlar hali masalani ichiga kirmagani tanqid qilindi.

Shu bois viloyat hokimlariga yil yakunigacha kamida 10 tadan hududining master rejasini ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, 106 ta tuman-shaharda 136 ta master reja qilish bo‘yicha topshiriq berilgan. Davlat rahbari hozirgacha shundan 21 tasi ishlab chiqilgani, Andijon va Xorazmda esa birorta master reja tayyormasligini ko‘rsatib o‘tdi.

U qoloqliklarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimliklariga vazifa qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil iyul oyida hududlarning bosh va master-rejalarini uch bosqichda ishlab chiqish bo‘yicha Respublika kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Kengash birinchi bosqichda muayyan viloyatning 5, 10 va 20 yillik rivojlanish yo‘nalishlari, yer va infratuzilma chegaralarini belgilaydigan bosh sxemasini tasdiqlashi lozim.

Ular asosida, ikkinchi bosqichda, hududning bosh rejasi ishlab chiqiladi. Bunda sanoat, xizmat ko‘rsatish va aholi maskanlarini belgilash, yo‘llar va infratuzilma tarmoqlarini taqsimlash ko‘zda tutiladi. Uchinchi bosqichda, bosh rejalarga asosan, viloyat, tuman va shahar bosh arxitektorlari hamda hokimning birinchi o‘rinbosarlari o‘z hududining master rejalarini tasdiqlaydi. Bunda uy-joylar, maktab, bog‘cha, shifoxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining joylashuvi ko‘rsatiladi.

Prezident joriy yil yanvarida tumanlarning master rejalari yo‘qligini tanqid qilib, “bu — korrupsiyaga asos"ligini aytgandi. U bosh vazir o‘rinbosariga yil oxirigacha 70 ta, 2025-yilda esa O‘zbekistonning barcha tumanlari bo‘yicha master rejalar ishlab chiqish topshirig‘ini bergan.