Xorvatiya qurilish sohasida ishlovchi o‘zbekistonliklarni ishga taklif etmoqda, deya xabar berdi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.

Ishga qolipchi, armaturachi, parket yotqizuvchi, shtukaturkachi, kranchi va ekskavatorchi kabilar olinadi. Nomzodlar 18−50 yosh oralig‘ida bo‘lishi, rus yoki ingliz tillarini bilishi hamda soha bo‘yicha kamida 1 yillik ish tajribasiga (tasdiqlovchi hujjat bilan) ega bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, ariza yuboruvchilardan sudlanmagan, xorijga chiqish taqiqlanmagan, jismonan va ruhan sog‘lom, shuningdek, zararli odatlardan holi bo‘lishi talab etiladi.

Ish haqi oyiga 1000 yevrodan boshlanadi. Yotoqxona va transport xarajatlari ish beruvchi hisobidan qoplanadi. Viza to‘lovi, aviachipta, agentlik to‘lovi esa fuqaro hisobidan bo‘ladi.

Mazkur bo‘sh ish o‘rinlari uchun nomzodlar mazkur havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 202−33−55, 71 200−00−61 yoki 1282 qisqa raqami orqali olish mumkin.