Turkiyaning Onur Group kompaniyasi O‘zbekistondagi yo‘llarni rekonstruksiya qilishda ishtirok etish niyatida, deya xabar qilmoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

20-sentabr kuni kompaniyaning Moldova va Ruminiya davlatlaridagi loyihalar bo‘yicha direktori Bulent Tatar vazirlik rahbariyati bilan uchrashdi.

Tomonlar davlat-xususiy sheriklik asosida 4P12 Bektemir- Chirchiq — G‘azalkent- Chorbog‘ avtomobil yo‘lining 6−77 km qismini asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan muzokaralar olib bordi. Uni pulli yo‘lga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Xarita: Yandeks.Xarita: Yandeks.

Loyiha 18-sentabr kuni Onur Group kompaniyasi ekspertlari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlari ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganilgan. Uchrashuv yakunida tomonlar “loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va uni amalga oshirish” bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olish yuzasidan kelishuvga erishgan.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, transport vazirligi ushbu pulli yo‘l uchun hali tender o‘tkazmagan. Vazirlik ushbu kompaniyaning takliflari ko‘rib chiqilganini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari hali ishlab chiqilmaganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, tender o‘tkaziladi va loyiha pudratchisi aniqlanadi, deya bildirdi vazirlik.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 1981-yilda tashkil etilgan Onur Group qurilish va injiniring sohasida ish olib boradi, xususan, ko‘priklar, tunnellar, to‘g‘onlar, aeroportlar, tramvay va temiryo‘llar, shuningdek, shaharlar qurilishi loyihalarini amalga oshirish tajribasiga ega. Kompaniya Turkiya, Ukraina, Xorvatiya, Tunis, Moldova, Saudiya Arabistoni, O‘mon, Qatar, Ekvatorial Gvineya va Turkmaniston kabi 13 mamlakatda qurilish loyihalarini amalga oshiradi.