Toshkent shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzib, yuqori tezlikda harakatlangan Olimpiada chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev jarimaga tortildi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, tezlikni belgilangan me’yorlardan oshirib harakatlangan Tahoe avtomashinasi haydovchisi bilan profilaktik suhbat olib borildi.

“Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan haydovchi 2001-yilda tug‘ilgan M.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 128 prim 3-moddasi 3-qismiga (transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborish) muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib haydovchi bilan profilaktik suhbat olib borildi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, sportchi o‘zining Instagram sahifasiga tunda shahar markazida yuqori tezlikda harakatlanib ketayotgani aks etgan videoni joylashtirdi. Mazkur video tarmoqlarda tarqalib, muhokama mavzusiga aylangach, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev uni o‘chirib tashladi.