Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Nyu Yorkdagi BMT Bosh assambleyasi sessiyasiga tashrifi doirasida G‘arb ittifoqchilariga taqdim etadigan “g‘alaba rejasi” to‘rtta asosiy banddan iborat, deb yozmoqda The Sunday Times.

Ushbu bandlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Ukraina uchun G‘arb tomonidan “NATOga kirishda o‘zaro mudofaa paktiga o‘xshash” xavfsizlik kafolatlari;
  • Kursk viloyatidagi Ukraina operatsiyasini hududiy ustunlikda davom ettirish;
  • “maxsus” zamonaviy qurol to‘g‘risida so‘rov;
  • vayron bo‘lgan Ukraina iqtisodiyoti uchun xalqaro moliyaviy yordam.

Zelenskiy 26-sentabr kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvga qadar rejaning to‘liq tafsilotlarini oshkor qilmasligini aytdi. U, shuningdek, rejani ikki prezidentlikka nomzod — Donald Tramp va Kamala Harrisga taqdim etmoqchi.

Gazetaning ta’kidlashicha, Zelenskiy AQSh prezidentlik saylovlarida Donald Tramp g‘alaba qozongan taqdirda, Rossiyaga yon berishga moyil bo‘lishi mumkin bo‘lgan Tramp ma’muriyatidan Amerika qo‘llab-quvvatlashining kafolatlarini olishni istamoqda.

  • Ukraina rahbari avgust oyi oxirida Rossiya bilan urushni to‘xtatish rejasini e’lon qilgandi. “Reja tayyor. Men bu rejani birinchi bo‘lib AQSh prezidentiga taqdim qilsam to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ushbu rejaning muvaffaqiyati unga bog‘liq — ular bizga ushbu rejadagi narsalarni beradimi yoki yo‘q, biz ushbu rejada mavjud bo‘lgan narsalarni ishlatishda erkin bo‘lamizmi yoki yo‘q”, — degan u o‘shanda. Zelenskiy, shuningdek, mamlakat hududlarini xavfsizlik kafolatlari va NATO a’zoligiga almashtirishga tayyor emasligini va Ukraina Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan murosa qilmasligi kerakligini aytgandi.