The Athletic nashrida tarixdagi eng mashhur turk futbolchilardan biri hisoblangan Hoqon Shukur nomi qanday qilib va nima sababdan Turkiya tarixidan “o‘chirib tashlangani” haqida maqola e’lon qilindi. “Gazeta.uz” Nik Miller tomonidan tomonidan yozilgan maqola tarjimasini taqdim etadi.

Hoqon Shukur va uning AQShga surgun qilinishi: “Voldemortning yaxshi versiyasiga o‘xshayman — nomim aytilmasligi kerak”

“Galatasaroy” klubi muzeyida jamoaning 2000-yilgi UEFA Kubogi finalidagi g‘alabasiga bag‘ishlangan film bor. Jamoa hozirga qadar Yevrokuboklarda g‘olib chiqqan yagona turk jamoasi bo‘lib qolmoqda, shuning uchun ular bu muvaffaqiyat bilan haqli ravishda faxrlanadi.

“Arsenal”ga qarshi kechgan finalning asosiy vaqti golsiz durang bilan yakunlanadi va kubok egasini penaltilar seriyasi orqali aniqlashga to‘g‘ri keladi, filmda ham penaltilar seriyasi to‘liq,. yo‘q, deyarli to‘liq ko‘rsatilgan. Filmda siz “Galatasaroy” tomonidan Ergyun Penbe, Umit Davala va George Popesku darvozani aniq nishonga olganini ko‘rasiz. Shuningdek, “Arsenal” tomonidan Rey Parlor gol urganini, Davor Shuker va Patrik Viyeyra esa imkoniyatdan foydala olmaganiga guvohi bo‘lish mumkin.

Lekin bu kadrlarda bitta penalti zarbasi yo‘q. “Galatasaroy”ning ikkinchi penaltisi filmdan kesib tashlangan. Bu o‘sha oqshom Kopengagenda bo‘lgan finalda klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar tepgan penalti edi. Bu futbolchi Turkiya Superligasi tarixida ham eng yaxshi to‘purar edi. Shuningdek, Turkiya terma jamoasi tarkibida ham.

Lekin u g‘oyib bo‘ldi. O‘chirildi. Yo‘qoldi. Go‘yo hech qachon mavjud bo‘lmagandek.

Agar siz Hoqon Shukurning turk futbolidan va u yerdagi jamiyatdan qay darajada “o‘chirib tashlangani”ga misol keltirmoqchi bo‘lsangiz, muzeydan keltirilgan mana shu misol, ehtimol, eng yaxshi tushuntirish bo‘ladi.

Hoqon Shukur “Galatasaroy”ning 2000-yilgi UEFA Kubogi finalida “Arsenal” ustidan qozongan g‘alabasini nishonlamoqda. Foto: Stefan Mantey / Getty Images.Hoqon Shukur “Galatasaroy”ning 2000-yilgi UEFA Kubogi finalida “Arsenal” ustidan qozongan g‘alabasini nishonlamoqda. Foto: Stefan Mantey / Getty Images.

Ehtimol, ikki yil avval bo‘lib o‘tgan oxirgi jahon chempionatidagi yana bir misol haqida ham eshitgandirsiz, xoynahoy.

Mundial guruh bosqichi doirasidagi Marokash — Kanada o‘yinida marokashlik Hakim Ziyosh 4-daqiqada gol urganida, TRT (Turkiya davlat teleradiokorporatsiyasi) sharhlovchisi Alper Bakirjigil bu jahon chempionatlari tarixidagi eng tezkor gol emasligini ta’kidlaydi — rekord hali ham 2002-yilgi jahon chempionatida Janubiy Koreyaga qarshi 3-o‘rin uchun o‘yinning 11-soniyasida gol urgan Hoqon Shukurga tegishli edi.

O‘shanda Bakirjigil shunchaki Shukurning ismini tilga olgani uchun taymlararo tanaffus vaqti efirdan olib tashlangandi.

