Sirdaryo tumanida bir guruh tadbirkorlar hokimlik binosi oldiga to‘plandi. “Gazeta.uz”ga murojaat qilgan tadbirkorlarning qayd etishicha, ular quyosh panellari o‘rnatmagani uchun hududiy elektr ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz ravishda elektrdan uzib qo‘yilganidan norozilik bildirgan.

“Elektr tarmoqlariga borsak birinchi majburiy degan joyida keyin ixtiyoriy dedi. Ixtiyoriy bo‘ladigan bo‘lsa, unda bizga „svetlarni“ yoqib berishlari kerak yoki nimaga o‘chirganini asoslab berishi kerak, bular asoslab bermadi. Bu yerda to‘plangan tadbirkorlarning barchasi Sirdaryo tuman hududiy elektr tarmoqlaridan kelyapti. Bu tadbirkorlarning barchasida „svet o‘chgan“. Tuman hokimimiz joyida yo‘q”, — deyiladi “Gazeta.uz”ga tadbirkorlar jo‘natgan videolarda.

Tadbirkorlarning qayd etishicha, elektr energiyasini uzib qo‘yish hech qanday ogohlantirishsiz, birdaniga yuz bergan.

“Hech qanday sabablarsiz elektr energiyasi uzib qo‘yilmoqda. Boshida qo‘ng‘iroq qilganimizda ular bu quyosh panellari o‘rnatish bilan bog‘liq ekanini, borib rahbari bilan gaplashishimiz kerakligi aytishdi. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga borganimizda esa rahbar biz bilan gaplashishni ham istamadi. Qayerga borsak borishimizni, quyosh panellari o‘rnatmagunimizcha “svet”ni yoqishmasligini aytishdi”, — dedi “Gazeta.uz” suhbatlashgan tadbirkor.

Uning qayd etishicha, shundan so‘ng tadbirkorlar hokimlik binosi oldiga borgan.

“Keyin biz tadbirkorlar tuman hokimiyatiga bordik va hokimni 3 soat kutdik. Hokimlik binosi oldidan o‘tuvchi yo‘lni to‘sib qo‘ygunimizgacha bizga hech qanday reaksiya bildirishmadi. Keyin hokim kelib, biz bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Keyin uning topshirig‘i bilan barchamizning elektr ta’minotimiz tiklandi. Biz hokimdan nega bunday bo‘lganiga izoh so‘radik. U buni prezidentning PQ-57-sonli qarori bilan izohladi. Biz esa qarorda har bir tadbirkor albatta quyosh paneli o‘rnatishi shartligi bo‘yicha band bor yoki yo‘qligi haqida so‘radik”, — deydi tadbirkor.

Hokim bunga javoban qarorda bunday band yo‘qligini ta’kidlagan.

“U bunday band yo‘qligini aytdi. Biz unday bo‘lsa qaysi asosda elektr energiyasini ogohlantirishsiz uzib qo‘yilganini so‘radik. Ba’zilarning muzlatkichida go‘sht va boshqa mahsulotlar saqlanayotgan edi, ba’zilarning „svetini“ ertalabdan o‘chirib qo‘yishgan. Ularning mahsuloti nima bo‘lgan bo‘lsa bo‘lgan. Men o‘zim hech narsa ishlab chiqarmayman, men uchun elektr energiyasi boshqa tadbirkorlarga bo‘lganichalik zarur emas. Lekin bizda turli mahsulotlar, jumladan, go‘sht bilan savdo qiladigan tadbirkorlar bor”, — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, bu voqeadan barcha tadbirkorlar zarar ko‘rgan.

