Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari 705,5 ming quti sigaretni O‘zbekiston orqali tranzit qilishga urinishning oldini oldi, deb xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, “Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona posti orqali kirib kelgan va respublikadan tranzit tarzida o‘tayotgan yuk poyezdi konteynerlaridan birining hujjatlarida 16 tonnadan ziyod qora choy yuklangani yozilgan bo‘lgan.
Bojxona ko‘rigi davomida ushbu konteynerga choy emas, aksincha butunlay boshqa tovar — 2 nomdagi 705 500 quti sigaretlar ortilgani aniqlandi. Mahsulotlar qonunchilik talabiga binoan qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bilan tamg‘alanmagani ham ma’lum bo‘lgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati 17 mlrd so‘mni tashkil etgan. Hozirda vaqtincha saqlovga olingan. Holat yuzasidan esa bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekiston orqali tamaki mahsulotlarini tranzit qilishda, tashuvchilar bojxona organlarining hisoblariga aksiz solig‘i, QQS va bojxona to‘lovlari miqdorida pul mablag‘larini depozitga qo‘yishlari shart. Depozit sigaretalarning mamlakat tashqarisiga olib chiqilganligi tasdiqlangandan so‘ng qaytariladi.