“Menimcha, men nomi aytilmasligi kerak bo‘lgan Voldemortga o‘xshayman”, — deydi Shukur The Athletic muxbiri bilan suhbatda. “Faqat uning yaxshi versiyasiga o‘xshasam kerak”.

Hoqon Shukur Turkiyani tark etganiga qariyb 10 yil bo‘ldi.

Voqealar boshqacha tus olganida edi, u hozir hukumatning yuqori martabali amaldorlaridan biriga aylanishi mumkin edi. Asosan Istanbulning “Galatasaroy” klubida, shuningdek, Italiyaning uchta jamoasi va, qisqa muddat Angliyaning “Blekbern Rovers” jamoasida o‘tgan futbolchilik faoliyatidan so‘ng, u 2011-yili Turkiya parlamentiga saylangan va, ayni paytda, futbol eksperti sifatida muntazam televideniyeda chiqish qilgan.

Shukurning hokimiyatdan chetlatilishi uning ikki kishi bilan munosabatlariga bog‘liq — ularning har ikkovini sobiq futbolchining 1995-yili bo‘lib o‘tgan to‘yida olingan fotosuratlarda ko‘rish mumkin.

Ulardan biri — Istanbulning o‘sha vaqtdagi meri, milliy siyosiy sahnada endigina nom qozona boshlagan, mo‘ylovi kaltalangan sobiq havaskor futbolchi. Siz uni Turkiyaning amaldagi prezidenti — Rajab Toyyib Erdog‘an sifatida taniysiz.

Ikkinchisi esa Fathulloh Gulen ismli odam edi, uni ta’riflash biroz mushkul, lekin unga berish mumkin bo‘lgan eng oson ta’rif — bir vaqtlar tarafdorlari juda ko‘p bo‘lgan diniy voiz. Uni salkam kult yetakchisi deb ataydiganlar ham topiladi. Boshqalar esa Gulen 2016-yilda Turkiya hukumatini qariyb ag‘dargan davlat to‘ntarishiga urinishning me’mori bo‘lgan, deydi.

Rajab Toyyib Erdog‘an. Foto: Yovuz O‘zden / Getty Images.Rajab Toyyib Erdog‘an. Foto: Yovuz O‘zden / Getty Images.

“Hizmet” — “Xizmat”dagi turkiyaliklar nomi bilan tanilgan Gulen harakati, aftidan, islomiy unsurlari mavjud ta’lim bolalar uchun foydali bo‘lishi mumkin, degan fikrdagi maktablar atrofida shakllangan. Gulenning nisbatan mo‘’tadil tanqidchilari uning maqsadi Turkiyani dunyoviy davlatdan diniy davlatga aylantirish bo‘lganini ta’kidlaydi. Nisbatan mo‘’tadil bo‘lmagan tanqidchilariga esa keyinroq to‘xtalamiz.

Gulen turk jamiyatida bir muddat juda muhim va nufuzli odam hisoblangan. Masalan, ko‘plab futbolchilar ham o‘zini uning izdoshi deb bilardi. Gulenning faoliyatiga ko‘pchilik jalb qilingan va ulardan PR maqsadlarda foydalanilgan. 2000-yillar boshida bu harakat shu qadar ahamiyatli ediki, hatto Erdog‘an va uning o‘sha paytda hokimiyatni qo‘lga olgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasi (AKP) ham gulenchilar bilan ittifoq tuzgandi.

Hoqon Shukur ularning ikkisi bilan ham eng yaqin aloqadagi futbolchi edi. Uning mashhurligidan Erdog‘an o‘z yo‘lida foydalangan: 2008-yili Britaniya qirolichasi boshliq delegatsiya, jumladan, tashqi ishlar vaziri Devid Milibend Turkiyaga kelganida, Shukur Britaniya elchisi qarorgohida ochiq mashg‘ulot o‘tkazgan va kickabout (kichik davrada o‘ynaladigan futbolga o‘xshash o‘yin — tahr.)da ishtirok etgan. Uch yildan so‘ng parlamentga saylanganida ham sobiq futbolchi AKP vakili edi.

