Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirobod tumani sudida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yopiq rejimda ko‘rilmoqda. Voitovga qo‘yilayotgan ayblovlarning bir qismi uning “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi sifatida ishlagan davriga bog‘liq, deya yozmoqda ayblov xulosasi bilan tanishgan Kun.uz.

U 2017-yil 13-dekabrdan 2020-yil 11-martga qadar “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi, 2020-yil 8-iyuldan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB kuzatuv kengashi raisi, 2022-yil 29-avgustdan 2023-yil 25-sentabrga qadar qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida faoliyat yuritgan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, u ushbu lavozimlarda ishlab kelib, o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va mansab soxtakorligida ifodalangan jinoyatlarga qo‘l urgan.

Jumladan, Aziz Voitov 2016-yil 23-iyunda kursdoshi A.O‘runboyevning nomiga Lanell group MCHJni tashkil etib, uni jamiyatga nominal rahbar sifatida tayinlagan hamda aslida jamiyat faoliyatini qaynotasi A.Karimov va turmush o‘rtog‘i G. Voitova bilan birgalikda norasmiy ravishda boshqarib kelgan. U jamiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishini amalda o‘zi belgilab, TIF “Milliybank” akademik filialidan jami 21,7 mlrd so‘m kreditni muammosiz olishga erishgan. Mazkur kredit olinishi uchun biznes rejada kalava iplarni bo‘yash va ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish orqali kreditni so‘ndirish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, Aziz Voitov turli yo‘llar bilan kredit mablag‘larini qasddan to‘lamay kelgan. Bu orqali 21 mlrd 779,4 mln so‘m kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan, deyiladi nashr yozgan ayblov xulosasida.

Keltirilishicha, sobiq vazir “O‘zsanoatqurilishbank” boshqaruvi raisi lavozimida ishlab, jinoiy sheriklari bilan garchi salbiy kredit tarixiga ega bo‘lsa-da, Lanell Group MCHJga aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun garov ta’minotisiz “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Olmazor filialidan 600 ming yevro kredit olgan. Biroq 2019−2022-yillar davomida kredit to‘lov muddatini 2027-yil sentabr oyiga qadar 7 marotaba noqonuniy yo‘llar bilan uzaytirib, 600 ming yevro kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan.

2018-yilda hukumat topshirig‘i bilan bank mablag‘i hisobidan Toshkent viloyati Ohangaron shahrida ko‘p qavatli turar joy binosi, shuningdek, Nurafshon shahrida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyati mintaqaviy filiali xodimlari uchun 7 qavatli turar joy binosi qurilishi belgilangan. Pudratchi tender o‘tkazilgan holda aniqlanib, qurilish ishlarini amalga oshirish lozim bo‘lsa-da, Aziz Voitov qonun talablariga zid ravishda bino qurilishini Beltepa master stroy MCHJga berish to‘g‘risida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyati mintaqaviy filiali boshlig‘iga noqonuniy topshiriq bergan. Voitov tanishlari bilan reja tuzib, Beltepa master stroy MCHJga “aylanma mablag‘larini to‘ldirish” va “qurilish mollari sotib olish” uchun kredit ajratish, kelgusida kredit evaziga qurib bitkaziladigan binoni qimmat narxlarda bank balansiga topshirish haqida kelishib olgani aytiladi hujjatda.

Voitov va tanishlari 2018−2019-yillarda Beltepa master stroy MCHJga jami 48,5 mlrd so‘m kredit ajratib, buning evaziga 7 qavatli turar joy binosini qurgan. Buning ortidan ular bankning 32 mlrd 394,7 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani keltirilmoqda.

