Toshkent shahrida boks bo‘yicha Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev yo‘l harakati qoidalarini buzib, yuqori tezlikda harakatlandi. U buni videoga oldirib, Instagram sahifasiga joylashtirdi. Video keyinroq o‘chirib yuborildi.

Mo‘ydinxo‘jayev videosida u shahar markazida 110 km/soat tezlikda harakatlanganini ko‘rish mumkin. Shaharda tezlik cheklovi esa 60 km/soatni tashkil qiladi.

Sportchi haydagan “Prezident sovg‘asi” yozuvli Tahoe avtomobili Olimpiada chempioni bo‘lgani uchun sovg‘a qilingandi.

IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, avtomobil qidiruvga berilgan.

“Qonun hamma uchun barobar, har bir huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik muqarrar. Tez orada avtomobil topilib, chora ko‘riladi va bu haqda jamoatchilikka rasmiy kanallarimiz orqali ma’lumot beramiz, — dedi u.

Taniqli blogerlar chempionning bu harakatini qoraladi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ruxsat etilgan tezlikdan (60 km/soat) 50 km/soatga oshirganlik uchun 3 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortilishini yozdi. “Mukofotga berilgan 200 ming AQSh dollarini hisobga olsak, hali yana bunaqa qoidabuzarlikni 823 marta takrorlasa bo‘lar ekan”, — deya qayd etdi u.

“Instagramdagi video ostida 130 dan ortiq izohlar qoldirilgan bo‘lsa, ularning atigi 1−2 tasigina qoidabuzarlik haqida edi. Qolganlar Asadxo‘janing bu ishini maqtagan… Hatto bittasi „Kazyollar olg‘a, 80 dan oshirgani uchun GAIga yozib beringlar endi“ deya izoh qoldirgan (aslida shahar ichida 60 da yurish kerak)”, — deydi bloger.

“Shu sababli har kuni ko‘chalarimizda 10 ga yaqin insonlar avtohalokatdan vafot etaveradi. Kimlardir otasidan, kimlardir onasidan, kimlardir farzandidan ayrilib qolaveradi. Ming afsus… Qoidabuzarligini internetga maqtanib joylaydiganlarning haydovchilik guvohnomasini bekor qilish haqidagi qonun qachon qabul qilinadi? Jarima ballari to‘g‘risidagi qonunni qachon oxiriga yetishadi? O‘zi umuman qachon tartibga solinadi bunaqa holatlar? Qachon qat’iy javobgarlik belgilangan davrlarga kelamiz? Nega uxlayapmiz? Pulini to‘lab, istaganini qilsa bo‘ladigan qonunlar sharmandalik emasmi?”, — deya ta’kilagan Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Eslatib o‘tamiz, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev 71 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida boks bo‘yicha Parij Olimpiadasida oltin medal olgan. Bu uchun unga 200 ming AQSh dollari, Tahoe avtomobili va ikki qavatli kottej sovg‘a qilingan.