Milibend va Shukur 2008-yili Turkiyada birga to‘p tepmoqda. Foto: Antoni Devlin / Getty Images.Milibend va Shukur 2008-yili Turkiyada birga to‘p tepmoqda. Foto: Antoni Devlin / Getty Images.

Keyinroq, taxminan 2013-yildan boshlab, hammasi o‘zgara boshladi.

Avvaliga gulenchilar va Erdog‘an o‘rtasidagi zaif ittifoq parchalana boshladi. Hukumatning ko‘plab a’zolarini qamrab olgan korrupsiya mojarosi boshlandi. Erdog‘anga yaqin vazirlar, shuningdek, uning o‘g‘illari — Bilol va Burakni turli jinoyatlarda ayblaganlar orasida gulenchi prokurorlar ham bor edi. Shukur o‘sha yilning dekabrida AKP`dan chiqdi va bu qarori gulenchilarga aloqador ba’zi maktablarning hukumat tomonidan yopilishi bilan bog‘liq ekanini ochiq aytdi.

Bu paytga kelib gulenchilik Turkiyada ko‘pchilikka, xususan, hukumat vakillariga “Fathullohning terror tashkiloti” — qisqacha FETO — nomi bilan tanilib ulgurgandi. Gulen 2014-yil dekabrida “qurollangan terrorchi guruh”ga rahbarlik qilishda rasman ayblangan, uni hibsga olishga order berilgandi. U hukumatni ag‘darishga uringanlikda gumonlangandi. Erdog‘an esa Gulen boshchiligidagi “parallel davlat” haqida gapirgandi.

Hoqon Shukur Gulenni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishdan bosh tortdi. U 2015-yili mustaqil nomzod sifatida parlament tarkibiga kirishga urindi, lekin bu urinish samarasiz tugadi. O‘sha yilning o‘zida, shamol qaysi tomonga qarab esayotganini sezib, Kaliforniyaga ko‘chib o‘tdi.

2016-yil boshida u “janob Rajab Toyyib Erdog‘an va uning o‘g‘liga nisbatan haqoratlovchi kontent” yozishda ayblangan va buning uchun to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin edi. Ammo haqiqiy falokat o‘sha yil yozida, Erdog‘an hokimiyatiga qarshi davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng yuz berdi. Ko‘p yillardan beri AQShning Filadelfiya shahrida istar-istamas surgunda bo‘lgan Gulen, Atlantika okeanining narigi tomonidagi mamlakatda davlat to‘ntarishini uyushtirganlikda ayblandi va, shu bois, unga ergashgan har qanday odamga ham shu bo‘yoq chaplangan edi.

Hoqon Shukur davlat to‘ntarishiga urinishga hech qanday aloqasi yo‘qligini har qanaqasiga aytib chiqdi, shunga qaramay u hozirgacha davlat dushmani sifatida ko‘riladi. AKP vakillari unga Gulendan uzoqlashgan taqdirda uyiga qaytishi mumkinligini aytgan, lekin sobiq futbolchi buni rad etgan. Uning Turkiyadagi mulklari va bank hisoblariga taqiq qo‘yilgan. Uning nomini o‘chirish jarayoni ham tezlik bilan davom etdi. Bu jarayonning eng jiddiy oqibatlaridan biri — otasi hibsga olingan. Ayni vaqtda, Shukurning bu boradagi fikri biroz boshqacha: “Otam hibsga emas, garovga olingan”, deb hisoblaydi u. “Ular otamni garovga olishdi va (menga) „ortga qayt, shunda otangni ozod qilamiz va barcha narsangni qaytarib beramiz“, deyishdi”, deydi.

Oxir-oqibat uning otasi ozodlikka chiqdi, ammo oradan deyarli 10 yil o‘tganiga qaramay, Hoqon Shukur uchun hech narsa o‘zgargani yo‘q.

