O‘zbekistondagi eng og‘ir ahvoldagi 1000 ta mahalla tanlanib, ro‘yxati shakllantiriladi hamda ularning infratuzilmasini yaxshilash dasturi 1-noyabrgacha tasdiqlanadi. Bu “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha prezident qarorida nazarda tutilgan, deya xabar berdi Adliya vazirligi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:

  • “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi;
  • 2024−2025-yillarda aholini kambag‘allikdan chiqarishning yo‘nalishlar va hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari.

Shuningdek, 2024-yil 1-dekabrgacha tadbirkorlik faoliyati hamda aholining barcha qatlamlariga yashash va dam olishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 2024−2025-yillarda tuman va shaharlarni jadal kompleks rivojlantirish, shu jumladan, ularda kamida bittadan mahallada “yashil mahalla” loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi dasturlar tasdiqlanadi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Biznesga birinchi qadam” dasturlari hamda mikromoliya tashkilotlari orqali joriy yil yakunigacha 4 trln so‘m, 2025-yilda 15 trln so‘m kreditlar ajratilishi ta’minlanadi.

23-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida prezident farmoni ham imzolandi. Unga ko‘ra, 1-dekabrdan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan:

  • kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi;
  • kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi.

Hujjat bilan 2024-yilning qolgan davrida 500 ming, 2025-yilda 1 mln nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.