BMT Bosh assambleyasi a’zolari Kelajak uchun paktni bir ovozdan ma’qulladi, bu deklaratsiya kelajak avlodlar uchun xavfsizroq, tinchroq, barqaror va inklyuziv dunyo uchun harakatlarni nazarda tutadi, deyiladi BMT saytidagi xabarda.

Hujjat dunyo yetakchilari, fuqarolik jamiyati vakillari va ekspertlar ishtirok etgan Kelajak sammiti doirasida qabul qilindi. Shartnoma, shuningdek, internetga ishonchni oshirishga qaratilgan Global raqamli kelishuv va hukumatlar tengsizlikni tugatish majburiyatini olgan Kelajak avlodlar haqidagi deklaratsiyani o‘z ichiga oladi.

Kelajak uchun pakt nima haqida?

Pakt beshta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: barqaror rivojlanish; xalqaro tinchlik va xavfsizlik; fan va texnologiya; yoshlar va kelajak avlodlar; va global boshqaruvni o‘zgartirish.

“Biz chuqur global o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqdamiz. Biz tobora ortib borayotgan halokatli va ekzistensial xatarlarga duch kelyapmiz, ularning aksariyati biz qabul qilayotgan qarorlar bilan bog‘liq… Agar yo‘nalishni o‘zgartirmasak, biz kelajakda doimiy inqiroz va pasayish xavfiga duch kelamiz”, — deyiladi hujjatda.

“Biroq bu umid va imkoniyat lahzasi hamdir. Global o‘zgarishlar — bu umuminsoniyatga asoslangan yangilanish va taraqqiyot uchun imkoniyat. Bilim, ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalardagi yutuqlar orqali yaxshiroq va barqaror kelajakka yorib kirishimiz mumkin. Tanlov bizniki”, — deyiladi paktda.

BMTga a’zo davlatlar paktni ma’qullab, jumladan, quyidagilarni bajarish majburiyatini oldi:

  • Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuviga erishishni tezlashtirish;
  • Yoshlarni tinglash va ularni milliy va global darajada qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb qilish;
  • Fuqarolik jamiyati, xususiy sektor, mahalliy va hududiy hokimiyat organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • Tinch, inklyuziv va adolatli jamiyatlarni yaratish va qo‘llab-quvvatlash va nizolarning asosiy sabablarini bartaraf etish uchun sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirish;
  • Qurolli mojarolarda barcha tinch aholini himoya qilish;
  • Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini tezlashtirish.

Umuman olganda, pakt mamlakatlar amalga oshirishga va’da bergan 56 ta umumiy harakatni belgilaydi. Hujjatni kelishish uchun muzokaralar to‘qqiz oyga yaqin davom etdi, deya qayd etadi Reuters.

Oxirgi lahzada Rossiya hujjatga “BMT va uning tizimi mohiyatan hech bir davlatning ichki vakolatiga kiruvchi masalalarga aralashmasligi kerak” degan tuzatish kiritishni taklif qildi. Bosh assambleya tuzatish bo‘yicha ovoz berish o‘tkazishdan bosh tortdi, bu qarorni 143 mamlakat qo‘llab-quvvatladi, 7 delegatsiya unga qarshi chiqdi, 15 tasi esa betaraf qoldi.