“Bu 10 yilga bir necha satrda xulosa berish oson emas, — deydi Shukur. — Men moliyaviy va emotsional jihatdan juda qiyin davrlarni boshdan kechirdim. Lekin qaysidir pallaga kelib o‘zimni qo‘lga olishimga to‘g‘ri keldi, chunki oilamga g‘amxo‘rlik qilishim kerak edi. Uch farzandim va rafiqam bilan birga qo‘lni qo‘lga berdik”.

“Hech qanday sud qarorisiz futbol orqali topgan butun mol-mulkim musodara qilindi. Bularning bari men shunchaki bu tuzum g‘oyalariga qo‘shilmaganim va unga qarshi chiqqanim uchun yuz berdi. Bir kechada mening hayotim butkul o‘zgarib ketdi”, — deydi Shukur.

“Ular mening Turkiyaga qaytishimni va tuzumning hozirgi nuqtai nazarini qabul qilishimni xohlaydi. Men bu noqonuniy taklifni qabul qilishim yoki bu noqonuniy tuzum haqida dunyoga gapirishim kerak edi”, — deya ta’kidlaydi u.

“Albatta, men ularning taklifini qabul qilganim yo‘q. Men demokratiya va qonun ustuvorligi uchun bu qiyin jarayonda kuchli bo‘lib qolishga harakat qilyapman”, — deya qo‘shimcha qildi sobiq futbolchi.

Shukur tushunarli sabablarga ko‘ra intervyu berishda shoshmaslikni ma’qul ko‘radi.

Bu intervyuni tashkil qilish uchun bir necha oy ehtiyotkor muzokaralar olib borishga to‘g‘ri keldi. Oxir-oqibat, taqdiri Shukurnikiga o‘xshash boshqa bir kishi — Milliy basketbol assotsiatsiyasi (NBA)ning sobiq yulduzi Enes Kanter Fridom yordamidan foydalanildi.

Foto: Mayk Stob / Getty ImagesFoto: Mayk Stob / Getty Images

Kanter Shveysariyadagi turkiyaliklar oilasida tug‘ilgan, ammo bolaligidayoq oilasi bilan Turkiyaga qaytgan va, NBA’da o‘ynash orzusini ro‘yobga chiqarish uchun AQShga ko‘chib o‘tishidan avval, basketboldagi faoliyatini o‘smirlik chog‘lari Istanbulning “Fenerbahche”sida boshlagan.

Shukurga o‘xshab, Kanterni ham ota yurti — Turkiyada iliq qarshilashmaydi. Shukur singari u ham Gulenni qo‘llab-quvvatlagan, shu darajadaki, bir muddat ismini Enes Gulen deb ham o‘zgartirgandi. Shukur singari u ham Erdog‘anga nisbatan juda tanqidiy munosabatda edi, shu darajadaki, Turkiya prezidentini Gitlerga qiyoslagandi. Shukur kabi uning oilasi ham ta’qibga uchragan, uning otasi ham qamoqqa olingan.

Turkiya 2017-yil may oyida Kanterni ekstraditsiya qilinishiga erishishga yoki, Kanterning o‘z ta’rifi bilan aytganda, uni Indoneziyadan “o‘g‘irlab ketishga” harakat qildi. O‘shanda u Ruminiyaga uchib ketishga ulgurdi, ammo keyinroq o‘zining Turkiya pasporti bekor qilinganidan xabar topdi. Uning aytishicha, Turkiyaga ekstraditsiya qilinishi mumkinligidan xavotiri borligi sabab u hozir dunyoning faqat 29 davlatiga borishi mumkin. 2021-yilda u AQSh fuqaroligini oldi. O‘sha vaqtda u, ham bu voqeani nishonlash, ham Turkiyadagi siyosatga noroziligini ko‘rsatish maqsadida, ismini Enes Kanter Fridom deb o‘zgartirdi.

