Sobiq prezident va Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda mag‘lub bo‘lsa, 2028-yilda o‘z nomzodini qo‘ymaydi. Bu haqda u Full Measure dasturi efirida aytib o‘tdi, deb xabar berdi BBC va Reuters.

Boshlovchi Sheril Atkinsonning agar u vitse-prezident va Demokratik partiyadan nomzod Kamala Harrisga yutqazadigan bo‘lsa, 2028-yilda prezidentlikka qaytishga harakat qilishi yoki yo‘qligi haqidagi savoliga Tramp shunday javob berdi: “Yo‘q, men bunday deb o‘ylamayman. Menimcha, shunisi yetadi. Umuman bunaqa ko‘rmayapman. Umid qilamanki, biz [bu saylovda] muvaffaqiyat qozonamiz”.

AQSh qonunchiligi prezidentlarning ikki muddatdan ortiq muddatga saylanishini taqiqlaydi, shuning uchun Tramp 2028-yilda g‘alaba qozongan taqdirda ham yana o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.

Ilgari Tramp kamdan-kam hollarda saylovlarda mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligini tan olardi — o‘z tarafdorlari oldidagi chiqishlarida va ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida u g‘alabani va’da qilardi. Ammo so‘nggi to‘rt kun ichida u yutqazishi mumkinligini ikki marta tan oldi, deya aniqlik kiritdi BBC.

O‘tgan hafta Isroil-Amerika kengashi marosimida respublikachi, agar u yutqazsa, yahudiy saylovchilar qisman aybdor bo‘lishini aytdi.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, so‘rovnomalar g‘olibni aniqlashi mumkin bo‘lgan asosiy shtatlarda Tramp va Harrisning imkoniyatlari tenglashganini ko‘rsatmoqda, ammo Harris milliy so‘rovlarda oldinga chiqa boshlagan.

  • AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden Tramp bilan muvaffaqiyatsiz debatlar tufayli partiyadoshlarining bosimi ostida saylovoldi poygasidan chiqqanidan so‘ng Kamala Harris Demokratlar partiyasidan davlat rahbari lavozimiga nomzod bo‘ldi.
  • 10-sentabr kuni ABC telekanalida Tramp va Harrisning birinchi debati bo‘lib o‘tdi. Ular iqtisodiy siyosat, migratsiya, tashqi siyosat va sog‘liqni saqlash masalalari haqida gapirdi. So‘rovnomalar ishtirokchilari va ko‘plab siyosiy tahlilchilar Harris g‘olib bo‘lganini aytdi. Tramp ortiq demokrat raqibi bilan saylovoldi debatida qatnashmasligini bildirdi.