Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lgan 2024-yilgi shaxmat Olimpiadasida qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 24-sentabr kuni Toshkentda tantanali kutib olindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev OAV vakillari bilan suhbatda 2021-yildan buyon AQSh terma jamoasida dona surib kelayotgan asli o‘zbekistonlik Gulruhbegim Tohirjonovani O‘zbekiston terma jamoasiga qaytarish harakatida ekanligini aytdi.

alisher sa’dullayev, gulruhbegim tohirjonova, shaxmat, shaxmat olimpiadasi

Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”

“Gulruhbegimning o‘ziga ham, ota-onasiga ham, opalariga ham [O‘zbekistonga qaytish] taklifini berganmiz. Albatta, uning qaytish niyati bor, deb o‘ylayman. Uni olib kelish va qo‘llab-quvvatlash niyatimiz bor. Chunki Gulruhbegim baribir O‘zbekistonga kerak, u yaxshi va salohiyatli shaxmatchi. Yuzi yorug‘ bo‘lib, O‘zbekiston terma jamoasida 2026-yili [Toshkent mezbonlik qiladigan] shaxmat Olimpiadasida ishtirok etsa, bundan faqat xursand bo‘lamiz”, — dedi Alisher Sa’dullayev.

Gulruhbegim nega O‘zbekiston terma jamoasini tark etgan?

Shaxmat federatsiyasi bilan mojarodan so‘ng AQSh terma jamoasida o‘ynay boshlagan xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova 2022-yil yanvaridagi videomurojaatida federatsiya rahbarining birinchi o‘rinbosari, iste’fodagi DXX generali Husan Turdialiyev sabab O‘zbekiston terma jamoasini tark etganini aytgandi.

“Ha, haqiqatdan ham mening ketishimga Husan Turdialiyev va uning xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. Birinchidan, men va opa-singillarimga (Hulkar Tohirjonova va Nafisa Mo‘minova — tahr.) terma jamoa safida O‘zbekiston sharafini himoya qilishimizga ruxsat berilmadi, bizda musobaqalarda bir vaqtning o‘zida yurt sharafini himoya qilish imkoni yo‘q edi. Moliyaviy nuqtai nazardan, federatsiya 15 yil davomida bizni hech qanday tarzda qo‘llab-quvvatlamadi”, — degandi u o‘z videomurojaatida.

“O‘z vatanim sharafini himoya qilishdan juda xursand bo‘lardim, ammo hozirgi sharoitda shaxsiy rivojlanish uchun mamlakatni tark etishga qaror qildim. Agar federatsiyada o‘zgarishlar bo‘lsa, albatta, qaytib kelib, vatanim sharafini himoya qilaman”, — degandi u.

Hulkar Tohirjonova 2021-yil boshida shaxmatchi opa-singillar va Shaxmat federatsiyasi o‘rtasidagi ayrim kelishmovchiliklar Husan Turdialiyevning qizi ham shaxmatchi ekanligi bilan bog‘liqligi haqida xabar bergan edi.

“Muammolarimiz 2000-yillarda boshlangan. Chunki u bilan bir yosh toifasida o‘ynaganmiz. Har doim undan yutib olardik va hech qachon kelishuv asosida yutqazib bermaganmiz. Kimdir unga ochkolarini berdi, lekin biz bermadik. Hammasi shundan boshlangan”, — degandi u.

Tohirjonova 2022-yili Hindistonda o‘tkazilgan Olimpiadada O‘zbekistonga qarshi dona surmagan, u 2024-yilgi shaxmat Olimpiadasida ham shunday yo‘l tutdi.