“Men 3 yoki 4-sinfda o‘qirdim, Xoqon esa 2002-yilgi jahon chempionatida Turkiya terma jamoasida o‘ynardi”, — deb eslaydi Kanter Fridom The Athletic nashriga bergan intervyusida. — U (Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda) bu golni urganida butun maktab aqldan ozgandi. O‘shanda men birinchi marta sportchi bo‘lishga qaror qilgan vaqt edi. Men Xoqon tufayli futbolchi bo‘lishni istagandim. Lekin mening bo‘yim juda baland va harakatlarim juda sekin edi, shuning uchun bu amalga oshmadi".

Hoqon Shukur va braziliyalik Ronaldo 2002-yilgi jahon chempionati yarim finalidagi o‘yinda. Foto: Richard Sellers / Getty Images.Hoqon Shukur va braziliyalik Ronaldo 2002-yilgi jahon chempionati yarim finalidagi o‘yinda. Foto: Richard Sellers / Getty Images.

“Men sportchiman. Men jangchiman. Lekin Hoqon Shukur, menimcha, turkiyalik nafaqat eng yaxshi futbolchi, balki eng yaxshi sportchi ham”, — deydi Kanter.

Shukur va Kanter Fridom o‘zaro o‘xshash sharoitlar sabab yaqin bo‘lib ketgan.

“U mening eng yaxshi do‘stlarimdan biri, — deydi Kanter Fridom. — U qilgan ish oson emas: u Turkiya futbolidagi eng katta nom edi. U juda ko‘p pul va hurmat-e’tibor topgandi. Keyin esa Turkiyada sodir bo‘layotgan ko‘plab nodemokratik voqealarga qarshi turmoqchi va xalqni himoya qilmoqchi bo‘lgan vaqti deyarli hamma narsasini tashlab, Amerikaga keldi. Hammasini yana noldan boshladi”.

Kaliforniyaga ko‘chib o‘tganidan ko‘p o‘tmay, Shukur yaxshi ishlab turgan bir qahvaxona sarmoya kiritdi. Tuts deb atalgan bu muassasa San-Fransisko janubidagi Palo-Alto shahridagi Stenford universiteti yaqinida joylashgandi. Uning o‘zi peshtaxta ortida ishlab, qahva va pishiriqlar sotib olmoqchi bo‘lgan mijozlarga xizmat ko‘rsatardi. The New York Times gazetasiga 2018-yili bergan intervyusi ham aynan o‘sha bo‘lgandi.

Ammo ma’lum vaqt o‘tib, u yerda g‘alati odamlar paydo bo‘la boshladi. Shukurning fikricha, ular Erdog‘an tarafdorlari bo‘lib, uni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan. Ular o‘zlaridan tahdidli xabarlar qoldirgan. Xodimlar va mijozlarni bezovta qilgan. Masalan, ulardan biri kafega kirib, polga siygan.

“O‘sha odamlar kafeda baqir-chaqir qilib, barchaga noqulaylik tug‘dirardi, — deydi Kanter Fridom. — Hoqon Shukur tashrif buyuruvchilar o‘zini noqulay his qilmasliklarini xohlab, oxiri qahvaxonani sotib yubordi”.

Shundan beri OAVda vaqti-vaqti bilan Hoqon Shukur haqida yakkam-dukkam xabarlar, hikoyalar chiqib turadi, masalan, uning Uber’da haydovchilik qilgani, Amazon’da kitob sotgani kabi. Bu hikoyalar haqiqat, biroq, Shukurning aytishicha, Uber’da ishlash pul topish bilan bir qatorda o‘zi olib ketayotgan odamlar bilan muloqot qilish orqali ingliz tilini o‘rganish uchun ham kerak.

“Amerikaga birinchi kelganimda qiyinchilikka uchradim, — deydi Shukur. — Agar o‘zingizni band qilib turmasangiz, Turkiya bilan bog‘liq barcha yomon narsalar yodingizga tushaveradi. Men doim nimadir bilan band bo‘lishga harakat qilaman”.