Aziz Voitov bank kuzatuv kengashi raisi lavozimida ekanidan foydalanib, o‘zi tomonidan talon-toroj qilingan bank mablag‘lari kelgusida oshkor bo‘lib qolmasligi, shuningdek, Beltepa master stroy MCHJga ajratilgan kredit hamda bank xodimlari uchun qurilgan turar joy binosi bank balansiga 64,5 mlrd so‘mga qabul qilinganidan go‘yoki bank zarar ko‘rmagandek ko‘rsatishni rejalashtirgan, deyiladi xabarda. U buning uchun bank balansiga olingan 7 qavatli turar joy kompleksining 2−7-qavatlarida joylashgan jami 72 ta turar joy xonadonni bank tizimidagi xodimlarga boshlang‘ich to‘lovlarsiz, 15 yil muddatda bo‘lib to‘lash imtiyozi asosida sotish haqida bank kredit qo‘mitasining hamda bank kuzatuv kengashining qarorini chiqargan. Bu orqali 72 ta xonadon 15 yil muddatga bo‘lib to‘lash imtiyozi bilan jami 38 mlrd so‘mga sotilishiga, shuningdek, turar joy kompleksining sotilmasdan qolgan, balans qiymati 26,5 mlrd so‘m bo‘lgan yerto‘la va 1-qavat noturar bino inshootlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyati xududiy boshqarmasiga topshirilishiga erishgan. Buning oqibatida bank manfaatlariga 18 mlrd 637,8 mln so‘m zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Ayblov xulosasida Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan davrida ikkita binoni yaroqsiz holga keltirish orqali davlat manfaatlariga 133,6 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgani qayd etilgan. Bulardan biri vazirlik tuzilmasi ko‘chib o‘tishi belgilangan Toshkent shahri Mirobod tumani Shahrisabz ko‘chasi 36-uyda joylashgan 230,4 mlrd so‘mga baholangan ma’muriy bino hamda ikkinchisi Toshkent davlat Agrar universitetining ta’mirtalab bo‘lgani sababli oxirgi o‘n yillar davomida foydalanilmay kelingan 3 ta yotoqxonasi. Sobiq vazirning topshirig‘i bilan bu binolarda noqonuniy tarzda demontaj ishlari olib borilib, binolar yaroqsiz ahvolga keltirilgan.

Bundan tashqari, ayblov xulosasida Voitov vazirlik davrida Shipland MCHJ manfaatlariga 2 mlrd 388,7 mln so‘mlik zarar yetkazgani, jami 4,8 mlrd so‘m budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aytiladi.

Sobiq vazir tergovda ko‘rsatma berib, aybiga qisman iqror bo‘lgan:

Lanell Group MCHJga 22 mlrd so‘m va 600 ming yevro kredit olinganini keyinchalik bilganman, ushbu jamiyatga kredit ajratilishiga umuman aralashmaganman. Lanell group, Ostex ttz, Rainbow-teks MCHJlarga aloqam yo‘q. Bu zavod menga tegishli emas. A.O‘rinboyev shu kunga qadar zavod menga tegishli ekanini aytib, tuhmat qilmoqda.

Beltepa master stroy MCHJ haqida oldin ma’lumotga ega bo‘lmaganman. Toshkent viloyati Nurafshon shahrida “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Toshkent viloyat mintaqaviy filiali xodimlari uchun turar joy va bank ma’muriy binosini qurish bo‘yicha topshiriq bo‘lgandi. Shundan so‘ng bank xodimlari uchun turar joy binosi va bank ma’muriy binosi qurilganini, xodimlar uchun turar joy quruvchisi Beltepa master stroy MCHJ qanday tanlanganidan xabarim yo‘q. Quruvchini men topmaganman. Beltepa master stroy MCHJ ta’sischisi qaynotam A.Karimov bo‘lganini tergov boshlanganidan so‘ng bildim. Bank xodimlari uchun turar joy kredit hisobiga qurilganini bilardim, ammo kredit ajratish jarayonlari, ta’minotlaridan xabarim yo‘q edi. Uy qurib bo‘linganidan so‘ng xodimlarga sotilganidan xabardorman.

“Shuningdek, u ko‘rsatmasida qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan davrida „O‘zdonmahsulot“ AKga qarashli binoni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ruxsati bilan demontaj qilganini, unga ishonganidan chuqur afsusdaligini ma’lum qilgan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, sudning avvalgi yig‘ilishlarida OAV vakillariga foto, video olish hamda audio yozib olish taqiqlangandi. Ayrim advokatlar jurnalistlarni yolg‘on tarqatishda ayblagan. Antikorrupsiya agentligi bunday qaror prezident farmoniga zidligini aytib, majlisni jonli efirga uzatishga chaqirgan.