Samarqandda fuqarolarni Isroilga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Ma’lum bo‘lishicha, departament Samarqand shahrida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan 2 shaxsning boshqa bir 3 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Isroilga ishga yuborishni va’da qilganini aniqlagan.

2 shaxs buning evaziga jami 52 700 AQSh dollarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan. Ular o‘z aybiga iqror bo‘lib, fuqarolardan olgan pullari hisobidan 7 000 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, Samarqand shahridagi “E.L.” nodavlat ta’lim muassasasi ish yurituvchisi ham 2 fuqaroni ushbu o‘quv markazida o‘qitib, keyinchalik Isroilga ishga yuborishi evaziga jami 6 700 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, fuqarolarni xorijga ishga jo‘natish O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, litsenziyali faoliyat hisoblanadi.