U sentabr boshida 53 yoshga to‘ldi va hozir bolalarga futboldan murabbiylik qilish bilan band. “Zoom orqali gaplashganimizda ortidagi javonda Chempionlar Ligasi to‘pi turganini ko‘rdim. Men hayajon bilan, bu uning futbolchilik faoliyatidan, o‘zining shonli kunlaridan asrab qola olgan bir esdalikmi-yo‘qmi, deb so‘radim (undagi esdaliklarning aksariyati Turkiyada qolib ketgan), ehtimol bu to‘p u 2003-yil dubl qayd etgan “Yuventus”ga qarshi o‘yindandir (2:0), ehtimol bu 1999-yili “Galatasaroy” “Milan”ni 3:1 hisobida mag‘lub etishga yordam bergan o‘yinnikidir”, — deb yozadi jurnalist Nik Miller.

Foto: Hoqon ShukurFoto: Hoqon Shukur

Yo‘q. Ma’lum bo‘lishicha, u bu to‘pni shunchaki murabbiylik mashg‘ulotlarida foydalanish uchun sotib olgan.

U, shuningdek, YouTube’da ham tez-tez jonli efir qilib turadi, odatda “Galatasaroy” va umuman turk futboli haqida gapiradi. “U sobiq jamoasi uni unutishga harakat qilganiga qaramay, odamlarga bu klubni unutmaganligini eslatish, uyi bilan qandaydir aloqani saqlab qolish uchun shunday qiladimi, deb o‘ylayman”, — deb yozadi jurnalist Nik Miller.

“Men YouTube’dan Turkiyadagi odamlarga yetib borish vositasi sifatida foydalanaman, — deydi sobiq futbolchi. — Men jonli efirga chiqqanimda minglab odamlar uni tomosha qiladi. Ular bilan nafaqat futbol, balki mamlakatdagi dolzarb muammolar haqida ham gaplashishim mumkin. Turkiyada bo‘lgan vaqti ko‘pchilik aloqaga chiqishga qo‘rqadi. Ular Turkiyadan tashqariga chiqqanida men bilan bog‘lanib, Turkiyaga qaytganda yangi (telefon) raqam sotib oladi, chunki qo‘rqadi. Ular (hukumat va uning tarafdorlari) Turkiyada demokratiyaga chaqiruvchi ovozlarning birortasini qo‘llab-quvvatlamaganliklari uchun miyalarni yuvishga, odamlarning boshiga qo‘rquv uyg‘otishga harakat qilmoqda”.

Hoqon Shukur turk jamiyatidan butunlay o‘chirib tashlanganiga boshqa ko‘plab misollar ham keltirish mumkin. Masalan, Turkiya futbol federatsiyasi bosh qarorgohidan uning portreti olib tashlanishi. Istanbul sharqidagi “Sanjaktepe” futbol klubi stadioni nomi ham avval “Hakan Sukur Stadium” edi. Bular sezish mumkin bo‘lgan misollar.

Yana shunday jihatlar ham borki, siz ularni darhol sezmasligingiz mumkin, lekin ularni tushunishga ko‘p vaqt ketmaydi. Masalan, 2022-yili Netflix tomonidan chiqarilgan Fotih Terim haqidagi hujjatli serialda Terim qo‘l ostida “Galatasaroy” va milliy terma jamoa safida yuzlab o‘yin o‘tkazgan Hoqon Shukur biror marta tilga olinmaydi.

Bundan ham distopikroq bo‘lgan boshqa misollar ham bor.

2024-yil boshida turkiyalik jurnalist Kemal Belgin “A Spor” ko‘rsatuvida “Galatasaroy”ning hozirgi jamoasini, xususan, markaziy hujumchi Mauro Ikardini muhokama qiladi. “Bir paytlar ularning bir hujumchisi bor edi, hozir u Amerikada yashaydi, — dedi Belgin. — (Hozirgi hujumchilarning) hech biri hatto uning butsasi iplarini bog‘lashga ham arzimaydi”.

Boshlovchi O‘nur Yildizda xavotir alomatlari ko‘rina boshladi va u tezda: “Keling, Turkiyaga qaytaylik”, deb gapni burdi.

