Behzod Musayev Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi esa Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunuviga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Agentlikka fuqarolarning xorijdagi yuqori daromadli mehnat bozorlariga kirishi bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirish topshirildi.

“Hokimlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar taqdiri uchun agentlik bilan tengma-teng javobgar bo‘lishi belgilandi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Behzod Musayev ushbu tayinlovgacha kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi. Musayev o‘rniga Botir Zohidov tayinlandi.

Behzod Musayev 1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2004-yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tadbirkorlik faoliyatini boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi.

Mehnat faoliyatini 1995-yilda O‘zbekiston Milliy bankida boshlagan. 1998−2002-yillarda Moliya vazirligida ishlab, boshqarma boshlig‘idan bosh boshqarma boshlig‘i darajasiga ko‘tarilgan.

2010-yilda Davlat soliq qo‘mitasida faoliyat yuritishni boshlagan. 2010−2011-yillarda qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2018-yilning mart oyida ushbu lavozimga qayta taynilanib, o‘sha yilning may oyidan esa Davlat soliq qo‘mitasi rahbari bo‘lgan.

Musayev 2021-yil 11-noyabrdan 2023-yil 1-yanvargacha sog‘liqni saqlash vaziri sifatida ishlagan.