O‘zbekiston fermerlari o‘z zarariga paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan fyuchers shartnomalarini “ixtiyoriy-majburiy” tarzda o‘zgartirish bo‘yicha qo‘shimcha bitimlar tuzishga majburlanmoqda. Bu haqda Kun.uz yozdi.

Nashr qo‘lga kiritgan audioyozuvda ovozi Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforovnikiga o‘xshash shaxs tuman hokimlaridan biriga fermerlar Toshkentdan jo‘natilgan “blanka"ga imzo qo‘yishi kerakligini aytganini eshitish mumkin.

“Hokim buva, hozir Toshkentdan, birja tomonidan blanka tashlab berildi. Ertaga 100 foiz fermer xo‘jaliklari yig‘ilishda qatnashishi shart. Hamma fermer yig‘ilganida, shu blankaga pechat bostirib, bir tarafiga imzo qo‘ydirib berishi kerak. Vazirlar Mahkamasining yangi chiqqan 574-sonli qarori ijrosi mana shu bilan bo‘lib ketadi. Qaytadan 6800 so‘mdan bo‘ladi, ustiga davlat subsidiya beradi, 1000 so‘m qo‘shilganidan keyin 7800 so‘m bo‘ladi. Oldingi tuzilgan, 8000−9000 so‘mdan sotilgan hammasi 100 foiz bekor bo‘ladi”, — deydi erkak.

fermerlar, klasterlar, qishloq xo‘jaligi, rahmatullo g‘afforov

Kun.uz muxbiri ushbu ovozli xabarni Telegram orqali jo‘natgan “Gapparov Raxmatulla” nomli akkauntga biriktirilgan raqamga qo‘ng‘iroq qildi. Telefonga Rahmatullo G‘afforovning o‘zi javob bergani aytiladi. U jurnalistga “G‘aniyevning videoyig‘ilishida o‘tirgani” va suhbat tugaganidan keyin u bilan bog‘lanishini aytgan. U katta ehtimol bilan davlat rahbarining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G‘aniyevni nazarda tutgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalariga bunday buyruq, ko‘rsatma yoki topshiriq berilmagan. Surxondaryo viloyati hokimligi esa vaziyat va audioyozuvni o‘rganayotganini ma’lum qildi, shuningdek, bunday ko‘rsatma yo‘qligiga ishontirdi.

Vazirlar Mahkamasining 13-sentabrdagi (574-son) yuqorida qayd etilgan qaroriga muvofiq, paxta yetishtiruvchilar va qayta ishlash korxonalari o‘rtasida paxta narxi 1 tonnasi uchun 6,8 million so‘mdan past bo‘lmasligini hisobga olgan holda 2024-yil uchun birja savdolarida tuziladigan shartnomalarga qo‘shimcha shartnomalar tuzish nazarda tutilgan.

“Gazeta.uz” avval yozganidek, fevral oyida hukumat fermer va klasterlar fyuchers shartnomalari tuzadigan 1 kg paxta uchun tavsiya etilgan minimal narxni 7800 so‘m deb e’lon qilgandi (ayrim hollarda 8500 so‘m). Vaholanki, jahon birjasida o‘sha paytdagi narxlar 1 kg uchun 6000 so‘mga yaqin edi. Biz narx qanday belgilanayotgani, shartnomalar shartlari fermerlar zarariga qanday qayta ko‘rib chiqilayotgani va ular nima sababdan norozi ekanini tushuntirgandik.