O‘zbekiston 2027−2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raisilik qilish rejasini e’lon qildi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.

“Qo‘shilmaslik harakatining vazirlar yig‘ilishida ishtirok etdik. Ugandani 2024−2026-yillarga yangi tayinlangan rais sifatida to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va Ozarbayjonning avvalgi muvaffaqiyatli raisligi uchun minnatdorlik bildiramiz”, — deyiladi vazir postida.

Saidov O‘zbekistonning 20-sammitga mezbonlik qilishi va 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan harakatga rahbarlik qilishi rejalarini e’lon qilinganini ma’lum qilgan.

“Bunda energiya xavfsizligi, barqaror rivojlanish va global savdo tizimlarini mustahkamlash kabi asosiy ustuvorliklarga e’tibor qaratamiz. Tinchlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va ta’lim orqali kelajak avlodni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Birgalikda zamonamiz chaqiriqlarini hal qilishimiz va Global janubning ovozini kuchaytirishimiz zarur”, — deya qayd etdi vazir.

Qo‘shilmaslik harakati (Non-Aligned Movement, NAM) — xalqaro tashkilot bo‘lib, u Sovuq urush davrida tashkil etilgan va asosan harbiy yoki siyosiy bloklarga qo‘shilmaslikni maqsad qilgan mamlakatlardan iborat. Bu harakat 1961-yilda Belgradda tashkil topgan va uning asosiy tamoyillari mustamlakachilikka qarshi kurashish, tinchlikni saqlash va davlatlarning suverenitetini hurmat qilish kabi qoidalarga asoslangan. Qo‘shilmaslik harakatiga kirgan davlatlar o‘zaro harbiy ittifoqlarga qo‘shilmaslikni maqsad qilib, xolisona siyosat yuritishga intilishgan.

Harakatga dunyo bo‘ylab 120 dan ortiq mamlakat a’zo bo‘lib, asosan Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi davlatlari ushbu tashkilotning a’zolaridir. Harakatning maqsadi xalqaro munosabatlarda adolat, tenglik, o‘zaro hurmat va tinchlikni saqlashdir.

Qo‘shilmaslik harakati har ikki yilda bir marta sammit o‘tkazadi va navbatdagi raislik boshqa bir mamlakatga topshiriladi.