2023-yili “Galatasaroy” Superliga chempionligiga erishgach, jamoaning uzoq yillik sardori va darvozaboni Fernando Muslera klubning eng ko‘p mukofot qo‘lga kiritgan futbolchilari panteoniga qo‘shilishi haqida gapirgandi. “Bu ro‘yxatda Suat Kaya, Bulent Ko‘rkmaz va… menimcha, yana bir futbolchi ham bor edi”, — dedi u.

Bu narsa — odamlar hatto uning ismini aytishga ham qo‘rqishi — Hoqon Shukurning turk jamiyatida qanchalik “persona non grata”ga aylanganini ko‘rsatadi.

Hoqon Shukur 2014-yil Monakodagi “Oltin butsa” sovrini taqdirlash marosimida. Foto: Valerio Pennisinyo / Getty Images.Hoqon Shukur 2014-yil Monakodagi “Oltin butsa” sovrini taqdirlash marosimida. Foto: Valerio Pennisinyo / Getty Images.

Bu mavzuda gapirayotganida ba’zilar hatto aqlbovar qilmas fikrlarni bildiradi. “Galatasaroy”ning sobiq futbolchisi Mustafo Ko‘jabey bir necha yil avval hatto Shukurning gollari ham gulenchilar fitnasi bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgandi. “Men u “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritgan yillardagi raqib jamoalar darvozabonlarini tekshirib ko‘rishni istayman, — degandi u. — Bu darvozabonlar [FETO a’zosi] bo‘lishi mumkin. Ular bu gollarni ataylab, bilib turib o‘tkazib yuborgan bo‘lishi mumkin”.

“Unga nisbatan bunday munosabatni ko‘rish juda yoqimsiz, — deydi Kanter Fridom. — U bunga loyiq emas. Men unga aytdim: “Seni klubdan, internetdan, televizordan yoki istalgan boshqa narsadan o‘chirib tashlashga harakat qilib ko‘rishlari mumkin, lekin insonlar qalbidan o‘chira olishmaydi”.

Agar imkon bo‘lsa, Shukur va Kanter Turkiyaga qaytishni istaydimi, deb so‘rash lozim edi.

“Albatta, — deydi Shukur. — Men oilam, do‘stlarim va xotiralarim bilan uchrashishni istardim, lekin faqat qonun ustuvorligi qaytganida. Yurtim uchun non, suv, havodek zarur bo‘lgan adolat, inson huquq va erkinliklarining qaytishi — mana shunisi muhimroq. Bu muhim haqiqatni hamma tushunishini istayman: menda vatanim, bayrog‘im va xalqim bilan hech qanday muammo yo‘q. Bunday og‘ir jangga kirishganimning sababi — men go‘zal mamlakatim haqida qayg‘urishimdir”.

Undan tuzum o‘zgarishining o‘zi yetarli bo‘ladimi yoki bu undan ham chuqurroq masalami, deb so‘raymiz.

“Men uchun uyga qaytish Erdog‘anning lavozimini tark etishi yoki o‘lishini anglatmaydi, balki qonun adolatsizlikka uchraganlarning barchasiga teng qo‘llanilishini bildiradi, — deydi Hoqon Shukur. — Bundan tashqari, o‘z fikrini erkin ifoda etgani uchun qamalgan jurnalist va siyosatchilar duch kelayotgan adolatsizliklarga ham barham berish kerak”.

“Xalqimiz qanday bo‘lishini istashim haqida ko‘p orzularim bor. Men xohlagan narsa qisqa muddatda amalga oshishi mumkindek ko‘rinmaydi, lekin baribir buni sizga aytaman: men yoshlarimiz dunyoga, G‘arbga va dunyodagi barcha yangi o‘zgarishlarga juda ochiq bo‘lishlarini istardim. Ha, demokratiya va inson huquqlari ham bor, lekin men ham ularning o‘zida empatiyani shakllantirishini, har kimni o‘z vaziyatida qabul qilish va xolisona munosabatda bo‘lishlarini istayman”.

