Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi ixtisoslashgan maktabda o‘quvchilar suvdan zaharlangani haqidagi xabar yuzasidan bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, o‘quvchilar maktab hududidagi filtrlanmagan suvdan ichgan va sog‘lig‘idan shikoyat qilgan. 15-sentabrdan 19-sentabrga qadar 12 nafar o‘quvchi o‘tkir ichak kasalligiga gumon qilinib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga borgan.

Holat bolalar ombudsmani tomonidan o‘rganilmoqda. Maktab o‘quvchilarining sog‘lig‘i ijobiy bo‘lib, ularning 7 nafariga uyida davolanishga javob berilgan, deyiladi xabarda.

Voqea yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilib, suvdan, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa vositalardan kimyoviy tahlil uchun namunalar olingan.

O‘z navbatida, “O‘zsuvta’minot” Toshkent viloyatida o‘quvchilar suvdan zaharlanganini rad etdi.

Mazkur vaziyat yuzasidan Olmaliq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.