O‘zbekistonda kambag‘al oilalarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qiymati 30 mln so‘mgacha bo‘lgan garovsiz va foizsiz qarz beriladi. Bu 23-sentabr kuni imzolangan prezident qarorida nazarda tutilgan, deya xabar berdi Adliya vazirligi.

Qarz “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” biriktirilgan rahbarlarining xulosasi asosida beriladi. Mablag‘ tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qiymati 30 mln so‘mgacha bo‘lgan kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘konlar (food truck), motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalarni sotib olishga, 5 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti beriladi.

Shuningdek, “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” biriktirilgan rahbarlarining xulosasi asosida kambag‘al oilalarga noutbuk sotib olish uchun ham 5 yil muddatga 2 yil imtiyozli davr bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi.

Prezident qarori “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Qarorga ko‘ra, shuningdek, 2025/2026 o‘quv yilidan kambag‘al oilalar farzandlarining davlat OTM talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.

2025-yildan “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan kambag‘al oilalarning farzandlari uchun alohida kvotalar ajratiladi.

2024−2025-yillarda tajriba tariqasida og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida joylardagi tashkilotlarining 14 mingta rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5 tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi.

2025-yil 1-apreldan:

  • Samarqand va Toshkent shaharlarida eksperiment tariqasida autsorsing asosida Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan boquvchisini yo‘qotgan to‘liq bo‘lmagan oilalar, mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar, ikki va undan ortiq nogiron a’zolari mavjud oilalardagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati ko‘rsatiladi;
  • ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga individual yondashuv asosida oilaga yaqin muhitda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish maqsadida mahallalarda oila shaklidagi kichik hajmli bolalar uylari tashkil etiladi;
  • YATT sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslarga alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning kunduzgi parvarish xizmatlarini hamda yuridik shaxslarga nogironligi bo‘lgan bolalar, shu jumladan, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 23-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida prezident qarori ham qabul qilindi. Hujjat bilan 1-dekabrdan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantirilishi nazarda tutilgan.