Kanter Fridom bunga qo‘shimcha qiladi: “Bizning o‘z mamlakatimiz bilan hech qanday muammomiz yo‘q. Biz Turkiyani, bayrog‘imizni sevamiz. Bir kuni bularning barchasi tugagach, yurtimizga qaytib, oilalarimizni ko‘rmoqchimiz. Lekin men Turkiyada yashay olaman, deb o‘ylamayman”.

Hoqon Shukurning qaytishi bo‘yicha jamoatchilik fikri tubdan o‘zgarib ketgan. Erdog‘anning reytingi har tomonlama pastlayotgan bo‘lsa-da (ba’zilar u o‘tgan yilgi prezidentlik saylovida yutqazadi, deb ham o‘ylagan edi, yakunda u 52,18 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi), Shukurning gulenchi sifatidagi imidji, 2016-yilgi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etgani haqidagi tasavvur juda kuchli.

Odamlar u haqida gapirishni, kamida omma oldida gapirishni istamaydi. The Athletic Turkiyadagi bir necha kishidan — jurnalistlar, sobiq futbolchilar, oddiy fuqarolardan u haqda so‘radi, lekin hech kim kamera qarshisida yoki mikrofonga gapirishni istamadi. Ta’kidlash joizki, uning o‘zi ham qusurlardan xoli emas: Shukur AKP’dan parlamentga saylangan payti ham Erdog‘an farishta emasdi. Shubhasiz, Shukur xatolar qilgan, surgunga sabab bo‘lgan xatolardan tashqari ham xatolar qilgan.

U Gulenni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishni ancha oldin amalga oshirishi mumkin edi. Gulenchi bo‘lgan boshqa ko‘plab futbolchilar, sportchilar va jamoat arboblari bilan aynan shu narsa sodir bo‘ldi: davlat to‘ntarishiga urinishdan keyin ularning ko‘pchiligi o‘z fikridan qaytdi va “oddiy” hayot va martaba bilan yashashni davom ettirdi. Endi-chi? Nimaning ehtimoli kamroq ekanini aytish qiyin: Shukurning pozitsiyasidan voz kechishi yoki turk jamiyatiga qaytishiga imkon beradigan darajaga tushishi.

Biroq Shukur qachondir o‘zining sud kuni kelishini istaydi. Uning aytishicha, unda aybsizligini isbotlovchi qog‘ozlarning bir dastasi bor.

“Agar men noto‘g‘ri ish qilgan bo‘lsam, sudga boraylik, — deydi u ochiqchasiga hayajonga berilib. — Ammo tuzum meni sudga berishni istamayapti, chunki ular meni Xalqaro sudga (ICJ) olib borsa, yutqazishini biladi va bu eng katta mavzulardan biriga aylanadi. Ular shunchaki odamlar mening holatimdan qo‘rquvga tushishlariga ishonch hosil qilishni istashadi”.

Darhaqiqat, Hoqon Shukur Kaliforniyada yashashga ancha o‘rganib qolgan. Farzandlari bu yerda baxtli. U ikkinchi xotini Beydaning unga qanchalik yordam bergani haqida dam-badam gapiradi. U turmush o‘rtog‘i qiyinchilik va sinovlarga qaramay, doimo uning yonida bo‘lganini qadrlaydi. “Mening eng yaxshi va eng yomon kunlarimda ham xotinim yonimda qoldi”, — deydi sobiq futbolchi.

“Men o‘zimni ichimda yaxshi his qilyapman, chunki men hech qachon jinoyat yoki noqonuniy harakat qilmaganman, — deb davom etadi u. — Bundan buyon barcha tajribalarimni keyingi avlodga yetkazishga harakat qilaman. Yanada katta bo‘lganimga, yanada xotirjamroq fikrlay olishimga ishonaman. Men 53 yoshdaman va hali ham ishlayapman”.

“Mening quvonchlarim, qayg‘ularim va tajribalarim bor — lekin afsuslarim ko‘p emas”.