“Barcha tadbirkorlar jabrlandi, barchasini elektrdan uzib qo‘yishdi. Shunchaki ba’zi tadbirkorlar elektrni o‘chirib qo‘yishganidan keyin bizning ko‘z o‘ngimizda quyosh panellari o‘rnatuvchi tadbirkorlar bilan shartnoma tuzib HETKga olib keldi. Shundan keyingina rahbar ularni tarmoqqa ulash bo‘yicha topshiriq bera boshladi. Bularning barchasi ko‘z o‘ngimizda bo‘ldi. Qayerga borsangiz boring, quyosh panellarini o‘rnatmaguningizcha elektr ta’minotini tiklamaymiz deyishdi”, — deydi u.

Tadbirkorlar quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani masalasida Kun.uz`ga ham murojaat qilgan.

“Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tadbirkorlarning “sveti”ni o‘chirgan, shuncha odam sarson. Quyosh panellarini qo‘yish uchun majburlab o‘chirishyapti. Elektr ta’minoti korxonasiga borsak, ixtiyoriy deydi, ammo asoslab berishmayapti nega bizni elektrdan uzishganini”, — deya ta’kidlagan nashrga murojaat qilgan tadbirkorlardan biri.

Boshqa bir tadbirkor esa oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanishini, muzlatkich ishlamasa mahsulotlari buzilib qolishini ma’lum qilgan.

“Bu ochiqchasiga tadbirkorni “sindirish”. Bir kunda kutilmaganda elektrdan uzib qo‘yishyapti quyosh paneli o‘rnatmading deb. Muzlatkichda go‘sht va boshqa mahsulotlar bor. Ular buzilib, iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolsa, ortiqcha xarajatga tushaman, “minus”ga kiraman”, — deydi u.

Kun.uz bu holat bo‘yicha material e’lon qilganidan so‘ng holatga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, bunga prezident qarorlari ijrosi Sirdaryo tumani elektr ta’minoti mas’ullari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingani sabab bo‘lgan.

“Ma’lumki, prezidentning 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-sonli, 2024-yil 31-maydagi PQ-222-sonli qarorlariga asosan mamlakat bo‘ylab tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘z ehtiyojining ma’lum qismini muqobil energiya manbalaridan ishlab chiqarish belgilangan. Ushbu qarorlar ijrosi Sirdaryo tumani elektr ta’minoti mas’ullari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan. Oqibatda iste’molchilar tomonidan norozigarchiliklar yuzaga kelgan. Kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Sirdaryo tumani elektr ta’minoti korxonasi mas’ullari qat’iy ogohlantirildi”, — deyiladi munosabatda.

Avvalroq Energetika vazirligi tadbirkorlar quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani, bu ishni qilmaganlar esa elektrdan uzish bilan qo‘rqitilayotgani haqidagi xabarlarga javoban “quyosh paneli o‘rnatishga majburlash yo‘q”ligini ta’kidlagandi. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi esa holatlar tasdiqlansa, vazirlik va idoralarga deputatlik so‘rovlari yubormoqchi ekanini qayd etgandi.

Moliyachi Otabek Bakirov tadbirkorlarni quyosh panellari o‘rnatishga majburlashning asosiy usuli elektrdan uzish, kunduzgi ish vaqti davomida o‘chirib qo‘yish, shartnoma bo‘yicha limitni kamaytirish bilan qo‘rqitish bo‘lib qolayotganini aytgandi.

“Eng kulgilisi, ayrim tumanlarda tadbirkorlardan quyosh panellarini o‘rnatish orqali generatsiyani oshirish emas, shunchaki panellarni sotib olish talab qilinmoqda. Ya’ni energozo‘ravonlarning maqsadi hech qanday energosamaradorlik emas, balki qaysidir muttaham korchalonning navbatdagi partiyadagi quyosh panellarini qimmatlashtirib o‘tkazishga aylanib ketgan”, — deb ta’kidlagandi u.

Moliyachi, shuningdek, quyidagicha savolni o‘rtaga qo‘ygandi: “Panellarni o‘rnatish yoki o‘rnatmaslikni balki bozorning o‘ziga va tadbirkorlarning ixtiyoriga qo‘yib berarmiz?”